Gulnora Karimovaning «imperiya»si haqida yangi ma’lumotlar oshkor bo‘ldi
Gulnora Karimovaning mulklari haqida yangi ma’lumotlar oshkor bo‘ldi.
BBC nashri «Gulnora Karimova: O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi 200 million funt sterlinglik mulk imperiyasini qanday qurdi?»(Gulnara Karimova: How Uzbek president’s daughter built a £200m property empire) nomli material e’lon qildi.
Nashrning yozishicha, Karimova turli firmalar orqali Buyuk Britaniya, BAA, Shveysariya, Fransiya va Gongkongda taxminan 240 mln dollarlik kamida 14 ta ko‘chmas mulk sotib olgan.
Buyuk Britaniyada esa umumiy qiymati 50 mln funtlik 5 ta ob’yekt Gulnora Karimovaga aloqador kompaniyalarga tegishli bo‘lgan. Londonning nufuzli kvartalida 3 ta kvartira, bitta qasr va yana bitta uyi bo‘lgan.
Gulnora Karimova ikkita kvartirasini 2013-yilda sotishga ulgurgan, qolgan ob’yektlar esa 2017-yilda Britaniya hukumati tomonidan muzlatilgan.
Maqolada Karimovaning shubhali pullar evaziga uylar xarid qilganiga sharoit yaratib berganlar ham keskin tanqid qilinadi. Ammo uning ishlariga hissa qo‘shganlar ushlangani yoki tergov qilingani borasida ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, adliya vazirligi o‘tgan yili o‘tkazgan matbuot anjumanida Gulnora Karimova olib chiqib ketgan aktivlarining eng ko‘pi Shveysariyada ekani ma’lum qilingandi. Undirilishi lozim bo‘lgan jami summa taqriban 686 million AQSh dollarga teng.
Buyuk Britaniya ushbu ro‘yxatda to‘rtincha pog‘onani egallagan. O‘shanda 10 million funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida ko‘rib chiqish jarayonida ekani ma’lum qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter