Haqiqat va miflar: maxfiy til, kasbu kor, qiz olib qochish, baron va boshqalar...
Samarqandning mahobatli obidalari soya solgan qadimiy ko‘chalaridagi shiru shakar lahja bilan bejangan manzarani lo‘lilarsiz tasavvur qilish qiyin. Ziyoratgohlar, bozor-joylarda har qadamda uchraydigan lo‘lilarga e’tibor bilan qarasangiz, ular orasidan mashhur hind kinoaktyorlari qiyofadoshlarini topishingiz mumkin.
Birinchi maqola: Savodsiz qolayotgan lo‘li bolalari: Aybdor kim, harf tanimagan ota-onami, an’analarmi, maktabmi yoki ishsizlik?
Tarixdan bir shingil
Lo‘lidan chiqqan olim, tarix fanlari nomzodi Xol Nazarov markaziy osiyolik lo‘lilarning kelib chiqishi haqidagi manbalarni o‘rgangan. Jumladan, akademik Barannikov lo‘lilarning asl vatani Hindiston deb, ushbu millatning Hindistondan Eronga o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotlarni keltirgan. Etnograflar Snesarov, Troitskayalar ham shu fikrni boshqa dalillar asosida qo‘llaydilar.
Xol Nazarov uzoq yillar davomida lo‘lilarning turli etnonimlari, xalq rivoyatlari, mashg‘ulotlari, madaniyatidagi qirralarni o‘rganib, O‘rta Osiyo lo‘lilarining kelib chiqishini Hindiston bilan bog‘laydi. «Noqulay tarixiy sharoit lo‘lilarni o‘z yurtini tashlab chiqishiga sabab bo‘lgan», deydi olim. Ular, tabiiyki, madaniylashgan, boy yurtga yo‘l olishi kerak edi. O‘rta Osiyo bu talabga javob berardi. Nazarovning fikricha, Hindistondan lo‘lilarning O‘rta Osiyo va boshqa davlatlarga emigratsiyasi eramizning X asridan boshlangan. XIV asr oxirida Temurning Hindistonga yurishi bu jarayonni tezlashtirgan.
Tarixchi olim Hofiz Sheroziy g‘azallarida, Boburning «Boburnoma»si, Abul G‘oziyning «Shajarai turk» asarida lo‘lilar haqida yozilganligini ta’kidlaydi. XVIII asrda bitilgan Mir Muhammad Amin Buxoriyning «Ubaydullonoma»sida Ubaydulloxonning vaziri lo‘li ekani eslatiladi.
Baronga salom ayting!
Lo‘lilar mavzusi bilan safarga otlanar ekanman, tahririyatdagi qaqajon qizlar: «Baronga salom ayting» deyishdi. Baron haqidagi gaplar aslida lo‘lilar atrofidagi miflardan biridir. O‘zim samarqandlikman, mavzu menga azaldan tanish, bilaman – hech qanaqa baron yo‘q. Lo‘li mahallalari boshqaruvi O‘zbekistondagi boshqa mahallalardan deyarli farq qilmaydi.
Samarqandda lo‘lilar kompakt tarzda yashaydigan mahallalari bir nechta. «Fidokorlar» mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi Arkadiy Sadiyevning ma’lum qilishicha, u boshqarayotgan hudud aholisining 80 foizi lo‘lilardan iborat. Mahallada 1024 ta oila 469 ta xo‘jalikda yashaydi.
«Fidoyilar» aslida yonma-yon joylashgan ikki mahalla birlashishidan paydo bo‘lgan. Arkadiy Sadiyev asosan aralash millatlar yashaydigan «Qumloq» mahallasida uzoq yillar boshchilik qilgan. Mahalla kengayganda oqsoqollik yana uning chekiga tushdi. Rus, o‘zbek, lo‘lilar biroz o‘zgartirib gapiradigan tojik tillarida ham muloqot qila oladi.
Aholi mahalla yig‘ini raisiga qaysi masalalarda murojaat qilishadi? Ularni mahalla yig‘iniga qaysi umidlar yetaklab keladi? Idorada bir muddat kelib-ketuvchilarni kuzatib, murojaatchilarni tingladik.
To‘raqul Ko‘chimov dabdustdan «Butun oila ko‘chada qoldik» deb gap boshladi. «Kadstrimiz bor, propiskamiz bor, domovoyimiz bor. Uyning bir tomoni jarlik, jarlik qulab ketdi. Ikkinchi tomoni ariq. Yomg‘ir yoqqanda suv toshadi har safar. 3-4 yildan buyon yomg‘ir yoqqanda, uyqu yo‘q, bir uy bola-chaqani uy bosmasin degan xavotir bilan tong ottiraman», deydi u.
Ma’lum bo‘lishicha, mart oyi boshlaridagi kuchli yog‘inlardan keyin Turaqul aka yashayotgan G‘ijvudon ko‘chasi, 52-uy yaroqsiz deb topilib, muhrlab ketilgan: «Bir-ikki kun u-bu eshiklarda yurdik. Lekin qachongacha? Majbur bo‘ldik, yana muhrli qog‘ozni o‘zimiz ochib kirib yashayapmiz. Lekin xavotirimizning cheki yo‘q».
Arkadiy Sadiyevning aytishicha, To‘raqul aka oilasi ko‘chib o‘tishi uchun xonadon belgilangan. Lekin bu xonadonni band qilib turgan odamlarni chiqarishda muammo mavjud. Arkadiy aka, o‘rni kelganda, o‘tgan yillarda o‘ta tashlandiq, ichkarida hammomi, hojatxonasi bo‘lmagan ikki qavatli «dom» dan 69 ta lo‘li oilasi «Qorasuv» mavzeiga ko‘chirilganini ham aytdi.
Suhbat 12 aprelda bo‘lib o‘tgan edi. Orada yana kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lib o‘tdi. Maqola nashrga tayyorlanayotganda xabarlashdik. Ko‘chimovlar oilasi «Qorasuv»ga o‘tkazilibdi. Faqat hozircha palatkada (!) yashashyapti.
Gulzoda Saidova esa mahalla markaziga maktabga o‘qimagan qizi va jiyanini olib kelgan. Ular uchun ish so‘ramoqchi.
Avval kelganlarida qizlar tikuv sexiga ishga joylashtirib qo‘yilgan. Biroq uddalay olishmagan. (Bunda maktabda ta’lim olmaganlari ta’siri borligini ularning o‘zlari tan olishdi). Endi farroshlik ishi berilishini istashayapti. Markazda xonalardan biring eshigiga «... aholi bandligi ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha shahar hokimining yordamchisi» degan yozuv paydo bo‘lganidan buyon har kuni ish so‘rab keluvchilar topiladi.
Ammo 74 yoshli Safar Mirzoyev o‘z g‘ami bilan emas, ko‘chaga ekish uchun nihol olib berishlarini so‘rab kelgan: «Ko‘chaboshiman. Necha marta keldim-ketdim. Elandim ham. Axiyri, urishdim ham. Daraxt keltirib beramiz, ekamiz deb necha marta aytildi. Ko‘chani tartibga solish kerak. Uyni ichini hamma o‘zi tartiblaydi. So‘ng simyog‘ochlarga chiroqlarni qo‘ydirish zarur. Hokimdan kelgan odam «qilamiz» deganiga ham bir oy bo‘ldi, qilmadi».
Maqola e’lon qilinishi oldidan surishtirdik: Safar Mirzoyev boshchilik qilayotgan ko‘chada hali nihol ekilmagan...
Ma’lum bo‘lishicha, mahallaga bolalar puli, ijtimoiy yordam borasida murojaat qiluvchilar kam emas. Vaqtida tug‘ilganlik haqida guvohnoma olinmagan holatlarda (kam emas) ham mahalla yig‘iniga murojaat qilisharkan.
Samarqand lo‘lilari hayot tarzi mavzusidagi birinchi maqola e’lon qilingach, ikkinchisi berilmay turildi. Mahalla yig‘ini raisligi saylovlari oldidan xolislik tamoyiliga amal qildik. Saylov natijalariga ko‘ra, mahalla raisligiga yana Arkadiy Sadiyevning o‘zi saylangan. Besh nomzod orasidan lo‘li millatining yagona vakili Sadri Nabiyev nomzodini o‘z xohishi bilan olib tashlagan. «Bolalarim oliy ta’limini xorijda davom ettirmoqchi. 3-4 yil ularning tashvishi bilan bo‘laman», uzrini aytadi u.
Kasb-kor, yashash uchun kurash
Tilanchi, folbin, ko‘zbog‘lag‘ich... Tarixda lo‘lilar kasb-kori borasida ko‘pchilik orasida tarqalgan tushuncha shu edi. Maqola boshida tilga olingan dissertatsiya muallifi Xol Nazarov bilan bundan 20 yilcha avvalgi suhbatda «nega boshqa kasblarni tanlash mumkin bo‘lmagan?» degan savol berganman. «Aftidan tayinli hunari bo‘lmagan kichik xalq bo‘lib, boshqa bir mamlakatga kirib kelish, kompakt tarzda o‘rnashib olish, umrguzoronlik qilish uchun qulay kasblar shu bo‘lgan» degan javob olganman.
80-yillar oxirlarida ham Samarqand mahallalarida (lo‘lilarning o‘zlari yashamaydigan mahallalarda) lo‘li ayollar eshikma-eshik yurib tilanchilik qilar edilar. To‘rvaxaltalar birda yangi, birda qotgan non, turib qolgan qand-qurs bilan to‘lar edi. Bugun shaharda xonadonlarga kirib borgan lo‘li ayollarni deyarli uchratmaysiz. Hozirda Samarqandda lo‘li ayollari shifoxonalar, ziyoratgohlar, ko‘cha-kuyda tilanchilik qilishadi. Sadrining aytishicha, samarqandlik lo‘lilarining qariyb 60 foizi tilanchilik bilan shug‘ullanadi.
«Tilanchilikdan kuniga yuz ming so‘m topishadi, degan gap noto‘g‘ri, — deydi Sadri. —Tilanchilikdan, keling 30 ming, 40 ming topsa, shuni qandaydir doimiy ishdan ham topishi mumkin. Lekin, masalan, borib, biror joydan ish topib bersangiz, shuni qilishmaydi», deydi Sadri. Kuzatuvchilar esa, lo‘lilarning aksariyati asrlar osha qoniga singib qolgan o‘ta erkin kun tartibini o‘zgartirishni istashmaydi deb hisoblashadi.
Mahalla markazidagi 6 nafar xodimning faqat bittasi lo‘li ekaniga e’tibor beraman. U ham bo‘lsa farrosh, 29 yoshli Shahnoza Bahramova. Eri vafot etgach, uch farzandini boqish o‘ziga qolgan. «Uyimdan tomchi tomadi», zorlanib gapiradi u. Maoshini so‘rayman, «1 million 200 ming so‘m» deydi-yu, chaynalib qoladi. Ma’lum bo‘lishicha, ishsizlikni kamaytirish maqsadida bitta shtatga ikkita farroshni ishga olishgan, maosh ikkiga bo‘linadi. Shahnoza bir oyda 600 000 so‘m oladi. Qizig‘i, ular ikki oy ishlagach, boshqa ikki lo‘li ayol bu ish o‘rnini egallashadi va Shahnozalar yana ikki oy ishsiz qolishadi...
Lo‘li ayollarining qandaydir qismi ertalabdan isiriq tutatib bozor, do‘kon, avtobus, shunga o‘xshash kushoyishtalab nuqtalardan rizqini teradi.
Siyob bozorida «taqdiringizda bir narsa ayon bo‘layapti» deya fol ochishga shay lo‘li ayollarni uchratish mumkin. Aynan shu bozorda va uning atrofida ko‘zmunchoq, tumor sotib ro‘zg‘orini butlayotgan lo‘li xotin-qizlar ham bor. Shu xildagi savdo bilan Samarqanddagi ziyoratgohlar atrofida ham shug‘ullanishadi.
Lo‘li ayoli nikohda «oilamni o‘zim boqaman» deb qasam ichishi yolg‘on gap, deydi Sadri Nabiyev.
«Erkaklar birovning eshigiga kirib borishi mumkin bo‘lmaganidan tilanchilikka ayollarning chiqishi shakllangan bo‘lishi ehtimoli katta», deb aytgandi rahmatli Xol Nazarov.
Bugunda lo‘li erkaklar orasida ishlab ro‘zg‘or tebratayotganlar kam emas. Jumladan, Rossiyaga, Qozog‘istonga muhojirlikka borib, u yerlarda yuk ortish, obodonchilik ishlarida, zavod-fabrikalarda ishlayotgan erkaklar bor. Lekin Rossiyaning «harbiy amaliyoti» ortidan muhojirlarga ishning kamaygani, xususan lo‘lilar hayotini ham chetlab o‘tmagan. Qozog‘istonda esa obodonlashtirish ishlari deb oilaviy tarzda, hatto bolalarini maktabidan qoldirib bo‘lsa ham, jo‘nayotgan hollar kuzatiladi. Shuningdek, Samarqanddan Toshkentga borib chiqindixonalarda ishlayotgan oilalar ham anchagina. Samarqandning o‘zida ham chiqindi to‘dalari orasidan yelim idish va metall parchalarini ajratib, qabul qilish nuqtalariga topshiradiganlar ham asosan lo‘lilar. Lo‘lilarni «shaharning sanitarlari» deb ataydiganlar topiladi.
Shaharda «taboqtarosh» degan kasb egalari ham azaldan asosan lo‘li erkaklari bo‘lishgan. Ular yog‘ochdan o‘qlov, elak gardishi, ketmon sopi, oshxona taxtasi, egar kabi ashyolarni yasab bozorga chiqarishadi.
Samarqandda 90-yillardan boshlab yahudiylar ommaviy ravishda Isroilga ko‘chib keta boshlagach, yahudiy erkaklari ishlagan poyafzal tuzatish ustaxonalari lo‘li va o‘zbek yigitlariga qoldi.
43 yoshli Sohib Mirzayev to‘rt aka-uka ulg‘ayishgan. Bugunda ularning har biri alohida-alohida poyafzal tuzatish nuqtasiga ega.
«Moskvaga 20 yil qatnadim. Asfaltda ishladim, dvorniklikka ham ishladim, tachka ham tashidim. Muhojirlik pulidan imorat ko‘tardim, 3 ta qizimni chiqardim, ikki o‘g‘limni sunnat to‘y qildim», deydi u.
Sohib Siyob bozoridan «Shohi Zinda» ziyoratgohiga o‘tiladigan yo‘lda ishlaydi. Aytishicha, topishi har xil. Kecha uyga 45 ming olib kirganini aytadi. Bundan tashqari, ish moslamasini tashish va omborxona xarajati borligini ham ta’kidlaydi. «Niyat qilganman, tushlik uchun pul ketkazmadim» (Ramazon oyi edi).
Poyafzal ta’mirlovchi uni militsiya bo‘limiga olib borishganini gapirib berdi. «Bittasi keldi, man chek yozib beraman, har oyga 350 ming berasan dedi. Man qancha topayapman, o‘zimni o‘zim band qilib o‘tiribmanku dedim. Keyin meni melisaning kattasiga olib bordi. «Topgan odaming sapojnik bo‘ldimi, deb anavini urishdi», samimiy gapiradi Sohib.
«3 ta kelinimiz, ukalarimning ayollari, huv ana, bozor eshigi oldida bodroq sotayapti», deydi u. Sohibning o‘z ayoli esa tasbeh sotadi. «Lekin fol ochmaydi, o‘qimaydi ham, qaytarma-paytarma ham qilmaydi. 5 mingmi, 10 mingmi tasbehini sotadi, bo‘ldi».
Kattaqo‘rg‘ondan tushib lo‘lilar hayotiga ko‘nikib ketgan ayoli savdodan bo‘sh vaqtlarida erining oldiga kelib turadi.
Sadri Nabiyev millatda mavjud dangasalik kayfiyati ularni jamiyatdan ajralib qolishiga sabab bo‘lmoqda deb hisoblaydi: «Erkaklarimizning aksari ishlashni xohlamaydi, kulguli jihati ham, haqiqati ham shu. Muhtaram prezidentimiz farmonlariga binoan har bir mahallaga hokimning yordamchisi qo‘yilgan. Bizning mahallaga Jasur aka bor, birga ishlaymiz. Mana shu odam bilan ancha joyga bordik, ish topdik. Bir necha kishini olib borib qo‘ydik, ishlashmadi...»
Sadri mahalla ishlariga joni dili bilan yordam beradi, millatdoshlari o‘zgarishini istaydi: «Hozir mana Monomarkaz ochilgan. 3 oy o‘qish. Vaqtida bitta payvandlovchilik uchun men 3 yil o‘qiganman. Bu yerga attestat, diplom kerak emas, pasportning o‘zi yetarli. Bizning millat uchun ayni asqotadigan o‘qish. Chunki ko‘pi o‘qimagan, attestat, diplomi yo‘q. Tushuntirdim, ko‘pini o‘zim olib bordim, (bundan biror shaxsiy manfaatim yo‘q). Lekin millatdoshlarimda tushkunlik bordek, o‘zlariga ishonch yo‘qolgandek».
Sadrining traktor, buldozer, ekskavator, hamma kategoriyada haydovchilik hujjatlari bor. Hovlisidagi imoratlarni o‘z qo‘li bilan ko‘targan. Samarqanddagi sayyohlik firmasida haydovchilik qiladi. (Xorijda ana shu kasblarni o‘rganishga qiziqib oliy ta’lim olmagani uchun to‘rtala farzandini ham nufuzli institut, universitetlarda o‘qitmoqchi).
Endi Sadri Monomarkazda o‘zi o‘qib ishga ega bo‘lishni isbotlab berish uchun minora krani boshqaruvi bo‘yicha o‘qishga kiryapti. Bir jiyanini ham olgan. U ana shu yo‘l bilan mahalladoshlari qalbida ishonchni uyg‘otmoqchi.
«Fidokorlar» mahallasigi lo‘lilar orasidan kam sonli bo‘lsa ham ziyolilar chiqqan va chiqmoqda.
Lo‘li millati vakillari orasida giyohvandlik moddalari tashish bilan bog‘liq jinoyatda ayblangan erkak va ayollar ham ma’lum.
Qiz olib qochish
«Qiz olib qochish» aslida yigit va qizning kelishuvi bilan amalga oshiriladi (qizni olib qochish ham mif). Siyob bozorida aravakashlik qiladigan Jonibek 26 yoshda. U 18 yoshida 16 yoshli qizni «olib qochgan». Bungacha ular bor-yo‘g‘i 5-6 oy gaplashib yurishgan. «U maktabda o‘qimasdi. Rossiyadan kelgandi. O‘zi ham rozi edi. Mashina olib keldik-da, o‘tqazib, bir qarindoshimiznikiga olib bordim. Uy egasi oldindan ogohlantirmaydi, kutilmaganda olib bordim. Odat bu, ajablanishmadi. Bir kunda hamma qarindoshlarga ovoza bo‘ldi».
Jonibekning hozirda bir o‘g‘il, bir qizi bor. Hayotidan nolimasligi, kuniga 50-60 ming topishi, bayram oldidan 100 ming so‘m topgan kunlar bo‘lishini aytadi.
Yuqorida tilga olganimiz, Sohib Mirzoyev uch nafar qizdan keyingi o‘g‘li ham unashtirib qo‘yilgan qizni olib qochgan. O‘tgan yil mart oyida o‘g‘liga singlisining qizini unashtirib qo‘yishgan. Kuzgacha biroz yig‘inib keyin to‘y qilmoqchi bo‘lishgan ekan. Lekin unashtiruvdan ko‘p o‘tmay yoshlar qochib ketishgan. «Qiz qo‘ymabdi, e-e-e, sen boshqani sevasan, boshqa bilan yurasan deyavergach, qizni olib qochibdi. Biz Kattaqo‘rg‘onda edik. Qo‘ng‘iroq qildi, olib qochdim dedi. Men «Yaxshi qilibsan, 30-40 million yonimizda qoldi», dedim.
Ma’lum bo‘lishicha, qizning nikoh yoshiga yetmagani bir tomon, eng muhimi, to‘y xarajatlariga kuchi yetmaydigan oilalarda «qiz olib qochish» kengroq tarqalgan. Masalan, 22 yoshli Zunnura 16 yoshida izzat-ikrom bilan to‘y bo‘lib kelgan. Birinchi farzandi tug‘ilishi oldidan ZAGSdan o‘tishgan. Uning aytishicha, kelinlik ostonasiga oq ko‘ylak bilan, to‘y bo‘lib kirib kelish obro‘ hisoblanadi, yoshlarning qochishini bir qism lo‘lilar yoqlamaydi.
Biroq «olib qochish» hollari hamon kuzatiladi. Bundan ijtimoiy muammolar yuzaga kelaveradi. Nikoh yoshiga yetmagan qiz ZAGS bo‘lmagani sabab bolasini uyda tug‘adi. Bunda bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma berilmaydi. Hujjati bo‘lmagan bolalar esa yaqinlargacha maktabga olinmagan. (Endilikda istisno tarzida o‘quvchilar qabul qilinayapti). Yuzlab lo‘li bolalarining savodsiz qolgani sababi ham shu.
Ismini aytmaslik sharti bilan biz bilan suhbatda bo‘lgan 16 yoshli kelin hikoyasi: «5-sinfgacha o‘qidim, keyin qochib ketmasin deb maktabdan olib qo‘yishdi. Lekin maktabga bormaganim uchun ko‘chalarda ko‘prok yuradigan bo‘ldim. Qizlar bilan faqat shu mavzuda gaplashardik. Shunda mahalladoshim bilan uchrashadigan bo‘ldim. Qochib ketdik. Yarim yil bo‘ldi, homiladorman. Ochig‘i, pushaymonman».
«Fidoyilar» mahallasi xotin-qizlar faoli Gulandom Xo‘jayeva olti yillik faoliyatida aynan shu illatga qarshi qator tadbirlar o‘tkazilgani, o‘tkazilayotganini aytadi.
«Yig‘ilishlarda tushuntiramiz, xonadonlarda bo‘lamiz, maktab bilan hamkorlikda ishlaymiz. Ammo shunga qaramay, muammo tugamadi. Garchi olib ketilgan qizga to uning ota-onasi rozi bo‘lmaguncha, yarash oshi berilmaguncha, yigit qo‘l tekkizmasa ham, ota-onalar voyaga yetmagan qizlarini olib ketishmaydi. Qizni olib qaytish juda uyat hisoblanadi, oriyat bilan o‘lchanadi. Lekin 6 yillik ish tajribamda faqat bitta holatda qizni ota-onasi qaytarib olib ketishdi. Oila obro‘li, qizni yigit xotin ustiga olib qochgan edi. Shu sababli el-yurtning gapiga parvo qilishmadi», — deydi Gulandom.
Odatda olib qochilgan qizga katta to‘y berilmaydi. Biror haftalardan keyin 10-15 kishilik yarash oshi tortiladi, xolos. Shundan keyin nikoh o‘qiladi va yashab ketishadi.
Mahalla ayollarini suhbatga chorlaganimda, hatto 13-14 yoshli qizlar qochgani holatini aytildi. Masalaning yana bir og‘riqli nuqtasi voyaga yetmagan qiz tug‘ruqxonaga borolmaydi! Uyda tug‘ish degan gap ramziyligini tushuntirishdi. Tug‘adigan kelin yaqin tumanlardagi (Urgut, Jomboy) qarindoshlar uyiga olib boriladi. O‘sha yerdagi vrachlar bilan gaplashib bola tug‘diriladi.
Tug‘ilgani rasman qayd etilmagan bolaga guvohnoma berish so‘nggi yillarda biroz soddalashtirildi. Endilikda ota-onalikni belgilash uchun, qonunda belgilangan DNK tahlili emas, balki ikkita guvoh olib kelinadi va shu asosda hujjat rasmiylashtiriladi. Shundan so‘nggi yillarda 14-15 yoshlargacha bo‘lgan ko‘plab o‘g‘il-qizlar hujjatli bo‘lishdi. DNK tahlili qimmatligi (bir yarim, ikki million so‘m atrofida) ularning tug‘ilganlik guvohnomasiz qolishiga sabab bo‘lgan. Biroq, shu tarzda, deydik, qarindoshlar bolalari o‘zlashtirib olinmasligiga kim kafolot bera oladi, degan savol ham o‘rtaga chiqadi.
Bugunda maxfiy til nega kerak?
O‘rta osiyolik lo‘lilarning bari tojik tilida gapirishadi. Bu, ular tarixan, eng avval, tojiklar yashaydigan manzillarga ko‘chib kelib, davr o‘tishi bilan tojiklar tili, dini, urf-odatlarini qabul qilgani bilan izohlanadi.
Samarqandlik lo‘lilar tili mahalliy tojiklar tilidan talaffuzida va ba’zi so‘zlarda unlilar o‘rni almashtirilishi bilan hamon farq qilib keladi. «Samarqandlik lo‘lilar azaldan tojik tili bilan bir qatorda o‘rta osiyolik lo‘lilar uchun umumiy bo‘lgan yashirin, argo tilidan ham foydalanib kelishgan», deb yozgandi tadqiqotchi olim Xol Nazarov.
Hozirda ham yashirin til mavjudmi? Lo‘li faollaridan Sadri Nabiyev qayerda bo‘lmasin, lo‘liligini yashirmasligini ta’kidlaydi. «Men tojiklarga tojikcha emas, lo‘licha gapiraman. Chunki, tojik va lo‘li tillarida 2-3 foiz talaffuz farq qiladi. Lo‘li tili adabiy fors tiliga yaqin. Suhbatdosh mening tilimni tushunar ekan, nima qilaman, o‘zimni qiynab?»
Sadri lo‘lilar begona bir mamlakatga kirib kelgach, hayot tarzi qo‘shimcha yangi til ko‘rinishidagi so‘zlar ixtirosini taqozo qilgan, deb tushuntiradi:
«Masalan, kel degani — vars, ber degani — hob, olib kel degani — varson deb aytiladi. Bu maxfiy til. Tilanchilikka chiqqanda, u yoq-bu yoqqa chiqqanda, bir boyvachcha keldimi, xayr qilayaptimi, sen ham kel, deb chaqirib bo‘lmaydi, birda vars deb qo‘yadi. Lekin bu tojik tilidan 20-30 foiz maxfiy til, butkul maxfiy til emas. Eng kerakli, pul ishlaydigan tomonlarini o‘ylab shu til ixtiro qilingan».
Hozirda bu tilni lo‘li bolalari go‘dakligidanoq bilarkan. Shuningdek, lo‘lilar orasida yurgan tojik, o‘zbeklar ham qisman o‘rganishgan. Zamondosh lo‘lilar o‘zbek tilida erkin gapiradilar. Lo‘li bolalari o‘qiydigan maktablarda o‘zbek, rus va tojik sinflarida o‘qish uchun tanlov berilgan.
To‘y va aza
Internetda tarqalgan lo‘li to‘ylarini ko‘rib, ularning hamma to‘ylari shunday dabdabali o‘tadi, deb o‘ylash xato. Safarimiz davomida bizga ekspertlik qilgan faol lo‘lilardan Sadri Nabiyev katta to‘ylarga sabab — kaltabinlik deydi.
«Masalan, muhojirlikda gadoylik qilib topgan puliga katta to‘y berish ilmsizlikdir. Xo‘jako‘rsinlik. Odamlarga ko‘rsatish uchun to‘y qilinadi. Ikkinchidan, fikr yo‘qligi. Deylik, men 200 ta emas, 100 ta odamga to‘y beraman. Qolgan pulimni bolalarim o‘qishiga sarflayman. Undan qolsa, sayohat qilaman. Bilimi, farosati bo‘lsa, bolalarimni o‘qitay yoki hech bo‘lmasa, ertaga qish keladi, sovuqda tilanchilikka chiqmasdan uyda o‘tirish uchun g‘amlanayin deydi», ta’kidlaydi u.
Sadri lo‘li millati musulmon ekanini qayta-qayta uqtiradi. Urf-odatlar islomiy. Hatto olib qochilganda ham nikoh o‘qiladi. Boshqa holatlarda 2-3 marta sovchi qo‘yadi. Kelin yangi xonadonga «bismilloh» deb olib kiriladi. Lo‘li to‘ylari shovqin-suronning ko‘pligi, erkagu ayol, bolalarning aralash-quralash o‘tirishi bilan xarakterli. Vaqtida, Samarqand shahridagi lo‘lilar to‘ylarida «mana man» degan san’at yulduzlari xizmat qilgani ma’lum. Hozirda esa oddiy oilalar bunday to‘ylarga, hatto san’atkorsiz to‘ylarga ham qurbi yetmaydi.
Lo‘lilarda aza marosimlari ham shahardagi boshqa musulmon xalqlariniki kabi. Erkaklar uch kun bel bog‘laydi. Ayollar «yil oshi» berilguncha aza libosida yurishadi.
Qabriston borasida samarqandlik lo‘lilar «Shabbona» filmi ijodkorlaridan hali-hamon ginalarini yashirishmaydi. «Xolmurod Nazarov (Olim Xol Nazarovning o‘g‘li) mahalla raisi edi, shu odamni Toshkentga jo‘natdim. Shu kino tufayli. Qaysi aql bilan murda uyda ko‘milgani tasvirlangan. Alhamdulloh, bizlar musulmon» — endi ehtirosga berilib gapiradi suhbatdoshim. U boshqa millat vakillarini kamsitish yoki maqtanish istagi yo‘qligini aytib, qiyoslaydi: «Shu tilanchi ayollarimiz o‘ziga biroz qarab «boshqa ishlar» qilishi ham mumkin edi. Lekin boshidan ro‘moli tushmagan, ochiq-sochiq kiyinmagan xotin-qizlarimiz «gadoy» degan tamg‘ani bo‘yniga olsa ham, fohishalikdan hazar qiladi. Bizlarda go‘daklar bolalar uylariga berilmaydi. Ota-onalar qariyalar uylariga topshirilmaydi».
Keyin Sadri, Arkadiy aka bilan Shohi Zinda qabristoniga yo‘l oldik. Manzilning lo‘lilar uchun ajratilgan qismida Sadrining yaqinlari dafn etilgan. Tilovat qilindi.
Samarqand lo‘lilari biror bir madaniy-ijtimoiy markazga birlashmagan. Ular oralaridan chiqqan olimlar, mashhur kishilarni faxr bilan tilga oladilar. Faollar millatning yagona kamchiligi — ilmsizligi deb bilishadi.
Xol Nazarov tadqiqot olib borgan 70-yillarda O‘rta Osiyoda 30 mingdan ortiq lo‘li borligi aniqlangan. 2000 yillar boshida bu raqam 50 mingdan oshgan bo‘lsa kerak, degandi olim. Hozirdagi qiyosiy raqamni aniqlash imkoni bo‘lmadi. O‘rta Osiyodagi lo‘lilarning 70 foizi O‘zbekistonda yasharkan. Boshqacha aytganda, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan boshqa barcha viloyatlarda lo‘lilar bor.
Lo‘lilarning hujjatlarida ularning millati «lo‘li» deb qayd etiladi. Ammo ular rasman o‘zbek yoki tojik deb yozilgan hollar ham mavjudki, bu lo‘lilar sonini aniqlashda chalkashliklarni keltiradi.
Mustahkam Tangriyor, «Xabar.uz» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter