Mamlakat Bashar Asad rafiqasini qabul qilishga tayyor emas – Buyuk Britaniya TIV
Buyuk Britaniya Bashar Asadning rafiqasi mamlakatga qaytishni istasa, uni qabul qilishga tayyor emas. Bu haqda Britaniya tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Ayrim turk va arab OAVlari Asma Asad 24 yillik turmushidan keyin ajrashish uchun ariza bergani va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Buyuk Britaniyada – Londonda yangi hayot boshlashni xohlayotganini yozgan edi.
Asma, o‘z navbatida, Suriya va Britaniya fuqaroligiga ega. Biroq, shunga qaramay, Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi Damashq qulaganidan keyin Asma Asad haqida «Buyuk Britaniyada sevilmagan odam» deya ta’riflagan.
«Men so‘nggi kunlarda Britaniya fuqarosi bo‘lgan Asma Asadning mamlakatimizga kirishga harakat qilishi mumkinligi haqida eshityapman. Lekin, ta’kidlab aytmoqchimanki, u sanksiyalar ostida va qirollikda yoqimli odam emas», – degan Devid Lammi.
Bir muddat ikki fuqaroligi bo‘lgan Asmani Britaniya fuqaroligidan mahrum qilish masalasi ham o‘rtaga chiqdi. Biroq Britaniya Bosh vaziri Key Starmer Asad rejimi qulaganidan ko‘p o‘tmay, Asmaning Britaniya fuqaroligidan mahrum etilishi haqida gapirishga hali erta ekanligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, ikki hafta muqaddam muxolifat kuchlari poytaxt Damashqqa kirib, Bashar Asad rejimini qulatgan edi. Shundan so‘ng Asad oilasi Rossiyaga qochib o‘tgandi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, hozirda Bashar Asadga Moskvadan chiqib ketish taqiqlangan. Biroq Asadning rafiqasi ajrashish uchun Moskva sudiga ariza bergan va mamlakatdan chiqib ketish uchun «maxsus ruxsat» so‘ragan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha esa Asadning harakatlariga cheklovlar va uning rafiqasi undan ajralish rejalari haqidagi ma’lumotlar «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter