Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklaymiz – Mirziyoyev

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklaymiz – Mirziyoyev

O‘zbekiston mamlakatda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarilgan «yashil» taraqqiyot yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni «yashil» iqtisodiy rivojlanish va «toza energiya» markazlaridan biriga aylantirish niyatida.

Bu haqda malakat yetakchisi «Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi» sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlarni tashladik. Yaqinda «COP-29» doirasida qozog‘istonlik va ozarbayjonlik hamkorlarimiz bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga «yashil» energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

«Shuni alohida qayd etmoqchimanki, «yashil» energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir. So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.

Bugungi global sammit tashkilotchisi – «Masdar» kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya ob’yektini ishga tushirdik. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi», – deydi Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston bu kabi loyihalarni Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirayotgani ta’kidlandi. Mintaqaning ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy ekanligi inobatga olinib, O‘zbekiston bu yo‘nalishda ham har bir xorijiy hamkorga qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligi aytildi.

«Anjumanimizda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan «Yashil» universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqiramiz.

Mazkur Universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratishni taklif etmoqchiman.

Shu bilan birga, biz Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan «COP-28» va «COP-29» sammitlari va xalqaro forumlarda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish tashabbuslarini ilgari surdik va barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz.

Joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz», – deydi Prezident Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring