Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonunchilikda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

Qonunchilikda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

Quyida 2025-yil 1-apreldan milliy qonunchilikda kuchga kiradigan asosiy o‘zgartirishlar sharhi taqdim etiladi.

Soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlikka tortish tartibi o‘zgarmoqda

Soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalarda yoki mahallalardagi tadbirkorlik sub’yektlarida soliqqa oid huquqbuzarliklar (ro‘yxat bo‘yicha) aniqlanganda:

  • birinchi marta ogohlantirish beriladi;
  • ogohlantirishdan so‘ng uch kun muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagani yoki takroran aniqlangani sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishga asos bo‘ladi;
  • sayyor soliq tekshiruvi faqat qarorga 4-ilovada keltirilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha amalga oshiriladi, shuningdek uni tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshirishga ruxsat etiladi;
  • sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma sayyor soliq tekshiruvi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadi. 

QQSni qaytarishni yangi tartibi joriy etilmoqda

2028-yil 1-yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan Davlat budjetiga to‘langan QQSning 50 foizini har oyning 25 sanasiga qadar qaytarish tartibi joriy etiladi. Bunda ushbu tartib ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti hamda tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil qiladigan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan tatbiq etiladi.

Dori vositalarining narxini shakllantirish tartibi o‘zgarmoqda

Cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan amaldagi referent narxni shakllantirish tizimi saqlab qolinadi.

Ayrim sub’yektlar uchun ijtimoiy soliq va daromad solig‘i miqdori pasaytirilmoqda

2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda quyidagilar 1 foiz miqdorida belgilanadi:

  • yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha kooperativlar uchun – ijtimoiy soliq stavkasi;
  • ko‘rsatilgan kooperativlarga ishga qabul qilinganlar uchun – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi.

Farmatsevtika va tibbiy xizmatlar QQSga tushadi 

Farmatsevtika mahsulotlarini realizatsiya qilish yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar daromadlaridan qat’i nazar QQS to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.

Ayrim toifadagi bolalarga transport xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha eksperiment boshlanadi

Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligiga 2025-yil 1-apreldan Toshkent, Andijon va Samarqandda, 2025-yil oxirigacha esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha loyihani pilot sifatida joriy etish topshirildi.

Loyiha doirasida ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlarda tahsil olayotgan ko‘rish organlari va tayanch-harakat apparati kasalliklari bo‘lgan bolalarga transport xizmatlari ko‘rsatiladi. 

«Yashil tariflar» joriy etiladi

Chiqindilarni utilizatsiya qilish, shuningdek, shamol va quyosh manbalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun «yashil tariflar»ni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunda:

  • tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan chiqindilar va biogazni utilizatsiya qilish orqali ishlab chiqariladigan, shuningdek, tashkilotlar tomonidan o‘z hududlarida o‘rnatilgan shamol va quyosh elektr qurilmalari orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun;
  • aholi tomonidan quyosh manbalaridan olingan, iste’moldan ortiqcha qismi davlatga sotiladigan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar belgilanadi.   

Nodavlat sektor yetim bolalarni parvarish qilishga jalb qilinadi

Nodavlat sektor ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni uzoq muddatli yoki qisqa muddatli asosda parvarish qilish va tarbiyalash xizmatlarini ko‘rsatish jarayoniga jalb etiladi.

Mahallalarda oilaviy turdagi ixcham bolalar uylari tashkil etiladi 

Samarqand va Toshkent shaharlarida tajriba tariqasida autsorsing asosida "Kambag‘al oilalar reyestri"ga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan to‘liq bo‘lmagan oilalar, mehnatga layoqatli a’zolari bo‘lmagan oilalar, ikki va undan ortiq a’zosi nogiron bo‘lgan oilalarning parvarishga muhtoj bo‘lgan a’zolarini kunduzgi qarovga olish xizmatlari ko‘rsatiladi.

Shuningdek mahallalarda oilaviy turdagi ixcham bolalar uylari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, DXSh asosida maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni kunduzgi parvarishlash xizmatlarini – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga, maxsus ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar, shu jumladan nogiron bolalarni kunduzgi parvarishlash xizmatlarini – yuridik shaxslarga ko‘rsatishga ruxsat beriladi. 

«Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi» dasturi doirasida abonent to‘lovini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda 

2025-yil 1-aprelga qadar mehmonlarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturiga («E-mehmon») ulangan xususiy tibbiyot va sog‘lomlashtirish muassasalari dastlabki olti oylik abonent to‘lovini to‘lashdan ozod etilgan edi.

Ayrim hujjatlarning qog‘oz shakllari bekor qilinmoqda

Nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchi guvohnomalari, urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs guvohnomalarining qog‘oz shakllari bekor qilinib, ularning o‘rniga ijtimoiy karta joriy etiladi.

Oilaviy shifokorlarni rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi

 Sog‘liqni saqlash vazirligi:

  • tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) mutaxassislarining nogironlikni belgilashning yangi tartibi bo‘yicha malakasini oshirish choralarini ko‘radi;
  • oilaviy shifokorlarni fuqarolarning tibbiy hujjatlarini TIEKka o‘z vaqtida va sifatli yuborish natijalaridan kelib chiqib rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish tizimini joriy etadi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ishlash tartibi o‘zgaradi

Fuqarolarni TIEKda ko‘rikdan o‘tkazishga yuborish uchun zarur bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi, u har bir kasallikning kechishi va turiga qarab alohida belgilanadi.

TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi muddatini uzaytirish va maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarishga yaroqlilikni aniqlash bo‘yicha funksiyalari tugatiladi. Ular davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkaziladi.

18 yoshdan katta shaxslarga nogironlik belgilanganda nogironlik muddati va sabablari, tibbiy-reabilitatsiya tadbirlari, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiyaning texnik vositalariga ehtiyoji to‘g‘risidagi ma’lumotlar har bir aniq holatdan kelib chiqib «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida shakllantiriladi.

Yagona yetkazib beruvchilarni reyestrga kiritishadi

Yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali qabul qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring