Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

EI Ukrainani qo‘llab-quvvatlash niyatida sobit – Toyvo Klaar

EI Ukrainani qo‘llab-quvvatlash niyatida sobit – Toyvo Klaar

EI elchisi T.Klaar Ukraina elchisi M.Doroshenko bilan

Yevropa Ittifoqi Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar tomonidan Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganining uch yilligi munosabati bilan berilgan bayonotda ta’kidlangan.

«Bugun Ukraina faqat o‘z suvereniteti uchun emas, balki barchamizni birlashtirgan tamoyillar – hududiy yaxlitlik, xalqaro huquq va tinchlik uchun kurashmoqda. Hech kim Ukrainadek tinchlikni istamaydi. Ukrainaga oid biror bir qaror Ukrainasiz hamda Yevropasiz qabul qilinmasligi kerak», – degan Toyvo Klaar.

Rossiyaning to‘liq miqyosdagi bosqiniga qarshi Ukrainaning uch yillik qarshiligiga ehtirom ramzi sifatida Toshkentda 24 fevral kuni ko‘rgazma ham ochildi. YeI delegatsiyasi Ukraina elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil qilgan ko‘rgazmada ukrain xalqining erk va ozodlik uchun mardonavor kurashi va sobitqadamligi vizual vositalarda aks ettirilgan.

Fotoko‘rgazma ukrain xalqining mardonavor kurashiga bag‘ishlangan.

«Yevropa Ittifoqi uchun suverenitet va hududiy yaxlitlik xalqaro tartibning asosiy tamoyillaridir. Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik urushi dunyo uchun xavfli o‘rnak – pretsedent yaratmoqda. Xalqaro darajada tan olingan chegaralar kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirilishi mumkin emas», – degan ko‘rgazmaning ochilish marosimida elchi Toyvo Klaar.

Toshkentdagi 139 Documentary Center maskanida tashkil etilgan ko‘rgazma doirasida tashrif buyuruvchilar 2014 yildan beri Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuziga qarshi kurash tarixiga bag‘ishlangan vaqt jadvalini ham ko‘rish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ko‘rgazma 25 fevraldan o‘n kun davomida keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida,  Rossiya bosqiniga uch yil to‘lgan 24 fevral kuni Kiyevga Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen hamda Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta tashrif buyurdi.

Yevropa komissiyasi prezidenti tashrif doirasida qo‘shimcha 3,5 milliard yevrolik moliyaviy ko‘mak haqida ma’lum qildi. Bu YeI 2024 yilda tashkil qilgan «Ukraina uchun fond» doirasida ajratiladigan 50 milliard yevro ko‘makning bir qismidir.

Urushning uch yilligi munosatabi bilan Yevropa kengashi, Yevropa komissiyasi va Yevropa parlamenti raislari nomidan tarqatilgan bayonotda ham Bryussel Ukraina tomonida ekani qayta-qayta ta’kidlagan.

Uch yillik munosabati bilan YeI boshqaruv idoralari Ukraina bayrog‘i ranglarida.

«Rossiya shafqatsiz urush mobaynida Ukrainaning infratuzilmasi va fuqaroviy ob’yektlarga qasddan zarba bermoqda. Ukrainaliklar o‘z mamlakati hamda xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini jasorat bilan himoya qilmoqda. Biz Ukraina mustaqilligi va hurligi uchun o‘z jonini fido qilgan, yaqinlaridan ayrilgan barchaga hurmat izhor qilamiz.  Ukraina xalqiga qarshi sodir etilayotgan ushbu urush va xunrezlik uchun barcha javobgarlik Rossiya va uning rahbariyati gardanida», – deyiladi qo‘shma bayonotda.

Qayd etilishicha, YeI hozirga qadar Ukrainaga 135 milliard yevro miqdorida iqtisodiy, gumanitar, moliyaviy va harbiy ko‘mak ko‘rsatgan.

«Ukraina – Yevropa uyining bir qismi. Ukrainaliklar o‘z kelajagini Yevropa Ittifoqi bilan bog‘lash niyatini bildirdi. Bunga javoban biz Ukrainaga YeIga kirish uchun nomzod maqomini berdik va tegishli muzokaralarni boshladik. Ukraina va uning fuqarolari kelajagi Yevropa Ittifoqida», – deyiladi YeI rahbariyati bayonotida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring