Qanday qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilanishi ma’lum bo‘ldi

Bir muddat oldin tegishli qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritilib, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilishi belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning jarima ballarini hisobga olish ko‘zda tutilgan normalari, jumladan, quyidagilar:
- 125-moddasi uchinchi qismi — haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi;
- 125-moddasi beshinchi qismi — Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish;
- 126-moddasi — Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish;
- 127-moddasi birinchi qismi — Tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish;
- 128-moddasi — Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi;
- 128-3-moddasi — Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi;
- 128-4-moddasi ikkinchi qismi — Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi;
- 128-5-moddasi — Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi;
- 28-6-moddasi — Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi;
- 28-8-moddasi — Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish;
- 28-9-moddasi — Transport vositalarida quvib o‘tish qoidalarini buzish;
- 129-moddasi — Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi;
- 130-moddasi — Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi;
- 137-moddasi birinchi qismi— Yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi.
Eslatib o‘tamiz, bunda har bir huquqbuzarlik uchun eng yuqori jarima bali 2 balldan oshmasligi lozim. Jarima ballari yuqoridagi huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran yil davomida hisoblab boriladi. Jarima ballari bir yil o‘tgach, avtomatik ravishda yechiladi. Jarima ballarini hisoblash tartibi hukumat tomonidan belgilanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter