Mirziyoyev va Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 21-fevral kuni telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda yetakchilar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.
Jumladan, Rossiya Prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni yetakchilar tomonidan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ga muvofiq amalga oshirish natijalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda faol davom etayotgan samarali muloqot va almashinuvlar yuksak baholandi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi asosiy ko‘rsatkichlarning o‘sish sur’atini ta’minlash, shuningdek, ikki mamlakat hududlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Gumanitar hamkorlik, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan, ta’lim, shu jumladan muhandis kadrlarni tayyorlash, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida kengayib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter