Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Yo‘l (The Road)» kinosi – tiriklik to‘xtagan dunyo. Sizning ichingizda olov bormi?

«Yo‘l (The Road)» kinosi – tiriklik to‘xtagan dunyo. Sizning ichingizda olov bormi?

AQSh kinoijodkorlari tomonidan 2009-yil ishlangan «Yo‘l» kinosini ilk bor 2012-yilda ko‘rgan edim. O‘sha yil apokalipsis qayta-qayta ta’kidlangan bir davr edi. Ya’ni, kino sanoatida postapokaliptik janr yana modaga qaytdi, yana dolzarblashdi. Garchi janr sifatida uzoq vaqtdan beri yangi hech narsa taklif qila olmasa-da unga talab ortgan edi. Amerikalik yozuvchi Kormak Makkartining «Bu yer qariyalarning joyi emas» romaniga ishlangan kino to‘rtta «Oskar»ni oldi. Uning «Yo‘l» romani 2007 yili «Pulitser» mukofotiga sazovor bo‘ldi va uch yil davomida eng ko‘p sotilgan kitoblar ro‘yxatiga kirdi.

Film quyoshi ketib qolgan dunyodagi odamlar va ularning hayot uchun kurashishlari haqida. Qorong‘u, kulrang olamda bolakay dunyoga keladi. Kelajak haqida gap bo‘lishi ham mumkin bo‘lmagan dunyoda!

(Suratlar internetdan olindi)

O‘simliklar o‘smay, daraxtlar barg chiqarmay qo‘ygan dunyoda. Tiriklik to‘xtab qolgan dunyoda tirik qolishdan ma’no qidirishning o‘zi g‘alati. Ammo odamzod har qanday vaziyatdayam inson bo‘lib qolish haqida o‘ylay oladimi, degan savol ming yillardan beri bahsli, bu kinoda esa bo‘larkan-da... Hayot to‘xtab qolgan, odam o‘layotgan dunyoda insoniylikni o‘ldirmaslik kinoning bosh maqsadi. Filmda noma’lum epidemiya tufayli butun insoniyat yo‘q bo‘lib ketadi va faqat oz sonli odamlar oziq-ovqat uchun kuchsiz va yolg‘izlarni ovlaydilar. Baxt arvoh xotiralari shaklida qoladi. Film bosh qahramoni o‘tmishda qolgan go‘zal hayotini, xotinini bot-bot eslaydi va bu sizga ham shu hayotni qadrlashni anglatadi go‘yoki.

Film psixologik jihatdan  juda og‘ir. Hayotning ma’nosini yo‘qotish va kelajakka bo‘lgan ishonchning ekzistensial jarligi. Film qahramonlari uchun kelajak yo‘q. Ular kelajakni xohlashganidayam bunga imkon yo‘q.

Omon qolish muammolari odamlarni kechayu kunduz band qiladi? Va nima uchun omon qolish kerakligi ham mavhum, tubsiz jarlikdek. Dunyoning barqarorligi, mustahkamligi va go‘zalligi o‘z mohiyatini yo‘qotdi. Dunyo so‘zi ahamiyatsiz bo‘lib qoldi. Ahamiyatsiz dunyoda odamning hayoti ham ahamiyatsiz. Ana shu ahamiyatsizliklar ichida erkak ayoliga sen juda chiroylisan deya oladi... Garchi hammayoq xaos – kulrang tuman va dahshat. Atrof kul, suv va tumandan iborat. Hech kim va hech narsaning oldida mas’uliyat yo‘q. Tuyg‘ular o‘zgargan. Hayot avvalgidek mas’uliyatli, orzuli va endi og‘ir ham emas. Va odam so‘zi unutildi, kichik harf bilan yozila boshlandi. Shu bilan birga, odam odamga zor bo‘ldi. Bolakay  uzoqdan o‘zi tengi bolani ko‘rib shunchalar intiladiki, otasi bilan janjallashadi, «men o‘zim qatori bolani ko‘rdim, u bilan o‘ynamoqchiman, o‘ynamoqchiman», deya bor ovozi bilan baqiradi.

Ularga yo‘lda banditlar uchraydi va ulardan biri so‘raydi:

– Sen vrachmisan, yaradorlar bor, bizning to‘daga yordam berishing mumkin.

– Men endi hech kimmasman...

Ammo kinoda Xudoning soyasi doimo miltillaydi. Bu mavjudlikning ma’nosini, mavjudlikning sababini anglatib turgan Xudoga bo‘lgan ishonch va bir oz ishora.  

Ota Xudo uning o‘g‘lida yashayotganiga xayolan ishonadi. Axir, Xudo qalbdagi olovdir. Agar shu o‘g‘il dunyoga kelmaganda ota allaqachon o‘z joniga qasd qilishi mumkin edi. Ota Yer yuzida juda oz qolgan mehribon odamlarning olovi, ya’ni ichida Xudosi bor deb ishonadi va o‘g‘liniyam shunga ishontiradi. Bu kulrang dunyoda mehribon bo‘lish juda qiyin bo‘lsa-da, siz boshqa odamlarni yemasligingiz kerak. Boshqalar hisobidan omon qolmang, yashamang, deydi film. Ota-bolaning suhbatlari ham shuni «tasdiqlaydi».

Dialog

– Ichingdagi olov so‘nishiga yo‘l qo‘yma.

– Qaysi olov ota.

– Ichingdagi olov.

– Biz haliyam yaxshi odammizmi ota?

 – Ha.

– Nima bo‘lganda ham yaxshi odam bo‘lib qolamizmi?

– Nima bo‘lishidan qat’iy nazar yaxshi odam bo‘lib qolishimiz kerak.

Ular o‘z aravalarini sudrab ketayotgan joyda ko‘r, juda abgor odamni – qariyani uchratib qolishadi. Otasi bolani qariyadan himoya qilib chetga tortadi. Qariya esa ilma-teshik to‘rva-xaltasini ularga qarata otadi. «Menga tegmanglar, meni yemanglar, bor narsam shu», deydi.

O‘g‘il bo‘lsa otasidan yerto‘ladan topilgan shirin suvli bankadan bittasi bilan qariyani mehmon qilishga ruxsat berishini iltimos qiladi.

Otasi o‘zimiz och qolamiz desa ham o‘g‘il cholga shirin suvdan uzatadi. Uning ichida olov bor edi, notanish cholning qo‘lidan xuddi o‘z bobosining qo‘lidan ushlagandek ushlab oladi...

Film juda real tarzda suratga olingan. Qorong‘i, tushkun, kulrang-jigarrang fonlarda. Falsafiy va meditatsiya uslubda. Buni unga tanlangan musiqa ham «ta’kidlaydi».

Xotini o‘zini o‘ldirishni tanlov qiladi.

Dialog

– Balki sen bola bilan xayrlasharsan.

 – Yo‘q.

– Balki tong otishini kutarsan.

– Yo‘q.

– Men bilan so‘nggi tunni o‘tkaza qol.

– Ilojim yo‘q, mening vaqtim keldi...

Tunlar omonat bo‘lgan, osuda tunlarga zor bo‘lgan er-xotinlar. Bir-biriga intiq, zor va shu bilan birga ilojsiz qolgan ko‘ngillar... Yashash uchun imkon qoldirmagan chorasizlik...

Apokalipsisdan keyingi hayot haqida juda ko‘p filmlar suratga olingan, ammo «Yo‘l» filmi ehtimol, muhitni eng ishonchli tasvirlab bera olgan filmlardan biridir. Siz tom ma’noda bosh qahramonlar bilan birga xavotirni, kir-chirlikni, chorasizlikni, sovuqni va yana yashash uchun kurashni his qila boshlaysiz, ular bilan birga topilgan har bir banka va yemakdan xursand bo‘lasiz. Sababi film dunyoning tugashi haqida «gapirmaydi», balki tomoshabinni so‘nggi odamlarning omon qolish muammolarini birga his qilishga undaydi. Qahramonlar vayron bo‘lgan xarobalar orasidan hayot ma’nosini izlaydilar. Faqatgina yo‘l ular uchun qoldirilgan oxirgi imkon. Kinoning boshida bosh qahramon aktyor Viggo Mortensen «Burilish ortida sizni nima kutayotganini hech qachon bilmaysiz», deydi. Ammo eng yomoni, bu burilish ortida yana o‘sha hayot, bo‘shliqqa duch kelishdir. 

Ular nima uchun tirik qolganlar qatorida? Chunki ularning ichlarida olov bor edi, o‘sha yonayotgan olov qahramonlarga bunday sinovga chidashga, aniqrog‘i ko‘nikishga yordam beradi. Aynan olov, nur  ularga inson bo‘lib qolishga imkon beradi va yo‘nalishni ko‘rsatadi.

Erkakning xotini (Sharliz Teron) uchun qiyin paytlarda bola tug‘ilishi o‘zi haqiqiy apokalipsis edi.

Dialog

–Balki bolani tug‘masman.

– Yo‘q biz yashashni uddalaymiz.

– Bu qanaqa hayot va bu hayotda bola nima kerak, bolaga nima kerak?

Ayol bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga kuch topa olmadi va zulmatga unutilib ketishni tanladi. Ota, aksincha, o‘g‘lini qiyin hayotga tayyorlashga harakat qildi va eng muhimi, unga o‘sha «chiroqni»berdi.

Filmning diqqatga sazovor joylaridan biri bu bosh qahramon rolidagi Viggo Mortensenning ajoyib ijrosi. Uning xarakteri juda jonli va ishonchli chiqqan. Siz kinoda aktyor rol o‘ynayotganini his qilmaysiz, balki rostdan ham chorasiz va bir vaqtning o‘zida qahramon otani ko‘rasiz.

Umuman olganda postapokaliptik manzaralarda suratga olingan ushbu film axloq va hayotning ma’nosini izlash haqida.

Bolakay yovuz odamlarning odamlarni yeyish uchun bog‘lab qo‘yganini ko‘rib dahshatga tushadi. 

Dialog

– Biz hech qachon hech kimni yemaymiz-a?

– Albatta, yo‘q.

– Juda och qolib ketsak ham-a?

– Hozir ham ochmiz.

– Demak, biz yaxshi odamligimiz uchun hech kimni yemaymiz. Va bizning ichimizda olov yonayapti, nur bor.

– Xuddi shunday.

Bosh qahramonlar – ota va o‘g‘il (Kodi Smit-Makfi), bu tashlandiq uylar va yo‘llar orasida butunlay yo‘q bo‘lib ketgan «inson tabiati» belgilarini ham namoyish etadilar. Yo‘l bu yerda ota va o‘g‘il «muhabbat»ining ramzi bo‘lib, uni bosib o‘tish bir-biriga xiyonat qilmaslikni anglatadi. «Ichingizda olov bormi?» deb so‘raydi finalda bolakay unga uchragan boshqa oila boshlig‘idan. Va aynan shu savol «umid» va «mo‘’jiza» so‘zlari o‘z ma’nosini yo‘qotgan va unutilgan butun filmni doimo «tirik», balki yorug‘ ushlab turadi.

Dialog

– Sen bilan yurgan kim?

– U mening otam. U vafot etdi.

– Sen men bilan ketishing mumkin.

– Siz yaxshi odammisiz?

– Ha, men yaxshi odamman.Senda tanlov bor, yo otang bilan qol, yo men bilan ket. Agar otang bilan qolsang, endi yo‘ldan yurma.

– Sizning bolalaringiz bormi?

– Bor, o‘g‘il va qiz. Sening yoshingdadir yoki ehtimol sendan kattadir.

– Siz ularni yedingizmi? Ya’ni siz odam yemaysizmi?

– Yo‘q.

– Sizning mana bu yeringizda olov bormi?

– Sen bolakay juda g‘alati ekansan.

Bolakay to‘pponchani yana o‘qtaladi.

– Javob bering, sizning ichingizda olov bormi?

– Ha, mening shu yerimda olov bor.

Bolakay otasi bilan xayrlashadi. Biroz «gaplashadi». Keyin boshini ko‘tarib atrofga qaraydi. U yerda ikkita farzandi bilan turgan boyagi odamni va ayolni ko‘radi. Ayol unga «Biz doimo sizlarning atrofingizda edik, sendan juda xavotirda edim, mana endi xavotirlanmasam ham bo‘ladi, sen biz bilansan», deydi.

Kinoning eng ta’sirli joyi qayerda bilasizmi? Siz uchun bilmadim – men uchun oxirida, bolalar, ayol, oila boshlig‘i – otaning yonida, oila o‘rtasida film qahramonlaridek abgor, kir-chir lekin tirik kuchukcha syujeti bo‘ldi.

Kannibalizm, ya’ni hatto odam odamni yeyish avj olgan zamonda kuchukning yaxshi odamlar orasida tirik qolishi, o‘zlari ovqatga zor bo‘la turib uni ham o‘z yemaklariga  sherik qilishlari bo‘ldi. Filmdagi kuchuk bilan bog‘liq epizod eng katta olijanoblik, insoniylikka urg‘u edi. Ha bu odamlar ham ichida olovi bor odamlar edi.

Sizning-chi, ichingizda olov bormi?

Kinoni ko‘rib tugatganingizdan keyin... biroz tushkun kayfiyatda yurasiz, kino ta’siridan ancha payt chiqa olmaysiz, va, va... miyangizda bir savol qayta-qayta takrorlanadi: «Mening-chi, mening ichimda olov bormi, men yaxshi odammanmi?»

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring