Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Hamon og‘riqli mavzu

Hamon og‘riqli mavzu

Hayit oldidan bir kunga Toshkentga borib qaytadigan bo‘ldim.

Taksi Samarqanddan yo‘lga chiqqanda kun endi yorishayotgan edi. 

...Yonimdagi ayol qirq yoshlar atrofida, yuz-qo‘llarida jazirama quyosh ta’siri yaqqol seziladi. Bir qarashda o‘qituvchimikan, deysiz. Tomorqasida ham ishi bo‘lsamikan? «Ertaga arafa, siz ham bugun qaytasizmi?» gapga solaman uni. «Ha, bugun o‘g‘limning hujjatlarini maxsus litseyga topshiramanu, qaytaman. Imtihonlari boshlanganda dadasi bilan birga boradi, ikki-uch kun qolishi kerak-da» samimiyat bilan gapiradi ayol. U bir necha kun avval ham Toshkentga borib kelganini aytadi. Ilmiy ishi masalasida. Toshkentdagi botanika bog‘ida ekilgan va o‘zi Past Darg‘omda, fermer xo‘jaligi hududida ham parvarish qilayotgan tog‘ rayhonini qiyosiy tahlil qilish uchun. Ilmiy ob’yektning taqqosi uchun, qog‘oz-qalamini ko‘tarib vaqt-vaqti bilan Toshkentga borib qaytarkan.

Tog‘ rayhoni.

Xullas, hamrohim Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti doktoranti bo‘lib chiqdi. Tayanch doktorant Xurshida Boboyeva! Tog‘ rayhoni tadqiqoti bilan bog‘liq sarguzashtlarni shunday hikoya qiladi: «Tog‘dan olib tushib ikki yil ekdim, o‘xshamadi, uchinchi yilda nihoyat undi. Hovlimizda ham ekkanmiz, fermer xo‘jaligida 6 sotix yerda tog‘ rayhoni yetishtirilayapti. U avvalo dorivor o‘simlik sifatida qadrli. Uch yil deganda madaniylashtirishga erishdim. Hozir o‘ziga xosligini o‘rganib borayapman. Bu o‘zi biryo‘la xonaki rayhon, kiyiko‘ti va yalpizning hidini beradigan mayda gulli o‘simlik». Shu joyida telefoni jiringlab qoldi. Eri, ayoli qanday borayotganini so‘raydi. Xurshida javob beradi-yu, keyin qaysi narsa qayerda ekani, usti yopib qo‘yilgan nonushtani, bog‘chaga yuborishdan oldin Odinaxonning paypog‘ini albatta kiygizish kerakligini, o‘g‘illar maktabga kechikmasligi uchun ertaroq uyg‘otish lozimligini, yana nimalarnidir uqtiradi. O‘z navbatida, er ham allanarsalarni so‘raydi shekilli, javoblar: «tortmada», «ishga ketishingizdan oldin... » .

Ayol oilasi haqida gapirayotganda o‘zi ham yayrayotganini his qilasiz. Besh nafar farzandi bor ekan. Kichigi hali sakkiz oylik. Bog‘chaga boradigan qizalog‘i to‘rt aka-uka orasida o‘zgacha erkalanadi... «Bolalar maktabga chiqmasidan ammasi keladi. Qaynonam ham. Hammamiz bitta qishloqdamiz. Avvallari qaynonamning o‘zlari kelib bosh-qosh bo‘lib turardilar, hozir biroz qaridilarmi, shunaqa paytlarda ammajonni ham chaqiramiz. Dadamiz ham o‘z ishlariga ketishlari kerak». Orada biroz sukut cho‘kkan paytda ayolning ko‘zlari yumilib boraveradi. «Opa, soat 2 da uyg‘ongan edim» deydi xijolat bo‘lib. 

«Ayollar huquqlari, gender tengligi, ularni mediada yoritish» degan tadbirga otlanganmanu, u yerda hali Xurshida kabilar haqida yozganda, ayolning o‘zinigina emas, balki atrofidagilari qiyofasini ko‘rsatish ham muhim deb aytilishi xayolimga kelmaydi. Bu haqda Aqidaxonim gapiradi: «Ayollarmiz, «zo‘ravonlik mavzusida kamroq yozinglar, qizlarimiz erga teggisi kelmaydi», deb yozishayapti. 17, 18 yoshli qizlar «Sukut saqlama»ni o‘qirkan. Ularning tasavvurida barcha erkaklar zo‘ravon degan tushuncha shakllanayapti. Bu noto‘g‘ri fikr, albatta. Bizlarda baribir oilaviy qadriyatlar, oila instituti degan narsa bor.

 

Mediadagilarga iltimos qilgan bo‘lardim, muvaffaqiyatli xotin-qizlarimiz haqida ko‘proq yozishsin. Yozganda ham oilada ham, ijtimoiy hayotda ham ular muvaffaqiyat yo‘lini topishi, nimagadir erishishi ortida turgan erkaklar timsolini ham ochib bersinlar. Ayolning qaysidir darajaga yetishi oson emas. Uy-ro‘zg‘ori ishlaridan chalg‘ishga to‘g‘ri kelgan kunlarida otasi, eri, akasi, ukasi, o‘g‘li uni tushungani, uyida janjal chiqmagani uchun ham ayol qandaydir qadamini tashlay olgan hollar kam emas. Deylik, o‘zi minib yurgan haminqadar ulovini sotib, qizining ta’limiga pul tikkan otalar, ayolining tadbirida ko‘rgazma uskunalarini tayyorlab beradigan erlar, boshqa qandaydir usulda opasi-singlisini qo‘llayotgan akalar, ukalarni bilamiz...»

Jamiyat ikkiga bo‘linib ketishi kerak emas, deydi amaliyotchi. Ayollar haq-huquqlari haqida gap ketganda, feminizm degani bu erkaklarga qarshi chiqish emasligini tushunmaydiganlar kam emasligi davra suhbatida alohida ta’kidlandi.

Tadbirda ishtirok etgan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonaton Xenik «Shaxsan men feminizm, feminist degan so‘zlarni qanday tushunaman? Bu, ayollarning huquqi erkaklar huquqi bilan baravar bo‘lishi kerak degani, ulardan ko‘p bo‘lishi yoki kam bo‘lishi kerak degani emas. Misol uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarida hamon ayollar va erkaklar oladigan maoshda farq bor. Garchi ular bir xil ishni qilishsa ham, ayollar maoshi kamroq to‘lanadigan joylar kuzatiladi» dedi.

O‘zbekitonda feminizm bilan bog‘liq og‘riqli nuqtalar boshqa jihatlarda ko‘rinadi.

«Davra suhbati»larida ishtirokchilar qaysidir jihatda hamfikr chiqmasligi tabiiy holat. Biroq, qizlar o‘qishi kerak degan gapni barcha quvvatladi...

O‘sha kuni Toshkentdan qaytishda taksida yana bir hamrohim go‘zal lavhaning qahramoni bo‘lgulik chiqdi. «10 kundan buyon Toshkentdaman. Qariganda bir o‘qib qolay dedim-da», sharaqlab kuladi ko‘ngli ochiq ayol. «Aniqrog‘i, dadasi «o‘qi, o‘qi» dedilar. Bolalarim kelgusi yillarda maktabni bitirishadi» deya qo‘shib qo‘yadi ayol. Hazillashib o‘zini «qariganga» chiqargan Dilorom bor-yo‘g‘i 42 yoshda, Tayloqdagi markaziy shifoxona reanimatsiya bo‘limida hamshira ekan. Lekin, bolalikdagi orzusi o‘qituvchilik bo‘lgan, sharoit tufayli hamshiralikni tanlagan. «5 yildan beri Toshkentning yo‘lini o‘rganib qolganmiz. Toshkentda onkologiya ro‘yxatidaman. Kimyo ham oldim. Bu yil ham tahlil natijalari yaxshi chiqsa, nasib bo‘lsa ro‘yxatdan chiqarilaman». Hozirda u xususiy universitetning 2-bosqichini bitirdi.

Tadbirdan bir necha kun o‘tib bankka ishim tushdi. Uyimizga eng yaqin bankning to‘lov kassasida nega buncha uzun navbat desam, oliy ta’lim dargohlariga shartnoma to‘lovlari o‘tkaziladigan kunlar ekan. Qo‘lida bir dasta pul tutganlar orasida 30-40 yoshdagi xotin-qizlar kam emas. Mana, novcha juvon 32 yoshda, 3 ta bolasi bor, 2-bosqichni bitirayapti. «Qaynonam o‘qishimga rag‘batlantirib keldilar. O‘zlari bir umr maktabda dars berganlar. O‘quvchilari hamon ularni yo‘qlab kelganda yashnab ketadilar. 2 mln 800 ming so‘m pensiya oladilar. Lekin, turmush o‘rtog‘im har sessiya vaqtida «shu zarurmidi?» deb qo‘yadilar» deydi ayol. 60 yoshlarga yaqinlashib qolgandek ko‘rinadigan jussasi kichikroq oddiy bir qishloq ayoli esa qo‘lidagi raqamli qog‘oz tabloda ko‘rsatilganiga qaramay navbatini o‘tkazib yuboribdi. U ham oliy ta’lim bilan bog‘liq to‘lovni to‘larkan. Soddagina ayol avval narigi kassada dollarini so‘mga ayirboshlashi kerakligini ham bilmaydi. Qo‘lidagini mahkam ushlaganda pildirab u yoqdan bu yoqqa boradi, bu yoqdan zalning boshqa chetga o‘tadi. «Kelinim o‘zi kelolmadi-da. Shu yil birinchi bosqichga kirayapti» deydi maqtangandek. Kassaga yaqinlashib qolgan qizgina shu gapni eshitganda orqaga o‘girib, unga tikilib qarab qoldi va dedi: «Men o‘qishga kiraman degan kunim qaynonam uydan haydab soldi. Keliningiz baxtli ekan». Anavi qaynona Oqdaryodan, haydalgan kelin Urgutdan ekan...

Kuni kecha bir davrada yonimda o‘tirgan, avgust oyida kelin tushirmoqchi ayol aytib qoldi: «Men kelinimni o‘qitaman degan va’da bilan fotiha qilganman. O‘g‘lim esa o‘qimaydi, deyapti. Uyda o‘tirishi kerak, deyapti. Nima qilay?».

Ayolga javob topolmadim. Lekin, tushundimki, mavzu hamon og‘riqli.

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring