Qurolli kuchlar va boshqa kuchishlatar tizim xodimlariga ish vaqtida ibodat qilish taqiqlanyapti
O‘zbekiston Qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlari xodimlariga ish joylarida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarish taqiqlandi.
Bu borda cheklovlar joriy yil 29-noyabr kuni qabul qilingan O‘RQ-1008-son qonunda belgilab qo‘yildi.
Mazkur hujjat bilan «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida»gi hamda «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlariga yuqoridagi cheklovni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Yuqorida sanab o‘tilgan vazirlik va idoralarda xizmat o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar sarasiga, jumladan, quyidagilar kiritilgan:
- xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollar bundan mustasno;
- prokuratura organlarining binolarida va hududida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni tashkil etishga, diniy mazmundagi materiallar va buyumlarni saqlashga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno.
O‘z navbatida, ushbu cheklovlarga rioya etmaganlik O‘zbekiston Qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlari xodimlarini qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu qonun matnida tushuntirilishicha, ayni vaqtda jamoat va davlat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarning samarali amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmatni o‘tayotgan shaxslar uchun belgilanadigan cheklovlarning qonun bilan tartibga solinishini taqozo etmoqda.
Mazkur Qonun esa «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar jangovar shayligini va xizmat faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida tarbiyaviy ishlar natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi».
Ma’lumot uchun, ushbu tartib rasmiy e’lon qilinganidan keyin bir oy muddat o‘tib kuchga kiradi.
Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Parlament Quyi palatasi tomonidan joriy yil 15-oktyabrda qabul qilingan, 23-oktyabrda esa Senat tomonidan ma’qullangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter