Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muammolar girdobida qolayotgan issiqxonalar: ular bankrot bo‘lish yoqasida...mi?

Muammolar girdobida qolayotgan issiqxonalar: ular bankrot bo‘lish yoqasida...mi?

2018-yilda Buxoroda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, uning salohiyatini oshirish, aholini qishin-yozin yangi va toza poliz mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida issiqxonalar tashkil etish chora-tadbirlari belgilangan edi. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil  10-iyuldagi «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3843-qarori asos bo‘lgan.

Qaror maqsadi tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni ta’minlaydigan zamonaviy issiqxona, bog‘dorchilik va uzumchilik xo‘jaliklarini tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, shuningdek, Buxoro viloyatining ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan.

Ushbuga ko‘ra, «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasiga kiruvchi hududlar ro‘yxati shakllantirilib, jami 3000 gektar yer maydoni issiqxonalar barpo etishga mo‘ljallangan. Buxoro tumani «Galaosiyo» va «Asad Shokirov» massivlaridan 500 gektar yer maydoni, Jondor tumani «Mustaqillik» massividan 100 gektar, Kogon tumani «Ziyoqobil» massividan 900 gektar,  Peshku tumani «Turkiston» massividan 400 gektar, jami 1900 gektar yer maydoni ajratilgan. Birgina Romitan tumanidan esa isssiqxonalar tashkil qilish uchun jami 1100 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Bu «Bog‘iturkon» massivining 600 gektar,  «Qahramon», «Chandir», «Xossa» va «Toshrabot» massivlarining 500 gektar, jami 1100 gektar yer maydonlariga to‘g‘ri keladi.

Tahririyatga 80 nafardan ortiq buxorolik tadbirkorlar – issiqxona egalari so‘nggi yillarda issiqxonachilik sohasida bir qator muammo va to‘siqlarga uchrab kelishayotgani, narx-navolarning keskin oshayotgani sabab bankdan olingan kredit mablag‘larini to‘lash qiyinchiliklar tug‘dirayotgani, ko‘plab issiqxonalarning bank balansiga o‘tib ketishi oqibatida ularning abgor ahvolga kelib qolgani xususida murojaat bilan chiqishdi. Shuningdek, ichki bozorlarda qo‘shni davlatlardan import shaklida kirib kelayotgan pomidorlar nazoratini kuchaytirish, ayrim importyorlar tomonidan bojxona qoidalarini buzgan holda, yetmaganiga bozorlarga karantin ruxsatisiz mahsulotlar sotilayotgani xususida bildirishdi.

Raqobat teng sharoitlarda bo‘lishi kerak

Respublika meva-sabzavotchilar milliy Assotsiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, respublika bo‘yicha 6,5 ming gektarga yaqin maydonda issiqxonalar mavjud. Shundan 4,5 gektarga yaqin issiqxona ishlayapti, xolos.

Hozirgi kunda juda katta miqdordagi issiqxonalarimiz abgor ahvolga kelib qolgan. 10-12 minglab ishsizlar soni oshmoqda. Barcha turdagi tannarxlarning oshishi oqibatida respublikamiz bo‘ylab issiqxonalar banklar oldidagi qarzlarini to‘lolmaydigan darajaga yetib keldi. 2018-yildan hozirgi kunga qadar olingan kreditlar valyutada bo‘lgani sababli narxlar 62 foizga ko‘tarildi. Yaqin qo‘shni davlatlardan bojxonalar orqali kirib kelayotgan mahsulotlarni arzon narxdagi mahsulot, aynan pomidor mahsulotining  sifatlilik darajasi yuqori, deb bo‘lmaydi. Joriy yilning 12 mart kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligida tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng  Toshkent viloyatida joylashgan FOOD CITY bozorida ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganuvda bu ochiqlandi, – dedi Abdurahim Abduvaliyev.

Respublika Meva-sabzavotchilar Milliy Assotsiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyev

O‘rganuv davomida yirik miqdordagi hujjatsiz pomidorlarning bozorlarga kirib kelayotgani haqidagi savol ochiq qolgan. Tadbirkorlar bunday vaziyatlarda raqobat halol bo‘lishi kerakligini ta’kidlashmoqda.

Biz raqobatdan qo‘rqmaymiz. Biz bilan teng sharoitlarda raqobat bo‘lsa, raqobatga, joiz bo‘lsa, issiqxonalarda qiyin va murakkab sharoitlarda yetkazilayotgan pomidorlarni 2 ming so‘m, balki 200 so‘mdan ham sotishga tayyormiz. Lekin O‘zbekiston sharoitida xarajatlar mahsulotlarning bozorlarda qo‘shni davlatlar mahsulotidan qimmatroq narxda chiqarishimizni taqozo etmoqda. Muammolar to‘planib, qo‘shni davlatlar bilan raqobatlashishni nozik holatga keltirib qo‘ymoqda. Chegaralar orqali chetdan kirayotgan sifatsiz mahsulotlarga nazorat kuchaytirilishi kerak, – dedi  Abdurahim Abduvaliyev.  

Suhbatdoshimizning so‘ziga ko‘ra, respublika bo‘yicha 1147 ta issiqxonaning katta qismi yopilib ketish xavfini yuzaga keltirmoqda. Mazkur xavf muammolar zanjiri sifatida ichki bozorlarda ayrim mahsulotlar taqchilligiga hamda narxining oshib ketishiga olib keladi.

Respublika meva-sabzavotchilar milliy Assotsiatsiyasi rahbari issiqxonalarning to‘liq salohiyatini ochish va uning mamlakat iqtisodiyotiga hissasini oshirish uchun bir qator muammolarni bartaraf etish lozimligini bildirdi.

Jumladan, kredit siyosatini optimallashtirish zarur. Shuningdek, moliyalashtirish shartlarini ham qayta ko‘rib chiqish va imtiyozli davrni uzaytirish muhim. Barqaror energiya ta’minoti esa asosiy rivojlanish sari yo‘ldir. Vaholanki, 2023 yilda elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli 140 milliard so‘mdan ortiq mahsulot yo‘qotildi. Malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish, sotish infratuzilmasini rivojlantirish, logistika, eksportni soddalashtirish va transport xarajatlarini subsidiyalash o‘zbek mahsulotlarini jahon bozorida raqobatbardosh qiladi. Aytishim joizki, O‘zbekiston issiqxona xo‘jaliklarining asosiy raqobatchilari – Turkiya, Turkmaniston, Eron, Qozog‘iston va Ozarbayjon. Bu davlatlar o‘z ishlab chiqaruvchilariga katta subsidiyalar va imtiyozlar taqdim etadi, bu esa mahsulot tannarxini pasaytirishga va xalqaro bozorlarda raqobatbardosh bo‘lishiga yordam beradi. Shuningdek, Qozog‘istonda issiqxona qurish, rekonstruksiya qilish, ko‘chat yetishtirish, o‘g‘it olish kabi xarajatlari kompensatsiya qilinadi, bu esa ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini pasaytiradi. Eronda ishlab chiqaruvchilar imtiyozli soliq va arzon energetika resurslari bilan ta’minlanadi. Natijada, bu davlatlarda issiqxona mahsulotlarining chakana narxi o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga qaraganda ancha past. Turkiyada 1 kg pomidorning o‘rtacha tannarxi 0,30-0,35 AQSh dollarni tashkil etsa, O‘zbekistonda 0,80-1,00 AQSh dollar. Turkmaniston va Eronda issiqxona xo‘jaliklari uchun gaz narxi O‘zbekistonga qaraganda, bir necha barobar past, bu esa issiqxonalarning isitish xarajatlarini kamaytiradi. Xalqaro tajriba va rivojlanish istiqbollariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda issiqxonalarga subsidiyalar va ilmiy texnologiyalarni rivojlantirish orqali yordam beriladi, – dedi  Abdurahim Abduvaliyev.

Bojxona chegara postlarida nima gap? Karantin nazorati qay ahvolda?

Ma’lumki, issiqxonalar mamlakatni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, ish o‘rinlari yaratish va eksportni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Biroq, tadbirkorlarga tegishli minglab gektar maydonlarni egallab yotgan issiqxonalarni kuzatar ekanmiz, yaxshi maqsadlar bilan boshlangan ulkan amallarning bo‘y ko‘rsatish o‘rnida og‘riqli muammolar girdobida qolayotgani kishini o‘ylantiradi. Bir necha yil ilgari issiqxona «maqomi»da tiklangan va bugun gektar-gektar yer maydonlarini egallab yotib, faqat temir asosi bilangina qolib, «bankrot» bo‘lgan va bankrotlik yoqasida qarovsiz qolayotgan issiqxonalarni ko‘rib, achinasiz. Ayniqsa, yetishtirilayotgan mahsulotlarning hali to‘la hosilga yetmay turib, «jigarrang bujmayish» hamda bakterial infeksiya bilan zararlanayotgani achinarli. Tadbirkorlar bu holatga bojxona chegara postlar orqali kirib kelayotgan urug‘ va boshqa mahsulotlarni tekshiruvdan o‘tkazishda O‘simliklar karantini himoyasining qat’iy nazorati yo‘qligi hamda ayrim importyor tadbirkorlarning bojxona qoidalarini buzgan holda bozorlarga noqonuniy kirib kelayotganini sabab qilib ko‘rsatishdi.
  

Nazoratsizlik orqali kirib kelayotgan import mahsulotlar issiqxonalarning bakteriyalar bosishiga olib kelmoqda. Og‘riqlisi, bu ularning yopilib ketish xavfini yuzaga keltirishi, shubhasiz! Qo‘shni davlatlardan kirib kelayotgan import mahsulotlarni bojxona nazoratidan qat’iy tekshiruvlarda o‘tkazish, fitosanitariya tekshiruvini tashkil qilish, bozorlarda sotilayotgan import mahsulotlarga nisbatan kuchli nazorat o‘rnatilishi zarur, – deydi tadbirkorlardan biri.  

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Axadovning aytishicha, «Turkmaniston-Farob» chegara Bojxona boshqarmasi posti bilan chegaradosh Olot posti mavjud bo‘lib, bu postga faqatgina Turkmanistonda yetishtirilgan pomidorlar import va tranzit tarzida olib kelinadi, ya’ni Buxoroga faqat Turkmaniston Respublikasi pomidorlari kiradi.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Axadov

Tadbirkor o‘z murojaatlarida bozorlarga Turkmanistondan tashqari, boshqa qo‘shni davlatlar pomidorlari ham kirib kelayotgani haqida bildirishgan. Masalan, Xitoy pomidorlari Olot chegara postidan kirib kelmaydi. Respublikamiz  bo‘ylab kirib kelgan xorij pomidorlari faqatgina Olot bojxona postidan emas, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon viloyati, Xorazm, Turkmaniston bilan chegaradosh Surxondaryodan ham kirib keladi, – dedi  Alisher Axadov.

Jurnalistik surishtiruv davomida masalaga oydinlik kiritish maqsadida Buxoro viloyati Bojxona boshqarmasi hamda Buxoro viloyat O‘simliklar karantini himoyasi boshqarmasiga yuzlandik. Muaommoli vaziyatni chuqur tahlil qilish maqsadida viloyat Bojxona boshqarmasida tegishli idora, tashkilot mas’ullari, jurnalist, blogerlar hamda tadbirkorlar to‘planishdi. Bahs-munozarali kechgan suhbat jarayonida viloyat O‘simliklar karantini himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Otabek Muxtorov, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qo‘shni davlatlardan pomidor mahsulotining kirib kelishi 2024 yildan boshlanganini, hech bir urug‘ yoki mahsulot nazoratsiz o‘tkazilmasligini bildirdi.

Xorij davlatlardan import orqali kirib kelayotgan karantin ostidagi mahsulotlardan belgilangan tartibda namuna olinib, markaziy karantin laboratoriyasiga ekspertizadan o‘tkazish uchun yuboriladi. Xuddi shu ekspertiza bayonnomasiga asosan boshqarma tomonidan mahsulot realizatsiyasiga ruxsat beriladi, – dedi Otabek Muxtorov o‘z so‘zida.

Ma’lumki, karantin xizmatining asosiy vazifasi chet mamlakatlardan import bo‘lib kelayotgan karantin ostidagi mahsulotlarning zararkunanda yoki kasalligi mavjud-mavjud emasligini aniqlaydi.

Agarda zararlanadigan mahsulot kelsa, eksportyor davlatga qaytarib yuborish yoki qaytarib yuborish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda yoqib, kuydirish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. Bu yerda adashish bo‘lishi mumkin emas. Biroq, agar mahsulot Bojxona xizmati tomonidan karantinga yo‘naltirilmagan bo‘lsa, biz uni bilmaymiz. Agar shunaqa holat kuzatilgan bo‘lsa, u demak, bojxona qoidalarini buzgan holda olib kirilgan hisoblanadi, – dedi viloyat O‘simliklar karantini himoyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feyzul Azizov.

Jurnalistik surishtiruv: ikki importyorning qing‘ir ishi fosh etildi

Biroq, jurnalistik surishtiruv davomida uyushtirilgan suhbatda tadbirkorlar tizimda nazoratsizlik mavjudligini misollar va izohlar asosida ochiqlab berishdi. Viloyat Bojxona boshqarmasi tomonidan o‘sha vaqtning o‘zidayoq, tezkor guruh tuzildi. Tegishli manzilga borib o‘tkazilgan reydda holat ochiqlandi. Haqiqatan ham buxorlik yirik importyorlar tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani fosh etildi. Ularning Bojxona qoidalarini buzgani aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, Bojxona kodeksining 193-moddasiga ko‘ra, alohida sharoit talab qiladigan va tez buziluvchan tovarlarni bojxona omborida saqlash imkoniyati bo‘lmasa, tadbirkor arizasiga asosan, mahsulotni o‘z omboriga vaqtincha saqlashga ruxsat beriladi. Bunda tadbirkor mahsulotni karantin ruxsatnomasini olmay turib, erkin muomalaga chiqarsa, unga nisbatan Bojxona qonun buzilish holatlari rasmiylashtiriladi.

Jurnalist va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotdan so‘ng, tezkor guruh shakllantirilib, berilgan manbaa bo‘yicha reyd tashkil qilindi, holat joyiga chiqib tekshirildi. Haqiqatan ham ayrim importyorlarning vaqtincha saqlov omborida turishi kerak pomidorlarni o‘zboshimchalik bilan qonuniy hujjatlarsiz sotib yuborgani aniqlandi. Ularga nisbatan Bojxona qonun buzilish holati rasmiylashtirildi va xatti-harakatlari bilan jinoiy javobgarlikka tortilishadi, – dedi viloyat Bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Axadov.  

Bundan tashqari, tadbirkorlar issiqxona sohasida yuzaga kelayotgan muammolar bilan bir qatorda issiqxonalar kadastri hujjatlarida ham muammolar mavjudligini bildirishdi. Ularning so‘ziga ko‘ra, Uzcad tizimida respublika bo‘ylab issiqxonalar yer maydonlari qishloq xo‘jaligi kategoriyasiga emas, sanoat yerlari kategoriyasiga o‘tkazilgani ham bir qator muammolarga sabab bo‘lmoqda.

–  Natijada issiqxonalar uchun qishloq xo‘jalik yerlariga berilgan imtiyozlar o‘rniga bir necha barobar yuqori soliq to‘lovlari chiqyapti. Xususan, 53- va 58-kodlardagi muammolar. Imtiyoz qo‘llanishilishi o‘rnida yuzlab million qo‘shimcha soliq to‘lovlari yuzaga kelmoqda. Ekin yerini ishlatib, sanoat uchun mo‘ljallangan yer soliqlarini to‘lash mantiqan noto‘g‘ri. Bu o‘z o‘rnida yana o‘sha mahsulot tannarxini oshirib yuboradi, – deyishdi tadbirkorlar.

Tahririyatga murojaat qilgan 80 nafardan ortiq tadbirkorni qiynab kelayotgan muammolar va ularning takliflari tegishli idora, tashkilotlar tomonidan o‘rganilib, holatga qonuniy va huquqiy baho beriladi, deb umid qilamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring