Biron marta tavalludini nishonlamagan adib: Tohir Malik vafotiga 3 yil to‘ldi
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, sevimli adib va serqirra ijodkor Tohir Malik adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirdi. Ustozning kitoblari, tashbehlari, maslahat-o‘gitlari ko‘plar uchun mislsiz xazina bo‘lib qoldi. Tohir aka uch yil muqaddam oramizda edi. U kishining hayot bo‘lib turgani ko‘ngilga qandaydir xotirjamlik, iliqlik bag‘ishlardi. Hamkasblar-u, shogirdlar, kazo-kazo odamlardan tortib oddiy insonlargacha Tohir akaning suhbatidan bahramand bo‘lish, pand-nasihatlari, yo‘l-yo‘riqlari, boringki, duolarini olishga oshufta edi.
Hayot shunday bepoyon ummon ekanki, unda biz, ojiz bandalar tirikchilik atalmish tashvishlarga berilib, yaxshi insonlarni bir muddat unutib qo‘yamiz. Bir kun kelib ular dorilbaqoga rixlat qilishlarini bilamiz, biroq o‘sha fursat aynan bugun bo‘lishi mumkinligini ko‘pincha xayolimizga keltirmaymiz.
Tug‘ilmoq. Yashamoq. O‘lmoq. Banda dunyoga yig‘lab keladi, keyin esa yig‘latib ketadi. Oila atalmish qo‘rg‘onni, yaqin odamlarni, jigarlarni, ne-ne ko‘ngillarni huvillatib ketadi. Tohir Malikning hayot bilan vidolashuvi ham shunday bo‘lgan edi...
Ustoz bilan suhbatdan
2016-yili Tohir aka bilan yetmish yilligi arafasida suhbat qurganim esimda (bu «Tohir Malik gurunglari» kitobidan o‘rin olgan).
– Tohir aka, ulug‘ yoshdasiz. Yaxshi kunlar bilan birga tashvishli damlar ham boshingizdan o‘tdi. To‘y-tomoshalar qatorida judoliklarga yuzma-yuz bo‘ldingiz. Xastaliklarni yengishingizga, jarroh tig‘i tanangizni bir necha marta kesishiga to‘g‘ri keldi. Farzandlaringiz, nevaralaringiz, shogirdlar, do‘stlar, muxlislaringiz bor. Sizni millionlab odamlar taniydi, kitoblaringizni o‘qiydilar. Aytishadiki, ulug‘ yoshga yetganda o‘tgan kunlar bir-bir eslanaverar ekan. Hayot atalmish ummonda suzgan damlar ko‘z oldidan o‘taverarkan. Nima qilish kerak edi-yu, qaysi ishga qo‘l urganidan pushaymon – shular haqida bot-bot o‘ylar ekan. Ustoz, umringiz uzoq bo‘lsin, muborak yetmishinchi dovoningizda xayolingizdan nelar o‘tadi?
– Yetmishinchi dovon haqida eslamaganingiz yaxshi edi, – javob bergan edi ustoz. – Chunki, o‘zingizga ma’lum, kamina «tug‘ilgan kun», «yubiley» degan gaplarni yoqtirmayman. Shu yoshga kirib biron marta ham tug‘ilgan kunimni nishonlamaganman. Men uchun tug‘ilgan kun umrning bir yili o‘tganini bildiradi. Umr o‘tganini nishonlash menga g‘alati tuyuladi. To‘g‘ri, bu odatimni ko‘pchilik tanqid qiladi. Umuman, hayotda boshqalarning g‘ashini keltiradigan odatlarim bor, buni o‘zim ham bilaman. Masalan, men hech kimga, hatto ayollarga gul sovg‘a qilmayman. Chunki men gulni o‘z o‘rnida chaman bo‘lib turishini istayman. Odamlar gullarni uzadilar, chiroyli qog‘ozlarga o‘raydilar, sovg‘a qiladilar, ikki-uch kunda gul so‘liydi va axlatga tashlab yuboriladi. Agar gul ehtirom ramzi bo‘lsa, demak, ehtirom axlatga tashlanadimi?
Yetmish yosh – keksalikni uzil-kesil tan oladigan manzil. Lekin bu keksalik oldida mag‘lub bo‘lish degan gap emas. O‘tmishda o‘tgan donish ahli borki, barchasi keksalik haqida so‘z aytib ketgan. Chunki ularning har biri keksalikning sharbatidan totib ko‘rishgan. Mana shularning ayrimlari:
«O‘spirinlik kunlari beqiyosdir. Keksalik unga vaqt tumanlari orasidan boqishni xush ko‘radi. Mo‘ysafid odam shom pallasida tong shafag‘ini orzu qiladi». «Qarish ko‘ngilsiz narsa, ammo uzoq yashashning birdan-bir yo‘li shu». «Qarishni hech kim xohlamaydi, ammo uzoq yashashni hamma istaydi». «Qarilik tashvishlari odatdagi hayot tashvishlarining o‘zginasi, faqat uning kuchaygan shaklidir». «Qarilik shuning uchun ham ko‘ngilsizki, keksayganda biz faqat shodlikdan emas, balki orzu-umidlardan ham mahrum bo‘lamiz».
Hikmatlarning so‘nggisiga men qo‘shila olmayman. Chunki keksalik yoshida orzu-umiddan mahrum bo‘lish badbinlik kasalligiga mubtalo qiladi. Badbinlik o‘lim sari olib boruvchi yo‘lni g‘oyat azobli qiladi. Kishi yoshidan qat’i nazar, orzu-umidlardan uzilmasligi shart. Kamina shu toifadan.
Islomda o‘limdan qo‘rqish ko‘p tilga olinadi. Bu «ertaga o‘lib qolamanmi?» degan xavotirda yashash emas. Payg‘ambarimiz salollohu alayhivassalom, ko‘chat ekayotganingizda qiyomat boshlanib qolsa-da, niholni ekishga ulgurib qoling, deb da’vat qilganlar. Bu ko‘proq yaxshilik qilib qolishga erishing, demakdir. O‘limdan qo‘rqish zamirida ham xuddi shu ma’no yashiringan.
Hazrati Abu Bakr Siddiqning bu gaplarini men qalbim to‘rida asrayman:
«Yoshlik ko‘rkamligi gupirib turgan go‘zal, yorug‘ yuzlar qani? Shaharlar bino qilib, ularni mustahkam devorlar bilan o‘ragan podshohlar qani? Jang maydonlarida g‘olib, g‘alaba nashidasini surganlar qani? Zamon ularning kuragini yerga tekkizdi, qabr zulmatlariga oshno qildi. Siz najotga, najotga shoshiling! Ey insonlar! Siz umringiz qay zamon tugashi o‘zingizga noma’lum bo‘lgan bir umr ichida kun va tunlaringizni o‘tkazmoqdasiz. Agar qo‘lingizdan kelsa, bu hayotingizni yaxshilik qilish bilan o‘tkazing. Buni ham faqat Alloh taoloning yordami bilan amalga oshira olasiz. Ajalingiz sizdan ishlash fursatini olib qo‘ymasdan turib, imkoniyatlaringizni ishga solib, xayrli amallarga shoshiling. Zero, ajallarini unutgan, yaxshiliklarini boshqalardan qizg‘anadigan kimsalar ham bordir. Zinhor ular kabi bo‘lmang. Tezroq bo‘ling, g‘aflatda qolmang. Chunki orqangizdan sizga yetishmoq uchun tez kelayotgan ajalingiz bor. O‘limdan ogoh bo‘ling. Otalardan, o‘g‘illardan, aka-ukalardan ibrat oling. Yashayotgan kishilarga emas, o‘lgandan so‘ng ular ortda qoldirayotgan go‘zal narsalarga havas qiling».
Aslida nima bo‘lgan edi?
Yuqorida tilga olinganidek, Tohir Malik ko‘p marta kasal bo‘ldi, shifoxonalarga yotqizildi, bir necha marta jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Keyingi paytlarda o‘lim haqida bot-bot o‘ylaydigan bo‘ldi. Buning hosilasi o‘laroq, avtobiografik yo‘nalishdagi «Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i» kitobini yozdi.
Ustoz bilan qariyb ellik yil umrguzaronlik qilgan rafiqasi Muqaddas ayaning ko‘zlarida mung, dard.
– Eslasam, o‘rtanib ketaman, – ma’yus so‘zlaydi Muqaddas aya. – Uyimiz judayam huvillab qoldi. O‘rgangan ekanmiz-da odamlarning kelishiga.
Ayriliq yomon ekan juda. O‘sha kuni yaxshi edilar. O‘zi ancha yaxshi bo‘lib qolgandilar. Kechqurun ovqatlandik. Sakkiz yarimdan oshgan edi. Kimdir chaqirib keldi. Narigi uyda o‘tirishdi (izoh: darvozadan kiraverishda o‘ng tomondagi uy – A.N.). Mehmonlarni kuzatib zinadan tushib kelayotganlarida xuruj boshlandi. Og‘riq kuchayib ketyapti, dedilar. Ukolimiz tayyor edi, ukol qilishdi. Qusish bo‘ldi. Safro tashlay boshladilar.
Ertalab dard juda kuchaydi. Poliklinika telefon qilsam, ikkala jarroh ham ishga chiqmagan, boshqalar hech nimani bilishmaydi. Keyin «grudnoy»ga, vrachga qo‘ng‘iroq qildim. Eshitishi bilan yugurib keldi. Tekshirib ko‘rdi-yu olib ketaman, dedi.
U yerda grijalarini operatsiya qilishdi. Operatsiya juda yaxshi o‘tgan. Lekin boshqa narsa bor ekan-da! O‘pkada tromblar berkilib qolgan ekan. Buni hech kim bilmagan shu paytgacha. Hech kim bu tomonni tekshirmagan.
Shundan keyin Tohir akangiz qimirlamadilar. Yigirma kun yotdilar. Men palataga kiraman, imo-ishora bilan, olib ket, deydilar. Bir og‘iz gap bo‘lmadi. Doktor keldi, «Tohir aka, hozir sizni qimirlatsak, nafas ololmay qolasiz», dedi. Apparatni o‘chirib ko‘rsatdi. Shu zahoti nafas olmay, jim bo‘lib qolyaptilar. Shundan keyin yigirma kungacha bordilar, yigirmanchi kuni...
Lekin ungacha menga gapirdilar, tillari qimirlayapti. Doktorlar turibdi oldimizda, biroq hech kim tushunmayapti. Rosa ko‘p gapirdilar o‘shanda. Tinmay gapirdilar, lablar qimirlaydi, ammo ovoz chiqmaydi.
Bu xurujgacha yaxshi bo‘lib qolgandilar. Lekin judayam ko‘p uxlayotgandilar. Buncha ko‘p uxlaysiz, uxlamas edingiz-ku, derdim. O‘tirib ham, yotib ham uxlardilar. Uyqu ko‘p bo‘ldi.
Hammasi grijadan. Grijaga tegish kerak emas ekan-da! Gullab ketadigan turi ekan. Yana ko‘payib ketdi. Semirib ketmaganlar, hammasi grija tufayli edi.
Uch kun qolganda amallab tomografiyaga tushirishibdi. Yotgan hollarida olib borishgan, tomirlar berkilib qolgani aniqlanibdi. Nafas olishlari qiyinlashdi.
– Tohir aka bir safar o‘n martadan ko‘p operatsiya bo‘lganlarini aytgan edilar. Nima edi ular?
– Grijaning orasida o‘t pufagini olib tashlashgan, boshqa operatsiyalar ham bo‘ldi-da. Agar birdaniga qilingan ikkita-uchta operatsiyani qo‘shsa, o‘n martadan oshib ketgan hammasi.
Keyingi vaqtda shunday bo‘ldiki, salgina yaxshi bo‘lsalar, ish stoliga borib, shuni yoza qolay, deb o‘tirib olardilar. Qandaydir boshqacha bo‘lib qolgandilar. Tezroq harakat qilish kerak, derdilar. Hozir e’tibor bilan eslasam, ko‘p narsalarga belgi berib ketgan ekanlar. Bilganlar...
O‘zlariga belgi bergan. Og‘riq oxirgi xuruj edi. Avval ham og‘rib turardi. Ukol olib qo‘yardik, xuruj boshlansa, darrov ukol qilardik, grijaning xurujiga. Og‘riq bosilardi. Yo‘q, oxirgi gal bosilmadi. Ukol ham ta’sir qilmadi. «No-shpa» ichiringlar, deyishdi, ichirdik, hech qaysi ta’sir qilmadi. Rosa harakat qildik. Xullas, o‘shandan keyin vrachning o‘zini chaqirganmiz. Olib ketib, o‘zi operatsiya qildi. Avval ham operatsiyalarda qatnashgan-da, biladi u.
– Muqaddas aya, grija bir necha yillik asorat edimi? Aka-ukalarda bo‘lmaganmi bu kasallik?
– Yo‘q, bo‘lmagan. Og‘irlik ko‘targanlaridan bo‘lgan. Qurilishda ishlaganlar, bilasiz. Uyimizning qurilishini ham, hammasini o‘zlari qilganlar. Sekin-sekin, mana shu o‘tirgan uyimizni o‘zlari ko‘targan. Yangi boloxona ham qurganmiz keyin.
Esimda, bir o‘rtoqlari oltmishta xoda keltirib berdi. Moshinadan o‘zlari olib tushib, ichkariga kiritdilar. Randalab-tozalab qo‘ydilar. Keyin bu xodalarni bittalab tomga olib chiqdilar. O‘shanda yoshlari ellikka bormagan edi. Harakat juda kuchli bo‘lgan. Zo‘riqish, og‘irlik ko‘tarish, bularning hammasi ta’sir qilgan.
– Nega hech kimni yordamga chaqirmaganlar? Qavm-qarindoshlar, hamkasblar, tanish-bilishlar, shogirdlar ko‘p edi-ku?
– Yo‘q, o‘zlari sekin qilardilar. Ishga borib kelardilar. Men ovqatni suzib berardim. Tamaddi qilib olgach boshlardilar. Mehnatning hammasini o‘zlari qilgan.
«To‘zon» nomli asarlari tugallanmay qoldi.
O‘shanda ma’rakadan so‘ng men shifoxonaga tushdim. To‘rt marta yotdim. Operatsiya bo‘ldim, mening ham yuragimdagi tomirlar berkilgan ekan. Qon bosimim ikki yuzdan tushmadi. «Tez yordam» keladi har kuni besh-olti marta. Hali ketmasdan turib, yana qon bosimim ko‘tariladi. Yana qaytib kiradi. Keyin axiyri kuchli do‘xtirga uchrashdik. Uch kundan so‘ng operatsiya qilishdi. Shundan keyin, ko‘z tegmasin, yuzga oltmish yuribman. Operatsiyadan keyin sal o‘zimga keldim.
Nima qilay, ustozingizni yoddan chiqarib bo‘lmaydi, chiqarmayman ham. Eslasam, titrab ketaman. Biror marta urishib, haqorat qilganlarida ham mayli edi. Hayotda urishmaganmiz. Bir og‘iz qattiq gapirmaganlar.
Tohir Malik o‘zbek adabiyotida ulkan meros qoldirdi. Uning asarlari xalq mehridan joy oldi. Kitoblari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi va o‘qilmoqda. Ustoz doimo rost gapirdi, rostini yozdi. Odamlarni yaxshilikka, ezgulikka chorladi. Adib xotirasi hech qachon o‘chmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter