Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh bu shaxs uchun 10 mln dollar mukofot berish rejasidan voz kechdi

AQSh bu shaxs uchun 10 mln dollar mukofot berish rejasidan voz kechdi

20 dekabr kuni Damashq shahrida AQSh davlat kotibining yordamchisi Barbara Lif boshchiligidagi delegatsiya «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi yetakchisi Ahmad al-Shar’a bilan uchrashdi. Bu so‘nggi 10 yil ichida Vashington diplomatlarining Suriya poytaxtiga ilk tashrifidir.

«Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan buyon Ahmad al-Shar’a Suriyaning amaldagi yetakchisiga aylandi.

BBC xabariga ko‘ra, AQSh davlat kotibining yordamchisi Barbara Lif Damashqdagi muzokaralardan keyin Vashington endilikda «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi rahbari Ahmad al-Shar’ani qo‘lga olishga doir axborot uchun 10 million dollar mukofot berish rejasidan voz kechganini ma’lum qildi.

Damashqdagi muzokarani sermahsul deb atagan Barbara Lif Ahmad al-Shar’a unda pragmatik odam degan taassurot qoldirganini bildirgan.

Muzokaralarda Suriyada siyosiy o‘tish davri  tamoyillari va IShIDga qarshi kurash masalalari muhokama qilingan. Tahlilchilarga ko‘ra, Vashington «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhidan Suriyadagi barcha diniy-etnik jamoalar manfaatlari tamsil etilgan inklyuziv hukumat tuzilishini talab qilmoqda.

Shu tariqa AQSh diplomatlari mazkur guruhni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish va Suriyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha shartlarini ilgari surgan.

«Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi AQSh va Yevropa davlatlarida terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Xususan, Davlat departamenti 2013 yilda Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan tanilgan Ahmad al-Shar’ani o‘ta xavfli terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan.

2017 yilda AQSh ma’muriyati uni qo‘lga olishga ko‘mak beruvchi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilgan. Ayni paytda al-Jo‘loniyning boshi uchun mukofot va’da qilingan rasmiy sahifa ishlamayotganini ko‘rish mumkin.

Ahmad al-Shar’a OAVga bergan intervyularida u terror tashkilotlari bilan aloqalarni allaqachon uzgani va mo‘’tadil qarashlarni qo‘llab-quvvatlashini aytib keladi. So‘nggi intervyusida ham u urush tufayli holdan toygan Suriya na G‘arb, na qo‘shni davlatlarga xavf tug‘dirishi, mamlakat tinchlik, jipslik va farovonlik sari intilayotganini ta’kidlagan.

Suriya isyonchilari yetakchisi xalqaro hamjamiyatni o‘z mamlakatiga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirmoqda.

Ayni paytda Yevropa davlatlari ham Suriyaning yangi ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatib, muzokaralar olib bormoqda. Yevropa Ittifoqi Suriyadagi diplomatik vakolatxonasini ochish rejasini ham e’lon qildi.

Xabar.uz avvalroq Abu Muhammad al-Jo‘loniy haqida maqola chop etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring