Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda o‘tkaziladigan ilk biyennalega tayyorgarlik boshlandi

Buxoroda o‘tkaziladigan ilk biyennalega tayyorgarlik boshlandi

2023-yilning 11-iyul kuni Saida Mirziyoyeva 2025-yilda Buxoroda ilk Biyennale bo‘lib o‘tishini bildirgan edi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Biyennaleni o‘tkazish maqsadlaridan biri — O‘zbekistonning xalqaro san’at hamjamiyatiga qo‘shilishi hamda uning jahon miqyosida madaniy-tarixiy nufuzini yuksaltirish.

Ta’kidlanishicha, Biyennale tashkil etish va o‘tkazish asnosida mahalliy va xorijiy ustalar hamda ijodkorlarning muloqot qilish imkoniyatlari yaratiladi. Bu esa mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashishga, shuningdek, an’anaviy hunarmandchilik salohiyatlarini zamonaviy ruhda ochib berishga zamin yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, Buxoroda ilk Biyennaleni o‘tkazishga tayyorgarlik amallari boshlandi.

Ma’lumki, Buxoro o‘zining qadimiy obidalari, osori atiqalari bilan nom taratgan. O‘zining qadimiy arxitekturasi, me’moriy majmualari bilan diqqatga sazovor Buxoroda 829 ta madaniy meros ob’yekti davlat muhofazasiga olingan: 287 ta arxeologiya yodgorliklari, 508 ta arxitektura,  17 ta monumental hamda 17 ta diqqatga sazovor joylar shular jumlasidandir. Bugungi kunda madaniy meros ob’yektlarda ularni asrashga doir amaliy ishlar bajarilmoqda. Bu amallar «Ark» qo‘rg‘oni shimoliy darvozasining tiklanishidan boshlangan edi.

Buxoro shahri aholisining ma’lum qismi madaniy meros ob’yektlari bino bo‘lgan va ularga tutash hududlarda yashashadi. Bu o‘z-o‘zidan odamlarning tarix bilan yonma-yon umrguzaronlik qilayotganidan dalolat. Buxoroning boy tarixi va madaniyatini, noyob oddiy va nomoddiy madaniy merosini yanada boyitish, «Boqiy Buxoro» tarixiy-etnografik markazini barpo etish borasida xayrli maqsadlar ilgari surilgan va bu borada tashabbusli amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Bajarilayotgan amaliy ishlar natijasi o‘laroq, katta va keng hududda barpo etish amallaridan tashqari, obodonlashtirish masalalarini ham tizimli tashkil etish, aholi va sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda yangi imkoniyatlarni jadallashtirishga ham kirishildi.

Buxoro tarixiy markazida madaniy meros ob’yektlarini asrash va texnogen jarayonlar ta’sirining oldini olish hamda, aholi va turistlar uchun qulay harakatlanish sharoitlarini yaratish maqsadida ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishda xorijiy va mahalliy ekspertlar, olimlar, tarixchilar hamda tajribali loyihachilar  jalb etilgan.

Uzoq yillik tarixga ega eski shahar hududi aholi yashash manzillari ko‘proq berk va tor ko‘chalardan iborat. Boz ustiga ko‘plab devorlar nurab, eskirib, ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Bu o‘z-o‘zidan aholining turmush tarziga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

Shular nuqtayi-nazaridan, Buxoro shahar tarixiy markazidagi «Chor Minor» va «Isteza» madrasalari, «Samarqand» va «Darvozai Salloxona» darvozalari, «Zindon» va «Masjidi Kalon» kabi turistik marshurut bo‘ylab joylashgan ob’yektlar hududida ta’mirlash-tiklash ishlarining boshlangani ko‘psonli aholining roziligiga sabab bo‘lmoqda.

«Yomg‘ir suvlarini olib ketuvchi quvurlar ancha nosozlanib qolgandi. Gohida ko‘cha quvurlaridan yomg‘ir suvlarining sizib chiqishi ancha-muncha tashvishlarni keltirib chiqarardi. Tarixiy-etnografik markazini barpo etish barobarida aholi yashash manzillarining ham obodonlashtirilayotgani quvonchimizga sabab bo‘lmoqda. To‘g‘risi, avvaliga ta’bimiz xira bo‘lgandi. Amaliy ishlar esa muammolarimizning yechim topishiga dalolat bo‘lmoqda»,-deydi eski shahar fuqarosi Xurshida Ne’matova.

Buxoro viloyati hokimining madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shahriyorovning ta’kidlashicha, yomg‘ir suvlarini olib chiqib ketuvchi tarmoqlarni qurish, elektr energiyasi, tabiiy gaz, aloqa kabellari va boshqa kommunikatsiya tizimlarini o‘rnatish Xiva shahri tajribasidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bunda quvurlarni shaxta shaklida yer ostidan o‘tkazish yoki binolar tom qismlaridan milliy ko‘rinishda yog‘och ornamentlar, ustunlar bilan o‘ragan holda mukammal ko‘rinish beriladi. Shuningdek, an’anaviy me’morchilik uslubiga uyg‘un holda yo‘l va ko‘chalarda zamonaviy yoritish tizimlarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyati hokimi mazkur jarayonlarni o‘rganish davomida aholi bilan suhbatda bo‘lib, mavjud muammolarni o‘rgandi.

«Muammolarning hal qilinishi bo‘yicha zarur vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olinadi. Buxoro shahrida joriy yilda birinchi zamonaviy dizayn va hunarmandchilik biyennalesini o‘tkazishga tayyorgarlik qizg‘in. Shu maqsadda tanlangan hududda madaniy meros ob’yektlarini restavratsiya qilish, tutash hududlarda yo‘l va yo‘laklarda mavjud asfalt va beton qoplamalarni demontaj qilish, loyiha asosida maxsus tosh qoplamalar yotqizish ishlari jadal. Ayniqsa, Buxoro tarixiy markazida belgilangan 9 ta madaniy meros ob’yektlari, jumladan, Gavkushon madrasasi, Xoja Kalon va Mag‘oki Attoriy masjidlari, Mirzo Ulug‘bek, Ahmadjon karvonsaroylari qoldiqlari, Olimjon, Ayozjon va Fatxullajon karvonsaroylari, Tasviriy san’at muzeylarini restavratsiya qilish va ularning muhofaza zonasida ham zarur ta’mirlash-tiklash ishlari diqqatga molik. Xudo xohlasa, buxoroliklar yanayam betakror manzillarda umrguzaronlikda davom etishadi»,-dedi viloyat rahbari.

Ma’lum bo‘lishicha,  Buxoro shahar tarixiy markazida dastlabki bosqichda turizm marshrutidagi ko‘chalarga tutash xonadonlar va korxonalar binolarini tom qismi qoplamalari demontaj qilinadi. Ushbu demontaj tarixiy an’anaviy usulda, ya’ni loysuvoq va milliy uslubdagi qoplama ko‘rinishiga keltiriladi. Madaniy meros ob’yektlariga tutash holda qurilib, o‘rnatilgan noqonuniy qurilmalar, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, o‘zboshimchalik bilan tilklangan va foydalanib kelingan ob’yektlar bartaraf etiladi. Buxoro shahar tarixiy markazida faoliyat olib boruvchi joylashtirish vositalari, restoranlar, hunarmandlik ustaxonalari, suvenir do‘konlari, madaniy meros ob’yektlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalaridagi mavjud reklama banner moslamalari ham tartibga keltiriladi.

Biyennale italyancha so‘z bo‘lib, “biennale”– ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan madaniy, san’at yoki ilmiy tadbirdir. U odatda ko‘rgazma, festival yoki konferensiya shaklida tashkil qilinadi. Biyennale nafaqat san’atga, balki arxitektura, dizayn, adabiyot va boshqa ijodiy sohalarga ham bag‘ishlanishi mumkin.

Eng mashhur biyennale – Venetsiya biyennalesi, 1895 yilda tashkil etilgan va hozirgacha dunyo miqyosidagi eng nufuzli zamonaviy san’at tadbirlaridan biri hisoblanadi. Unda jahonning turli mamlakatlaridan san’atkorlar o‘z asarlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, biyennale tushunchasi kengroq tarmoqlarda ham qo‘llanilishi mumkin. Masalan, arxitektura biyennalesi, musiqa biyennalesi yoki shaharlar va madaniyat biyennalesi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring