Buxoroda «Nasriddin Afandi» festivali o‘tkazildi

Buxoroda 1 aprel – kulgi va mutoyiba kuni munosabati bilan «Nasriddin afandi» festivali o‘tkazildi.
Mazkur quvnoq festival xalq og‘zaki ijodi qahramonlari sanalgan Nasriddin Afandi, Mulla Mushfiqiy, Yortiquloq kabi donishmandlarning zukkolik, hozirjavoblik fazilatlarini targ‘ib qilish, sayyohlarga Buxoroning turizm yo‘nalishidagi imkoniyatlarini namoyish etish orqali xalqlar o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Afandi festivali karvoni yurishi (marshi)da qatnashgan minglab aholi va ishtirokchilar «Ark» qo‘rg‘onidan «Labi Hovuz» majmuasiga bezatilgan manzilni bosib o‘tishdi.
Festival tomoshalarining asosiy qismi Nodir Devonbegi madrasasi old maydoni hamda Xo‘ja Nasriddin haykali o‘rnatilgan bog‘ o‘rtasida o‘tkazildi. Festival Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorovlarning tabrik so‘zi bilan ochildi. Bunda so‘z san’ati ustalari, askiyachilar va yosh havaskorlar ijrosidagi ichakuzdi hangomalar, qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan tomoshalar xalqimizning betakror kulgu san’ati imkoniyatlari namoyishiga aylandi.
«Nasriddin Afandi yoki Xo‘ja Nasriddin XIII asrdan beri O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq, Xitoy, Kavkazorti va Bolqonda tarqalgan latifalar, rivoyatlar va ertaklardagi hajviy xarakterdir. Nasriddin Afandi haqiqatan ham mavjud bo‘lgan yoki yo‘qligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, ammo tarixchilar va yilnomachilar uning kelib chiqishining bir nechta manbalarini keltiradilar. Ulardan biriga ko‘ra, Afandining vatani Buxoro, boshqasiga ko‘ra, u umuman Xitoyda tug‘ilgan. Ammo bularning barchasi ko‘pgina mamlakatlarda uning sharafiga yodgorlik o‘rnatilishiga xalaqit bermaydi. Shunga qaramasdan, Buxoro shahrining markaziy maydonidagi Labi-Hovuz ansamblida 1979 yilda o‘rnatilgan Xo‘ja Nasriddinning bronza haykali tengsiz va mashhur. Birgina haykalning o‘zi har kuni, har daqiqada Buxoroning qadim atmosferasiga quvonch va kulgu bag‘ishlab turadi», - dedi viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Tilavov.
Afandi obrazini 2007 yildan buyon qoyilmaqom bajarib kelayotgan teatr san’ati aktyori Bahriddin Roziqov ijrosidagi ko‘ngilochar dasturlar, mahalliy aholi hamda xorijlik sayyohlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Qiziqchiyu askiyachilarga holining ham ularga qo‘shilishib, askiyalar qilishgani xalqning hajvu mutoyibaga, kulgiga o‘ch ekanini yana bir karra isbotladi.
«Xo‘ja Nasriddin — O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq milliy folklorining milliy qahramoni. U haqdagi mashhur hazil va hikoyalarda asrlarki, saqlanib kelingan xayoliy hayot bilan ajralib turadi. U o‘zining sodiq sherigi bo‘lgan eshak bilan shaharlarni kezadi. Odamlarga zavqu-shavq uyg‘otadi. Afandining obrazini yaratib kelayotganim men uchun faxr. Hech kim meni ismim bilan chaqirmaydi. «Afandi», «afandim» deyishadi. Bugun ham ushbu festivalning asosiy sababchisi – Afandi, ya’ni kamina. Ko‘pchilikka ma’lumki, men Hojiboy Tojiboyevning Buxorodagi shogirdiman. Ammo Hojiboy Afandining, ya’ni kaminaning shogirdim (hazilomuz). Xalqimizning to‘y-tomoshalarida, bayramlarida xizmat qilib, ustozlar ruhini shod etayotgan bo‘lsak, shunga shukrona keltiramiz», - deydi Bahriddin Roziqov.
Festival davomida afandi to‘g‘risidagi milliy va hajviy filmlar namoyishi, taniqli hajvchi shoir-yozuvchilarning hajviy kitoblar taqdimoti, davra suhbatlari va konsert dasturlari qizg‘in kechdi.
- Xo‘ja Nasriddin haqida juda ko‘p eshitganman. Maydonda o‘rnatilgan quvnoq va haqgo‘y chehrali Xo‘ja Nasriddinning haykalini ko‘rib, u haqdagi ajoyib latifalar esimga tushdi. Qiziqchilarning chiqishini gitlar tarjima qilib berganida miriqib kuldim. Xalqingizning og‘zaki ijodi boyligiga qoyil qoldim. Buxoroning kulgilari boshqacha ekan, - dedi abu-dabilik sayyoh Mahmud Ali Zaid.
Fransiyalik sayyohning bildirishicha, Nasriddin Afandini Germaniyada ham yaxshi tanishadi.
- Bir necha yillar oldin «Afandi latifalari» kitobi Germaniyada ham bosilganidan xabarim bor. Bundan tashqari, bugungi festivalda Nasriddin Afandi to‘g‘risidagi milliy hajviy filmlar namoyishiyu, so‘z ustalarining hajviy chiqishlari millatingizning madaniy merosi bilan yaqindan tanishishimizga turtki bo‘lyapti, - dedi u.
«Nasriddin afandi» festivali «Sharq taomlari» festivaliga ulandi. Bunda milliy hamda buxorocha mahalliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Festival so‘nggida mohir qiziqchilar, rassomu oshpazlarga, so‘z san’ati ustalariga esdalik sovg‘alari topshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter