BAA kompaniyasi O‘zbekistonda havo taksilarini yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekiston BAA kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir hamkorlik Memorandumini imzoladi.
BAAning JETEX kompaniyasi «Toshkent-Sharqiy» aeroportida FBO (Fixed Base Operator) shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshiradi.
Bu haqda Transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda JETEX kompaniyasi ta’sischisi Adel Mardini bilan o‘tkazilgan uchrashuvda so‘z borgan.
Qayd etilishicha, ushbu loyiha doirasida kichik aviatsiya sohasida ta’mirlash, sotish va saqlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Aerotaksi xizmati va VIP taksi joriy etiladi. Bu esa o‘z navbatida turizm sohasining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda VIP mijozlar uchun qulaylik yaratadi.
Qolaversa, O‘zbekistonda biznes aviatsiya sohasida 200 dan ko‘proq yuqori malakali ish o‘rinlari yaratilishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JETEX kompaniyasi 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 5 qit’ada 30 ta biznes birlashmasiga ega global tarmoqni tashkil etgan. Butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq nuqtalarda, jumladan Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Afrika va Amerikada kun-u tun mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
FBO (Fixed Base Operator) – aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga kompleks servis xizmatlari ko‘rsatuvchi, xususan, havo kemalariga yoqilg‘i quyish, to‘xtash joyi, angarda saqlash, texnik va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatish, havo kemalarini ijaraga berish, charterlarni sotish, taksi va yana boshqa ko‘plab xizmat turlarini ko‘rsatuvchi tashkilotdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter