Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mojaroli «Oltin to‘p-2024» g‘oliblari e’lon qilindi

Mojaroli «Oltin to‘p-2024» g‘oliblari e’lon qilindi

Parijda «Oltin to‘p-2024» marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning eng yaxshi futbolchisi va yana bir qator nominatsiyalarda g‘oliblar aniqlandi.

Bu yil «Oltin to‘p» sovrini egasi qattiq sir tutildi. Avvalgi yillardagidek g‘olib futbolchidan oldindan intervyu olinmadi. Norasmiy reytinglarda so‘nggi kunga qadar «Real Madrid» hujumchisi Vinisius Junior asosiy da’vogar ekani aytib kelindi, bu haqda shu qadar ko‘p gapirildiki, futbol muxlislari ham, hatto uning o‘zi ham «Oltin to‘p» olishiga shubha qilmayotgandi. Biroq marosim o‘tadigan kuni vaziyat boshqacha ekanidan Madrid klubi xabar topdi va jiddiy bayonot berdi. Marosimga «Real Madrid»ning biror vakili kelmadi.

Bosh mukofot esa «Manchester Siti» klubi va Ispaniya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Rodri Ernandesga topshirildi.

U o‘tgan mavsumda Yevropa chempionatida zafar quchdi va turnirning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Shuningdek, «Siti» safida APLda chempion bo‘ldi. Mavsum davomida o‘zi o‘ynagan faqat bir uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi.

Top-5dan «Real»ning 3 futbolchisi — Vinisius Junior (2), Jud Bellinghem (3), Dani Karvaxal (4) va «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand (5) o‘rin oldi.

Ayollar o‘rtasida «Barselona» futbolchisi Aytana Bonmati qatorasiga ikkinchi yil «Oltin to‘p»ga sazovor bo‘ldi.

Boshqa nominatsiyalar g‘oliblari:

Eng yaxshi murabbiy — Karlo Anchelotti («Real»/Italiya)

Ayollar futbolida eng yaxshi murabbiy — Emma Hayes («Chelsi»/AQSh)

Eng yaxshi klub — «Real» (Ispaniya)

Eng yaxshi ayollar jamoasi — «Barselona» (Ispaniya)

Eng yaxshi yosh futbolchi — Lamin Yamal («Barselona»/Ispaniya)

Eng yaxshi darvozabon — Emiliano Martines («Aston Villa»/Argentina)

Eng yaxshi hujumchi — Harri Keyn («Bavariya»/Angliya) va Kilian Mbappe («PSJ» va «Real»/Fransiya).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring