Ukraina: Ozarbayjon samolyoti halokatida Rossiyaning «qo‘li bor»
Ozarbayjonning Embraer 190 samolyoti Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan o‘qqa tutilgani ortidan halokatga uchradi. Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu taxmin Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko tomonidan ilgari surildi.
«Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan Embraer 190 uchog‘i Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan. Rossiya Grozniy havo makonini yopishi kerak edi, ammo bunday qilmadi. Ruslar tomonidan shikast yetkazilgan samolyotni Grozniyga favqulodda qo‘ndirish va odamlar hayotini saqlab qolish o‘rniga u Qozog‘istonga yo‘naltirilgan», – degan Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi vakili.
Avval xabar berganimizdek, Azerbaijan Airlines kompaniyasiga qarashli samolyot 25 dekabr tongida Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda 62 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ulardan 38 nafari halok bo‘lgani aytilmoqda.
Halokat ortidan Grozniyda tuman qalinligi bois Maxachqal’aga yo‘naltirilgan samolyot qushlar galasiga to‘qnashgani haqida xabar berilgan. Ammo rossiyalik harbiy blogerlar ham Ukraina tomoni ilgari surgan versiyaga yaqin taxminni yozmoqda.
Gap shundaki, qulab tushgan samolyotning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarida uchoq korpusida havo hujumidan mudofaa tizimidan o‘qqa tutilganiga ishora etuvchi teshiklarni ko‘rish mumkin.
DW yozishicha, samolyot halokati arafasida Ukraina tomoni Checheniston poytaxti Grozniy shahriga dronlar orqali hujum uyushtirgan. Shunga ko‘ra, rossiyalik harbiy blogerlar Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti Ukraina uchirgan dron deb qabul qilingan va Rossiya zenit-raketa majmuasi orqali o‘qqa tutilgan, degan nuqtai nazarni ilgari surmoqda.
BBC nashriga ko‘ra, halokatda omon qolgan yo‘lovchilardan Subhonqul Rahimov samolyot Grozniyga uch marta qo‘nishga uringani, uchinchi urinishda tashqaridan portlash ovozini eshitgani haqida so‘zlab bergan.
Qozog‘iston matbuoti uchoq salonida kislorod balloni portlaganiga ham e’tibor qaratgan.
Rossiya favqulodda vaziyatlar xizmatlariga ko‘ra, halokatga samolyotning asosiy tizimlari ishdan chiqqani sabab bo‘lishi mumkin.
Embraer ERJ-190-100LR rusumli samolyotlar yangi avlod uchoqlari bo‘lib, ularning xavfsizlik tizimi yuqori darajada deb baholanadi. Bu turdagi uchoqlar bilan bog‘liq ikki yirik aviahalokat ro‘y bergan, ammo ularning har ikkisi texnik nosozlik emas, balki ekipaj a’zolarining xatti-harakati sabab sodir bo‘lgan.
Azerbaijan Airlines halokatga uchragan samolyot 2013 yildan buyon foydalanilayotgani, so‘nggi to‘liq texnik ko‘rik joriy yil oktyabr oyida o‘tkazilganini ma’lum qilgan.
«Izvestiya» nashri Rossiyada xizmat ko‘rsatgan uchuvchi Yuriy Sitnikka tayanib, yonilg‘i tugab qolganini halokatning ehtimoliy sababi sifatida ko‘rsatgan.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 25 dekabr kuni aviahalokat yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda fojia sababi haqida gapirishga erta ekanini ta’kidlagan.
«OAV va ijtimoiy tarmoqlarda aviahalokat aks etgan holatlar tarqalmoqda. Buni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Ammo halokatning aniq sababi bizga ma’lum emas. Turli taxminlar bor. Bu haqda gapirishga hali erta deb hisoblayman. Holat to‘liq taftish qilinishi kerak», – degan I.Aliyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter