Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?

Hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsinmi?

Kollaj: «Xabar.uz»

Nizo o‘ta murakkab bo‘lsa mayli ediki, ha endi, sudya ham odam, yanglishishi mumkin, desak. Mehnat munosabatlariga oid oddiy nizo. Homilador ayol (holati ayon bo‘lishiga qaramay!) ish beruvchi tomonidan ishdan bo‘shatilgan. Qariyb imi-jimida. Nizoning mohiyati shu.

Ish beruvchi, kim bo‘lmasin, o‘z tashabbusi bilan homilador yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bir tomonlama bekor qilolmaydi. Korxona tugatilayotgan bo‘lsa, boshqa gap. Shundayam ish beruvchi bu toifadagi ayollarni boshqa ishga joylashtirib qo‘yishi shart. Qonun shuni talab qiladi (Mehnat kodeksi, 237-modda). Ish beruvchi qonunning shu va shu kabi talablaridan «aylanib o‘tib», niyatiga erishaman desa, chuchvarani xom sanabdi. Sudga berilsa bormi, «bir» deganda da’vo qanoatlantiriladi!

Nargiza Ahmedovaning boshiga shunday kun tushdi. Uchinchi farzandiga homiladorligining yettinchi oyida (!) unga «chiqish eshiklari» ko‘rsatildi. Bu bedodlikdan dod deb sudga borgandi — ish beruvchi emas, uning o‘zi chuchvarani xom sanaganini bildirib qo‘yishdi.

So‘zimiz shu haqda.

Albatta, ayol darhol ko‘chaga chiqarib qo‘yilmadi: «ismi-rasmi» qilindi — hammasi qonuniy bo‘lganga o‘xshashi uchun. Biroq o‘xshamadi, qaytanga ish beruvchining uyum-uyum qovun tushirgani qoldi, xolos.

Avvaliga aytildiki, muassasada shtat qisqaradi, Nargiza Ahmedova band etib turgan «direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar» lavozimiga ehtiyoj yo‘q, deb. Bu — safaringiz qaridi, Nargizaxon, xush ko‘rdik, agar pastroq lavozimda ishlashga rozi bo‘lsangiz, o‘ylashib ko‘ramiz, deganidir. Ayol buni kutganmidi-yo‘qmi, bilmadik, ammo holatidan kelib chiqib, hammasini vaqt hukmiga tashladi: rahbarim jichcha shoshdi-yov, holatimni bilaturib, shtat qisqarishiga tushirayotganining o‘zi bahsli... mayli, oldinda ikki oylik muddat bor, o‘taversin-chi, u yog‘iga yo, Razzoq...

«Ikki oylik fursat» neligini angladingiz, chog‘i? Ya’nikim, lavozimi qisqarishga tushgan xodim bu haqda ikki oy avval ogohlantirilishi kerak. Mana, ayol ogohlantirildi: xohlasa, shu muddat mobaynida ishga qatnab yuraversin (haftada bir kun ishga kelmay o‘ziga boshqa yumush qidirish imkon bor), xohlasa, ikki oylik maoshini bittada olib, xayr-xo‘sh qilsin...

Darvoqe, voqelik qaysi tashkilotda bo‘layotgani aytish yoddan ko‘tarilayozibdi, uzr.

Nargiza Ahmedovaning «ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosar»ligidan u ishlayotgan dargoh xususiy yoki jamoa korxonasi emas, ilmu urfonga begonaga bo‘lmagan davlat muassasasi ekanini ilg‘adingiz-ov? O‘lmang! Darhaqiqat, shunday: Madaniyat vazirligiga qarashli O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi! O‘zi shu lavozimda ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagandi (21.08.2017 y.). Faoliyatiga yuz kun (!) to‘lib-to‘lmay (01.12.2017 y.) u bilan xo‘shlashish tadorigiga tushilganining o‘zi tushunarsiz?! Homilador ekanini ko‘ra-bilaturib, ishga olgan direktor uning shu holatiga qaramay xayrlashishga shoshayotganiyam jumboq ustiga jumboq... Ajab, homilador ayolni ishga olishdan bo‘yin tovlash qonunsiz ekanini bilgan rahbar og‘iroyoq xodimidan qutulishning ming bir chorasini ko‘rishi ham noqonuniy ekanini yoddan chiqardimi?!

«Shtat qisqarishi» ko‘ndalang bo‘lganda rahbar nimayam qilsin, deyishga shoshmay turasiz. Bu shunchaki gap bo‘lib, o‘sha, go‘yoki shtatlar qisqartiriladi deyilayotgan 2017-yilning dekabr oyida San’at muzeyining 66,5 shtat birligiga yana 30 (o‘ttizta!) yangi shtat qo‘shilib, xodimlar soniga baraka kirayotgan edi. O‘sha jarayonda direktorning «ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarligi» tugatilayotgani ham o‘ta nisbiy bo‘lib, aslida lavozim nomi qisman o‘zgargandi, xolos: «direktorning tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari». Shunga qaramay «ilmiy» so‘zining «tadqiqot»ga o‘zgarishi N.Ahmedova egallab turgan lavozim qisqartirilishiga asos bo‘ldi, go‘yo...

Ko‘pam yopishmayapti, to‘g‘rimi? Rost, keyinroq, direktorning «tadqiqot ishlari bo‘yicha» deysizmi yoki «ilmiy ishlar bo‘yicha» deysizmi, xullas, shu o‘rinbosarning ilmiy unvoni bo‘lishi shartligi ta’kid etildi. Xo‘p, yaxshi. Shunaqa shart bor ekan, nega avvalroq aytilmadi? Modomiki, oliy ma’lumotli, qo‘lidan ish keladigan xodim ilmiy unvoni yo‘qligiga qaramay shu lavozimga qonuniy tarzda olinganmi, marhamat, bo‘shatishni ham qonun doirasida amalga oshiring. Vassalom.

San’at muzeyi rahbari nima qildi?

Shtatlar kengayayotgan bir paytda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari N.Ahmedovani «qisqarishga» tushirib, bu haqda uni ogohlantirgan bo‘lsa-da (01.12.2017-y.), qonunda belgilangan ikki oylik muddat borligiga qaramay shu shtat birligini «tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosar» deya qayta nomlab, yangi xodimni ishga olaqoldi. Lavozim tugatilgani aytilsa-da, uni band etib o‘tirgan xodim rasman bo‘shatilmay yangi xodimning ishga olinishi bitta shtatga ikki mutaxassisni «mingashtirib» qo‘yishning o‘zginasi. Yana deng, har tiyini hisobli bo‘lgan budjet tashkilotida!

Bunaqa ahvolda uzoqqa borib bo‘lmasligini bildi chog‘i, rahbariyat ikki oylik muddat tugamasidanoq Nargiza Ahmedovaning «pattasini tutqazish» payiga tushadi. Va... ogohlantirish berganiga bir oy to‘lmay mehnat shartnomasini bekor qilvoraqoldi.

Mehnat shartnomasi aniq qaysi sanada bekor qilinganini ham bilish qiyin. Muzey rahbari Madaniyat vazirligiga yozgan bir xatda (27.12.2017-y. №310) N.Ahmedovaning mehnat shartnomasi 2017-yilning 26-dekabrida tugatilgani aytiladi. Biroq uni (mehnat shartnomasini) bekor qilish haqidagi buyruqda (№84) xodim bilan (ishlagan kunlari uchun) hisob-kitob 2017-yilning 29-dekabrigacha qilinsin, deyilib, 2018-yilning 4-yanvaridan ishdan bo‘shatilajagi ham qistirib o‘tiladi.  Qaysi sana to‘g‘riligidan qat’i nazar, bir narsa aniq — mehnat shartnomasi, ogohlantirish muddati tugamayoq, bir oy avval bekor qilinmoqda. Ustiga-ustak, xodim bundan bexabar?!

Nahot bitta ishxonga kirib-chiqib yurgan N.Ahmedova tevaragidagi bunday «o‘yinlar»dan bexabar bo‘lsa, deyishingiz aniq. Qahramonimiz ana-mana «fatvosi»si o‘qilayotgan paytda xizmat safarida edi. Xizmat safari — olis viloyatda emas, poytaxtning o‘zida — Abdulla Qahhor uy-muzeyida o‘tayotgandi. Buyuk adibning uy-muzeyida olti oylik homilasi bilan kuymalanib yurgan ayolning orqasidan bunaqa ishlar qilinishini o‘zi yo‘qning — ko‘zi yo‘q, deysizmi yo boshqachami — o‘zingizga havola. Mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq bilan o‘z vaqtida tanishtirilmagani, vaziyat jiddiylashishi ehtimoli paydo bo‘lganda, mehnat daftarchasini Ahmedovaning qo‘shnilariga (!) tashlab kelishga urinishdek madaniyat xodimlariga yarashmaydigan ishlar qilingani alohida mavzu. Biroq, fakt shuki, N.Ahmedova, ancha-muncha asabbuzarlikdan keyin, buyruq nusxasini 2018-yilning 19-fevralida olishga muvaffaq bo‘ladi. Qarasaki, g‘isht qolipdan ko‘chayozibdi. Harakatga tushmasa bo‘lmaydi. Sudga murojaat qilishga ulgurishi kerak. Qonunga ko‘ra, o‘zining mehnat huquqlari buzilgan deb hisoblagan xodim tegishli buyruq bilan tanishgan sanadan boshlab bir oy muddatda sudga murojaat etishi lozim. Muddatni o‘tkazvorish qo‘shimcha muammo tug‘diradi doim.

Homiladorligining oxirgi oylarini o‘tkazayotgan N.Ahmedova sudga chopishga majbur bo‘ldi.

Shunday qilib, 2018-yilning 7-mart kuni (buyruq bilan tanishganidan 15 kun o‘tib) O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi rahbarlariga nisbatan «ishga tiklash, majburiy bekor yurgan kunlari uchun pul undirish haqida» fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga da’vo kiritdi.

Da’vo kiritilganidan (7-mart) yigirma besh kun o‘tib (2-aprel), birinchi sud majlisi  o‘tkazildi. Bu paytgacha da’vogar yangi mehmonni dunyoga keltirgan (20-mart), biroq chaqaloqning kichik chillasi chiqmagandi hali...

Sud ikki oy davom etdi va... da’vo rad etildi?!

Da’vogar da’vo muddatini uzrsiz o‘tkazib yuboribdi. Tamom.

Nargiza Ahmedova chaqalog‘iga qo‘shilib big‘illab qolaverdi.

Da’voni rad etishga sudya topgan g‘aribgina asos puf desa uchib ketguday... Yuqorida aytdik, takrori ortiqchalik qilmaydi: N.Ahmedova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi muzey direktori tashabbusi bilan 29.12.2017-yilda (sud qarorida shu sana yozilgan) bekor qilingan bo‘lsa-da, xodim buyruq nusxasini ellik bir kundan keyin (!), 2018-yilning 19-fevralida oladi (bu fakt tasdig‘i «delo» turibdi!). Ayol buyruq nusxasi qo‘liga tekkanidan 15 besh kun o‘tib (7-mart) sudga murojaat qilayotir. Demakki, «sudga murojaat etishning bir oylik muddati o‘tib ketgani» xususida hatto gap bo‘lishi mumkinmas. Xo‘p, bundanam ko‘z yumaylik. Homiladorligiga qaramay (!) mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirib (!), boz qonunda belgilangan ikki oy muddat tugamay (!) buyruq chiqarvorilganini ham nari suraylik. Homiladorlikning oxirgi oylarini o‘tkazayotgan ayol belgilangan fursatda sudga murojaat qilolmagan taqdirdayam o‘tkazib yuborgan muddati uzrli bo‘lmaydimi?! Ikki dunyo chegarasidagi ayolning holatiki uzrli deb topilmas ekan, bundanam og‘irroq vaziyatga tushish uchun odam bir o‘lib tirilishi kerakmi? (U yog‘ini so‘rasangiz, Nargiza Ahmedovani noqonuniy ishdan bo‘shatgan rahbar ham ayol kishi!). Qo‘lidagi chaqalog‘i bilan oylab sudga qatnab, barcha dalillarni taxlab tashlasa-da, «delo»ni mijib-mijib, o‘ta g‘arib «asos» bilan da’voni rad etgan sudyaga sharaflar bo‘lsin!..

Nima deysizki, fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Mirobod tumanlararo sudining mazkur hal qiluv qarori avval FIB Toshkent shahar sudida, so‘ng Oliy sudning sudlov hay’atida ham o‘zgarishsiz qoldirildi?! Sud qaroriga nisbatan Mirobod tuman prokurori, keyinroq Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari kiritgan protestlar ham rad etilgani-chi?!

Nima-nima, hal qiluv qarori shunchalar qonun bilan «mixlab» tashlanganmi?

Gap hal qiluv qarori quvvatidan ko‘ra, uning muallifida, chamasi... Nega desangiz, fuqarolik ishini birinchi bosqichda shaxsan ko‘rib chiqqan FIB Mirobod tumanlararo sudi raisi F.Tursunov ko‘p o‘tmay Oliy sud sudyaligiga ko‘tarildi. Fuqarolik ishi apellyasiya bosqichiga yetib borganda u oliy mahkamada ish boshlab ulgurgandi. Shundanmi, kim bilsin, hal qiluv qarori kassatsiya bosqichidan (A.Abdullayev, G.Mirzaalimova, N.Hakimova) eson-omon o‘tib, Oliy sud hay’atida (A.Hakimova, I.Boltaxodjayeva, Sh.Axatova) ham «qilt» etmadi. Yo‘-o‘q, qonun barchaga barobar deb, urmay boshni yormang. Inson bor ekan (ayniqsa, bizda!), yuzxotirchilik deysizmi, hamkasblik hurmatimi, qaysi tizimda bo‘lmasin, «aji-i» deb chiqaveradi. Bosibroq qaralsa, hal qiluv qarorini necha nafar sudya silab-siypagan bo‘lsa, o‘rtada begona yo‘qdek: deyarli hammasi poytaxt sudlarida pishib-yetilgan qonun peshvolari. O‘rtada begona yo‘q ekan, nizo qonun qarichi bilan emas, «hamkasbning qarori bekor bo‘lguncha, shaytonning bo‘yni uzilsin» qabilida ko‘rilgani ehtimoldan xoli emasday. Rost-da, murakkab bo‘lmagan mehnat nizosi yuzasidan qo‘zg‘atilgan da’vo o‘ta-o‘ta g‘arib asos bilan rad etilganiga boshqa qanday izoh izoh bor?! Da’vogarning shikoyati, xo‘p, mayli, biroq mehnat huquqi muhofazasiga oid vakolatli organlarning buyruqqa, tuman prokuroridan to Bosh prokuror birinchi o‘rinbosarining sud qarori qonuniyligiga jiddiy e’tirozi bejiz emasdir, axir?!

Darvoqe, hamkasbga oqibat ko‘rsatilgani bilan shaytonning bo‘yni uzilmaydi baribir. La’nati qiyomatgacha insonni adashtiradi, adashtiraveradi...

Adashaverishdan O‘zi saqlasin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring