Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy Putinning yashirin rejasini ochiqladi

Zelenskiy Putinning yashirin rejasini ochiqladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘t ochishni to‘xtatishga doir diplomatik muzokaralarni cho‘zish orqali Ukrainaning yanada ko‘proq hududini bosib olmoqchi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Parijda Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga qaraganda, Rossiya armiyasi Sumsk, Xarkov va Zaporoje viloyatlariga hujum uyushtirishni rejalashtirgan.

Ma’lumki, ayni paytda AQSh va Rossiya rasmiylari ishtirokida urushni to‘xtatishga doir muzokaralar kechmoqda. Ammo Ukraina rahbari Kremlning urushni to‘xtatishga doir bayonotlarini shubha ostiga olgan. Unga ko‘ra, Moskva Vashingtonni oxiri yo‘q muhokamalar bilan chalg‘itib, pirovardida Ukrainning yangi hududlarini bosib olishni ko‘zlamoqda.

«Putin hududlar bo‘yicha muzokaralarni kuch pozitsiyasidan turib olib bormoqchi. U faqat urush haqida o‘ylamoqda», – degan Zelenskiy.

Rossiya tomoni AQSh bilan muzokaralarda o‘t ochishni qisman to‘xtatish kelishuvi doirasida G‘arb sanksiyalarining bir qismini bekor qilishni talab qilgan edi.

Zelenskiy fikricha, ayni paytda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi halokatli oqibatlarga olib keladi. Chunki sanksiyalar Rossiyani muzokaralarga majburlovchi vositadir.

Ukraina rahbari mamlakat harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaning muzlatilgan mablag‘larini yo‘naltirish masalasini ham ko‘targan.

Moskva va Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishganidan keyin Ukraina hududida tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish rejasi ko‘rib chiqilmoqda. Zelenskiy Parijdagi uchrashuvda Yevropa yetakchilaridan bu borada ham aniq qadamlar qo‘yishni so‘ragan. 

«Ukrainada – quruqlikda, havoda va dengizda mudofaaga qaysi mamlakatlar jalb etiladi? Ushbu kuchlar aynan qayerda joylashtiriladi? Ularning soni qancha bo‘ladi? Koalitsiya o‘z kuchlarni Ukrainaga qachon joylashtiradi? Nihoyat, qachon sulh tuziladi yoki urush yakunlanib, o‘zaro kelishuvga erishiladi?» – deya muhim savollarni qo‘ygan Ukraina prezidenti. 

Parijda Fransiya prezidenti Emmanyuel Makronning taklifiga ko‘ra tashkil etilgan sammitda 31 davlat yetakchisi, shuningdek, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen qatnashdi. Uchrashuvda Kiyev va Moskva otashkesimga erishganidan keyin Ukrainaga xavfsizlik borasida kafolat berish masalasi muhokama etildi.

Sammit yakunida mezbon sifatida bayonot bergan prezident Makron Yevropa yetakchilari Ukraina hamda uning armiyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga kelishganini ma’lum qildi.

Fransiya rahbari agar AQSh Yevropaning Ukrainaga doir tashabbuslarini dastaklamasa, Yevropa AQSh ishtirokisiz ham o‘z tashabbuslarini amalga tatbiq etishiga ishora qilgan.  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring