Buxoro viloyatida kontrabanda tamaki mahsulotining juda yirik partiyasi qo‘lga tushdi
Ko‘pincha tamaki mahsulotini boshqa tovarlar niqobi ostida, shuningdek qalbaki tranzit ko‘rinishida olib kirishga urinadilar.
Bu gal Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan Buxoro viloyati hududida BAAdan Xitoy tomon yo‘l olgan mashina to‘xtatilib, tekshiruv olib borilganda 17 mlrd so‘mlik 866 ming quti tamaki mahsuloti bayonotga kiritilmagani aniqlandi.
Qalbaki tranzit hodisalari – O‘zbekistonga noqonuniy sigaret olib kirishning eng ko‘p uchraydigan usullaridan. Tovar partiyasi olib kiriladi, keyin mamlakat hududiga kishi bilmas «singib» ketadi. Bu muammoni hal qilish uchun majburiy depozit joriy etish lozimligi ko‘p aytilgan edi, bu haqda ko‘p marta yozildi va nihoyat tegishli qaror qabul qilindi.
2024 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston hududi orqali olib o‘tiladigan tamaki mahsulotlari tranziti bo‘yicha alohida choralar joriy etiladi. Unga ko‘ra, yuk tashuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Bojxona organlari depozit hisobiga tegishli bojxona to‘lovlari summasini kiritishlari lozim bo‘ladi. Tamaki mahsuloti O‘zbekiston hududidan olib chiqib ketilgani tasdiqlanganidan keyin to‘langan summa qaytariladi.
Albatta, qonunlar takomillashmoqda lekin yangi qoidalar kuchga kirguniga qadar xotirjam bo‘lmaslik kerak.
Butun mamlakat bo‘ylab noqonuniy sigaret savdosi yuqori darajada kuzatilmoqda. Bu ayniqsa Farg‘ona vodiysi hududlarida yaqqol seziladi. Faqatgina Andijonning o‘zida noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi 47,3 foizga chiqqan.
Agar qat’iy choralar ko‘rilmasa, bunday dahshatli raqamlar butun mamlakatda kuzatila boshlaydi. Bundan tashqari, kontrabanda tamaki bilan birga O‘zbekistonga yanada xavfliroq tovarlar: taqiqlangan moddalar, kontrafakt dorilar, qurol va boshqa ko‘plab tovarlar kirib keladi. Masalan, Farg‘ona viloyatining o‘zida 2024 yilda umumiy qiymati 2 mlrd so‘m bo‘lgan 352 dona dori vositalari musodara etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter