Tramp va Mask davlat xizmatchilariga 48 soat muhlat berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 22 fevral kuni federal idoralar xodimlariga bir hafta davomida qanday mehnat yutuqlariga erishgani xususida hisobot berishni so‘rab elektron maktub yo‘lladi.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, minglab davlat mulozimlariga 48 soat muhlat berilgan. Ular dushanba kuni kechqurunga qadar haftalik yutuqlarini ko‘rsatib bera olmasa ishdan bo‘shatilishi mumkin.
Davlat xizmatchilariga yetti kun davomida kamida beshta jiddiy natija taqdim etish talabi qo‘yilgan.
Tramp tomonidan hukumat samaradorligi bo‘yicha departament (DOGE) rahbarligiga tayinlangan milliarder Ilon Mask davlat xizmatchilarini o‘z vakolatlarini mukammal bajarmayotgani, yana minglab shtatlar ortiqcha ekanini aytib keladi.
«Prezident Donald Trampning ko‘rsatmasiga muvofiq barcha federal xizmatchilarga o‘tgan hafta davomida nimalar qilgani so‘ralgan elektron maktub yuboriladi. Tegishli tartibda javob bermaslik ishdan bo‘shashga olib keladi», – degan Mask.
Bundan avvalroq Tramp Maskni hukumat samaradorligi bo‘yicha departament rahbari sifatida yanada keskin harakatlarga undadi.
«Ilon o‘z ishini qoyilmaqom tarzda ado etmoqda. Ammo men u yanada keskinroq harakat qilsa deyman. Unutmang, biz mamlakatimizni qutqarishimiz, keyin esa uni misli ko‘rilmagan tarzda gullab-yashnatishimiz kerak», – degan Tramp.
Yanvar oyida prezidentlik lavozimiga kirishgan Tramp jamoasi ikki millionga yaqin davlat xizmatchisiga sentyabr oyiga qadar maoshni saqlab qolish evaziga ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shashni taklif qilgan edi. Oq uy shu tariqa shtatlarni qisqartirish va Tramp siyosiy dasturini dastaklamayotgan xodimlardan voz kechishni ko‘zlagan.
Prezident Tramp va hukumat samaradorligi departamenti rahbari Maskning byurokratiyani keskin qisqartirish kampaniyasi doirasida bir haftada 9500 dan ziyod amaldor ishdan ayrilgan.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tizimidagi 10 mingdan ziyod xodimlarning 97 foizi ishdan bo‘shatilgan.
Qisqartirishlar Pentagon kabi strategik muhim yo‘nalishdagi vazirliklarni ham chetlab o‘tmayotir.
Qo‘shma Shtatlardagi kasaba uyushmalari ommaviy ishdan bo‘shatishlardan xavotir izhor qilgan va allaqachon bu masalada sudlarga shikoyatlar kiritmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter