Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sobiq erim bolalarimga men haqimda turli bo‘htonlarni aytmoqda. Nima qilishim kerak?

Sobiq erim bolalarimga men haqimda turli bo‘htonlarni aytmoqda. Nima qilishim kerak?

2 nafar farzandim bor. Erim bilan ajrashganmiz. Sud ajrashtirganda farzandlarim bilan ko‘rishish huquqini belgilagan. Biroq har safar dadasi bilan ko‘rishib kelishganda farzandlarimning menga nisbatan munosabati o‘zgarib qoladi. Dadasi ularga men haqimda turli bo‘htonlarni aytib, men haqimdagi fikrlarini o‘zgartirib qo‘yadi. Aytingchi, ushbu holatda nima qilsam bo‘ladi?

Ushbu savolga yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Akbarshoh Teshaboyev izoh berdi:

— Agar sobiq turmush o‘rtog‘ingiz farzandlaringizni sizga bo‘lgan to‘g‘ri munosabatini o‘zgartirib qo‘yayotgan va u berayotgan ma’lumotlar bolalarning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, u holda sizning onalik huquqlaringiz sud tomonidan himoya qilinadi.

Jumladan, Oila kodeksining 75-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, «Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas».

Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq, «O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi».

Oliy sud Plenumining «Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi Qarori 7-bandiga muvofiq, «sud ota-onaning huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emasligidan kelib chiqib, sud ota-onaning bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash haqidagi da’vosini, qabul qilingan qarorda asoslantirgan holda rad qilishga haqli».

Siz bildirayotgan vajlaringizni asoslantiruvchi dalillar bilan oldingi hal qiluv qarorini chiqargan sudga bolalaringizning otasini ular bilan ko‘rishish tartibini bekor qilish yoki qaytadan ko‘rib chiqish haqida murojaat qilishingiz mumkin. Sud esa arizangizni ko‘rib chiqib, tegishli va qonuniy qaror chiqarib beradi.

Unutmang, hech kim bolalarga ularning onasi haqida yomon gaplar aytishga haqli emas!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring