Germaniyadagi parlament saylovida konservatorlar g‘alaba qozondi

Fridrix Mers.
Germaniyada kecha, 23-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Bundestag (parlament) saylovida Olaf Sholsning yetakchi koalitsiyasi mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda BILD xabar berdi.
Saylovda eng ko‘p ovozni 69 yoshli Fridrix Mers boshchiligidagi CDU/CSU partiyasi (xristian-demokratlar va xristian-sotsialistlar konservativ bloki) to‘pladi — 29 foiz (ekzitpol). Bu Mers yangi kansler bo‘lishini anglatadi. 2021-yildagi saylovga solishtirganda, xristian-demokratlar o‘z mavqeini ancha oshirib oldi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 19-20 foiz ovoz to‘plagan AfD («Germaniya muqobil partiyasi») — ikkinchi o‘rinda. Biroq hech bir partiya u bilan hamkorlik qilishni istamagani uchun «muqobil» partiya muxoliflikni bo‘yniga olishga majbur.
Saylov natijalari Olaf Shols boshchiligidagi Sotsial-demokratik partiya (SPD) uchun qaqshatqich zarba bo‘ldi: atigi 16 foiz ovoz — 135 yildagi eng yomon ko‘rsatkich!
«Yashillar» (13 foiz) va Erkin demokratik partiya (5 foiz atrofida) ham jiddiy yo‘qotishga uchrab, parlamentga kirish yo‘llari ancha cheklandi.
«So‘llar» partiyasining qaytishi kutilmagan voqea bo‘ldi: Sara Vagenknext ketganidan so‘ng zaiflashib qolgan partiya 5 foizlik to‘siqdan oshib 8 foiz saylovchilarning ishonchini qozondi. Vagenknext asos solgan BSW harakati esa taxminan 5 foiz ovoz yig‘di: partiya Bundestagga kira oladimi yoki yo‘qmi — hozircha mavhum.
Ma’lumot uchun: Bundestagga kirish partiya 5 foizdan kam ovoz olmasligi shart.
Endi asosiy masala yetakchi koalitsiyaga kimlar kirishida qolmoqda. Hozircha ehtimoliy ittifoqlardan biri sifatida CDU/CSU va SPD koalitsiyasi ko‘rilmoqda. Chunki konservatorlar (CDU/CSU) va «Yashillar»ning birgalikdagi ovozi mutlaq ko‘pchilik bo‘lish uchun yetmay qolishi mumkin. Barchasiga kelayotgan haftalarda, yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokaralar boshlanganida aniqlik kiritiladi.
Donald Tramp CDU/CSU ittifoqini g‘alaba bilan tabriklashga ham ulgurdi. Uning ta’kidlashicha, nemis konservatorlarining g‘alaba kuni — Germaniya va AQSh uchun buyuk kun.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter