Avstraliyada halokat darakchisi tutildi
Avstraliyada baliqchilar noyob seldlar qirolini tutishdi, deb xabar berdi Daily Mail. Afsonalarga ko‘ra, bu yaxshilik alomati emas.
Tiwi Islands Adventures sayyohlik kemasi kapitani Kyortis Peterson uch metrli baliqning fotosini internetda tarqatdi. Mavjudotning tanasi uzun va ingichka, boshi otnikiga o‘xshaydi, ko‘zlari yirik.
Seldlar qiroli Avstraliya shimoliy sohillarida tutilishi yangilik bo‘ldi. Northern Territory News sharhlovchisi Aleks Juliusning aytishicha, bu hudud uchun noyob o‘lja. «Bu atrofda kimdir shunaqa baliq tutganini birinchi eshitishim. Odatda sohilga chiqib qolgan qoldiqlarini uchratardik», — dedi u.
Fishing Australia TV telekanali muxlislarining fikricha, baliq haqiqiy emas, surat neyrotarmoqda yaratilgan. Yana ayrimlar baliqni ulkan dengiz otiga o‘xshatishdi.
Seldlar qiroli dunyo okeanining eng g‘ayrioddiy baliqlaridan. Ilonsimon tanasining uzunligi 11 metrgacha yetishi mumkin, ba’zilar 15 metrlisi ham bor deyishadi, ammo bu tasdiqlanmagan. Seldlar qiroli hayotining katta qismini okeanning 900 metrdan chuqur qismida o‘tkazadi, suv yuzasiga kamdan-kam chiqadi. Ixtiologlarga bu baliqning uch turi ma’lum.
Qadim zamonlardan bu baliqni uchratish bexosiyat hisoblab kelingan, seldlar qiroli — halokat darakchisi. Yaponiyada 2011-yilgi vayronkor zilzila arafasida sohillarga chiqib qolgan 20 ga yaqin shunday baliqlarni uchratishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter