Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bahodir Kamolov: «Yer o‘zidan-o‘zi hosil bermaydi» yoxud ichida shoir, bog‘bon, siyosatchi yashayotgan dehqon

Bahodir Kamolov: «Yer o‘zidan-o‘zi hosil bermaydi» yoxud ichida shoir, bog‘bon, siyosatchi yashayotgan dehqon

Bahodir Kamolov: «Yer o‘zidan-o‘zi hosil bermaydi» yoxud ichida shoir, bog‘bon, siyosatchi yashayotgan dehqon

Dehqondan yer haqida so‘rang, ekin haqida so‘rang. Yomg‘ir yog‘sa hosilim mo‘l bo‘ladi, deb quvonadi dehqon. Quyoshning botishiga, oyning tug‘ilishiga, daraxtning eng tepasidan barg sarg‘ayishiga qarab oladigan hosilini aytib beradi. Yil qurg‘oqchil yoki hosil mo‘l bo‘ladimi tabiatdan o‘rganadi dehqon bashoratni. Ha, biz aksariyat dehqonni xuddi shunday bilamiz va tasavvur qilamiz. Ammo men bilgan dehqon hamma mavzuda suhbatlasha oladi. Ya’ni dehqon, bog‘bon va shoir bloger deymiz biz uni Facebookdagi do‘stlari hazillashib. 46 yoshli Bahodir Kamolov Samarqand viloyati Urgut tumani Mirzabog‘lon qishlog‘ida tug‘ilgan. Oilali, to‘rt nafar farzandi bor.

– Suhbatni nimadan boshlaymiz?

– Keling, Ramazondan boshlaymiz. Qishloqdagi Ramazon saharligidan boshlaymiz. Ramazon saharligida olma gullari ham uyg‘oq... Men ilgari ham bahorda ramazon oyi kelganini, o‘shanda qishloq ko‘chalarini to‘ldirib boychechak aytganimizni eslayman. O‘ttiz olti yilda aylanib kelarkan. Esimda 1984 yillarda ramazon oyida olma daraxti ostida iftorlikdan keyin ro‘zadorlar jamoat bo‘lib namoz o‘qishgani, biz bolalar yashirinmachoq, quvlashmachoq o‘ynaganimiz. O‘sha paytlari ramazon oyi boshqacha kutib olinardi. Odamlarning e’tiqodi mustahkam edi.

Esimni taniganimdan bilaman – qishlog‘imiz bozorchasida doim hayit sayli bo‘lgan. 1980 yildan boshlab hayit sayliga borganman. Lekin o‘sha paytlari odamlar ellik yoshdan keyin qarib salla o‘rab, munkillab qolardi. Oltmish yoshlilar qo‘lida irg‘ay hassa ko‘tarib yurardi. Belida kashtali belbog‘, belbog‘da qini bor pichoq osig‘liq turardi, to‘ylarga borsa suyakni shu pichoq bilan kesishardi. Oshni yeb bo‘lib qo‘lining yog‘ini mahsilariga surtardi. Bobolarning har birining eshagi bo‘lardi. Iftorlarga eshakda kelardi. Qator eshaklar ustida xurjuni bilan bog‘loqlik turardi. Ko‘p uylarda mehmonxonalar bo‘lardi. Bobolar yig‘ilib navbati bilan jamoat bo‘lib namoz o‘qirdilar...

Hayit sayli rosa ajoyib bo‘lardi. Har xil holvalar, ranglangan tuxumlar chelaklarda sotilardi. No‘xatsho‘raklar pishirilardi. Qizlar chamanda gul do‘ppida, o‘g‘il bolalar ham do‘ppilar kiyib hayitga chiqilardi. Keksalar, bemorlardan xabar olinardi. Shu bozor yonida eski masjidda hayit namozi o‘qilardi. 36 yil oldin Ramazon saharligida olma gullaganini bugun yana ko‘rib turibman...

– Qancha yeringiz bor? Mol-holingiz deganday...

– Adirlikda bir gektar lalmi yerda faoliyat olib boraman. Sakson sotix tokzorim bor. Yuz tupdan ziyod mevali daraxtlar ekkanman. Yigirmata qo‘y-qo‘zi, uch bosh qoramolim bor.

Bizda qurg‘oqchilik kelsa yosh ekilgan nihollar qurib ketishi mumkin. Suvni xohlagan payti quyishning iloji bo‘lmagani sabab ba’zi hollarda uch yilda hosil beradigan tokning meva solishini o‘n yil ham kutish mumkin.

Agar yil qurg‘oq kelmasa, toklarni sovuqqa oldirib qo‘ymasam, asosan uzumni mayiz qilib sotib bir yilda ellik-oltmish million atrofida daromad qilaman. Shundan yigirma million atrofidagi mablag‘ni yerning meloarativ holatini yaxshilash, tokzorlarni, yerni o‘zlashtirishga ishlataman.

Bugungi kunda chorva uchun omuxta yem, mineral o‘g‘itlar narxi juda oshib ketgan. «Qaramog‘ida» tokzori bo‘la turib katta yaylovlarni ham egallab turgan fermerlardagi yaylov yerlarni mahallalarga biriktirish kerak, ya’ni u yerlar umumxalq chorva yeri qilib berilsa natijali bo‘ladi.

Chorvaning tuyog‘ini yozib kelish uchun ham kengliklar bo‘lishi kerak. Shunaqa yaylov yerlar ham egalik bo‘lib ketgani uchun odamlarning chorva boqishga qiziqishi past bo‘lib ketayapti.

Bu yil bahorgi yomg‘irga ishonib ozroq kartoshka, ko‘katlar ekdim. Artizan quduqlar ham bor, shu suvga ishonib piyoz, oshqovoq ekaman. Tokzorlarga ishlov berishni boshladim. Mahalliy ozuqa berib suv kiradigan jo‘yaklarini chopdim. Lekin tokni kech ochdim bu yil. Qishki sovuq tokzorlarga, daraxtlarga qisman bo‘lsa ham ta’sir qilgan, o‘riklarning gullashi, toklarning ko‘karishi sust bo‘ldi. Yaqinda tok gullaydi. Tok gulida shunday nafis bir ifor bor. Bunaqa ifor na jiydagulida, na atirgulda bor.

– Auksion orqali yerlarning sotilishi haqida fikringiz qiziq.

– Hozirgi kunda auksion orqali yerlar odamlarga berilmoqda. Ijobiy va salbiy tomonlari ham bor. Yer auksionga qo‘yilgan taqdirda ham birinchi navbatda yerni ishlatishni bilgan, mehnatkash, bog‘-tokzorlari bo‘lsa o‘zi xarajat qilib ishlatib kelgan dehqonlarga berilishi kerak. Yer o‘z-o‘zidan hosil bermaydi. Yerga ham mehr berib mehnat qilsa, xarajat qilib nimadandir kechsa hosil beradi. Shu lalmi, adir yerlar xalqning kuchi bilan bunyod bo‘lgan. Bog‘dorchilik, tokchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida ham haqiqiy dehqon va bog‘bon ishchi kuchi sifatida ishlaydi. Masalan, o‘n gektar fermer xo‘jaligi bor fermer o‘nta ham ishchini yollamay ish yuritadi. O‘sha fermer xo‘jaligida bog‘bon o‘zi ekinni parvarish qiladi, hosil uchun ketadigan xarajatni ham bog‘bon, ya’ni ishchi ko‘taradi. Fermer bilan tog‘-bog‘ yaratgan bog‘bon o‘rtasida shartnoma ham yo‘q, ya’ni bog‘bon nomiga hosil ham kirim bo‘lmaydi. Ishchi deb, fermerda na qayddan, na ro‘yxatdan  o‘tmagan. Ya’ni bu bog‘ ham, fermer ham boqimanda. Shuning uchun yaylov, adir, lalmi yerlarni tugatib negizida haqiqiy bog‘ egalariga dehqon xo‘jalik qilib berish kerak. Daromad pulini fermer qo‘liga bermay, yerga mahalliy o‘g‘it olib berish kerak, ya’ni budjetga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lov amalga oshiriladi. Ishchi o‘rni ham ko‘payadi. Dehqon bilan davlat o‘rtasida boqimanda o‘rtakash fermer nimaga kerak? Prezidentimiz qarori bilan yerlarni auksion orqali sotish bilan dehqon xo‘jaliklariga aylantirish qarorini ijobiy baholayman. Ochiq yerlar bo‘lsa bemalol to‘g‘ri kelgan odamga auksion orqali sotsa bo‘ladi. Lekin bog‘-tokzorlar auksion orqali o‘z egasiga sotilishi kerak. Bog‘-tokni yaratgan insonlar bir umr topgan pulini xarajat qilib parvarishlagan. Lalmi, adir yerlarda bog‘-tok yaratish oson emas, uning zamirida qancha mehnat, xarajat yotadi. Bu ham mening shunchaki bir taklifim...

– Suv masalasi qanday bu yerlarda?

– Og‘riqli muammolardan biri shuki, bizga tog‘dan chashma suvi keladi. Bahorda qorlar eruvi paytida suv juda ko‘p bo‘lib soyda oqadi. Bizdan pastki qishloq Vatkan-Qo‘zibek Chepda amfiteatr qurilgani sababli o‘zlarining arig‘idan suvni o‘tkazishmaydi, ya’ni ular bizning ariqqa qo‘shilishi natijasida ko‘proq navbat kutib turishimizga to‘g‘ri keladi. Ularning arig‘i ham suv ketadigan holatga keltirilgan, ya’ni ular o‘zlarining arig‘idan suv haydasa soydagi bekorga oqib ketadigan sel va qor eruv suvlaridan biz ham vaqtida foydalanib qolardik. Buning bir qancha yechimlari ham bor, rahbarlar bosh qo‘shsa... Yozdagi issiq saraton payti tokzorlar qonib vaqtida sug‘orilmagani bois, uzumlar ellik foiz hosilini tashlab yuboradi. Tomorqasidan o‘n tonna uzum olishi kerak bo‘lgan dehqon besh tonna hosil oladi. O‘tgan yili bahorda bir million so‘mga ikki yuz to‘p tok ko‘chati olib ekkandim. Yuztadan ziyodrog‘i ko‘karib, qolgani quvradi. O‘tgan yili shu joyga ekkanimdan o‘n tup ko‘chat qolgandi.

Men qurilishlarda ishlab yurib yaxshi qarov bo‘lmagan. Bu bechora tokchalarga bir shlang artizan suvini orttirib olib kelish ham qiyin bo‘lganda...

Tokni ko‘paytirib ekib tashlayverish kerak. Vaqti kelganda o‘zini o‘zi «ishlatadi». Qancha «ishlab chiqarish» qilsak shuncha ish o‘rni, o‘zimizga ham, boshqalarga ham sharoit yaratiladi.

– Tomorqadan odamlar unumli foydalanyaptimi?

– Shu joyni – ajriqzorning ajrig‘ini bittalab terib dunyo paydo bo‘lgandan beri birinchi ekinni o‘zim ekkanmanov. O‘tgan yili pomidor ekkandim. Bu yil kartoshka ekib ustidan kul, mahalliy o‘g‘it sepib chiqdim. Mana chopiqqa kelgan sababli chopib qo‘ydim. Endi shu bilan vaqtida sug‘orib tursak boshqa mehnat qilmayman, kovlab olib yeyish qoldi, xolos. Chetlariga oshqovoq ekib chiqdim. Kartoshkani qazib olganimdan keyin joyini oshqovoq egallaydi.

Bo‘sh yer qo‘ymasdan foydalanish kerak. 2023 yil hosili uchun bahor boshqa qaytib kelmaydi. Hamalda, amal qiladi. Amalda ekinlarni amallab ekib, parvarish qilish kerak. Tomorqalar bo‘sh qolmasligi lozim. Bozorda qancha mahsulot ko‘p bo‘lsa shuncha arzonchilik bo‘ladi. O‘zimizni o‘zimiz mahsulot bilan ta’minlasak ham davlat, xalq iqtisodiga foyda keltirgan bo‘lamiz.

Aholi hech bo‘lmaganda kartoshka ekib o‘zini-o‘zi ta’minlasa bozorda kartoshka arzon bo‘lishiga olib keladi. «E, men hech narsa ekmayman, bozordan sotib olaman» desa yurt, xalq uchun zarar qiladi. Yerdan foydalanib o‘zi mahsulot ko‘kartirib, hosil olish ham insonga zavq beradi.

– Qishloq odamlari siyosatdan qanchalik xabardor, deb o‘ylaysiz?

– Qishloq odamlari siyosatni juda yaxshi biladi. Lekin ular, rahbarlarimiz oqil, muammolarimizni hal qilib beradi, shu yurtga bekorga rahbar bo‘lmagan, xalqni o‘ylaydi, deb fikr yuritadi va siyosat haqida bosh qotirmaydi. Sal kimdir siyosatdan gapirsa «siyosatga aralashma, ishni qil», deydiganlar ko‘p. Masalan, atrofimda deyarli hech kim facebookka kirmaydi. Asosan ko‘pchilik telegramda xabarlarni o‘qiydi. Lekin facebook saytida juda ko‘p siyosiy jarayonlar yaxshigina muhokama bo‘ladi.

O‘zim ziyoli oilasida o‘sganman. Otamning to‘qqizta aka-ukasi bo‘lgan, hammasi oliy ma’lumot olgan. Davlat ishlarida ishlagan. Biz ham oilada o‘nta farzand bo‘lganmiz, bizning yoshligimiz mustaqillikning ilk – qiyin davriga to‘g‘ri kelgani, ko‘p bolali oila bo‘lganimiz uchun o‘qishga hujjat topshirishga ham imkon bo‘lmagan. Imkon bo‘lganda o‘z oilamizga o‘ralashib sirtqi o‘qish bo‘lmagani sabab hujjat topshirmaganman. O‘tgan yili sirtqiga hujjat topshirib yuz ball oldim. Balim yetmadi. Bu yil yana topshiraman.

Yoshligimdan kutubxonamiz bor, hozir ham bor kitob o‘qiyman, ba’zan qo‘ylarimni boqib yurganimda yoki ekinlarni sug‘organimda.

– Hosilning mo‘l bo‘lishi ob-havoga bog‘liqmi?

– Bu yil kuz qish o‘z o‘rnida yaxshi bo‘ladi. Bahorning boshi quruq keldi. Bodom bu yil gullamadi, ko‘pgina atirgullarni ham sovuq urdi. Hozirgi yomg‘ir ayni vaqtida yog‘ayapdi.   

Dunyoda eng yaxshi ko‘rganim suv va suv «mahsulotlari» yomg‘ir, qor, muz, shudring, shabnam, bug‘...

– Aytgancha, siz tabiat haqida she’r, hikoyalar ham yozasiz.

– Ha, yomg‘ir haqida badia yozganman.

«Oqshomi bilan shig‘alab yomg‘ir yog‘di. Yomg‘ir ovozi qulog‘imga chalinib turdi. Eng dilbar ovoz, eng nafis ifor, eng yoqimli tomchi yomg‘irda bor. Yomg‘ir yog‘ishini tomosha qilish, uning ostida u bilan birga moziyga sayr qilish ham maroqli. Bu yomg‘irlar ming yillik, balki o‘n ming yillik shirin xotiralarga guvoh. Yomg‘ir har yili yog‘averadi, u dunyo turguncha qolaveradi. Yomg‘ir bizni bahorda chiqqan qo‘ziqoringa yoki chuchmomoga o‘xshatsa kerak. Paydo bo‘lamiz undan zavq olamiz va nihoyat ketamiz.

Yomg‘ir yog‘,

Uzoq yog‘...

Shitirlab yog‘,

Shivalab yog‘.

Qulog‘imga shivirlab yog‘.

Yomg‘ir saslariga, namchil iliq

bag‘riga singib ketay.

Sendan hosil bo‘lgan ko‘lmaklarga loyqa bo‘lib botib ketay....

Quyosh chiqqandan so‘ng,

Par bo‘lib ko‘tarilib uchsam.

Baland tog‘larga chiqib yomg‘ir bo‘lib yog‘sam, yog‘aversam, yog‘aversam.

Qiyomatgacha tinmay yomg‘ir bo‘lib yog‘sam.

Ko‘m-ko‘k o‘tlarga,

Katta-katta xarsang toshlarga yog‘sam.

Irmoq bo‘lsam, ariq bo‘lsam....

Anhor bo‘lsam, daryo bo‘lsam...

Tinimsiz suv bo‘lib oqsam.

Oqib ketayotib ariqqa egilgan ra’nogullarni ko‘rsam, shirin iforlaridan hidlab o‘tsam, yomg‘ir bo‘lib lolalar rangida shabnam bo‘lsam...»

– Ayollar bilan bog‘liq mavzularda ham o‘z qarashingiz bor....

– Ko‘p ayollar o‘zlariga suyanchiq bo‘ladigan, bosh qo‘yadigan «yelka» izlaydi. Oila boqib kuchli ayol bo‘lishdan charchadim, deb o‘ylaydi.

Millat nomusi, ayol nomusini asrash haqida biz erkaklar jiddiy bosh qotirishimiz kerak. Qancha ayol chetda ishlaydi. Hatto daraxtni tepsa ayol yog‘iladigan Hindistonda ham o‘zbek ayolining past ishlarda ishlashi, hatto yengiltak yo‘lda yurishi alamli. Millat taqdiri shumi? Millatning taqdirini o‘ylaydigan rahnamolar, ayollar uchun yuqori maoshli keng ish o‘rinlari yaratish kerak. Ayol yurt g‘ururi bo‘lishi uchun ularga sharoit kerak.

– Yuqorida qurilishga chiqqanman dedingiz, quruvchilikdan ham xabaringiz bormi?

– Ekinlarimni ekib bo‘lgach, faqat sug‘orish ishlari qolganda ba’zida qurilishga ham chiqib turaman. Qurilishda ishlab shuni bildimki, bekorga hamma chet elga chiqib ketmayapti. Chunki joningni jabborga berib ishlasang ham ko‘chadagi mardikordan bir so‘m ziyod pul ololmaysan. Yeyish, ichish va boshqa sharoitlari qamoqda ishlab yurgan mahkumlar sharoitdan ham o‘ta yomon deb hisoblasa bo‘ladi. Pulingni bo‘lib-bo‘lib shunaqa qilib beradiki, topganing uy bilan ko‘cha o‘rtasida yo‘q bo‘lib ketadi. Haftasiga uyga kelib yaxshiroq yeb-ichib ketmasang sog‘ligingni yo‘qotishing aniq. Ovqatga kamroq bo‘lsa ham go‘sht solinglar, yog‘liroq qilinglar, deb murojat qilish befoyda...

Beton quyish kerak bo‘lgan «opilavka» taxtalari o‘n yillik, chirib ketgan, asosiy vaqt  taxtalarni tayyorlash bilan o‘tib ketadi. Bir safar qurilish qilayotgan odamga ming marta aytib olti metrlik to‘qqizta taxta olib keltirdik. Qurilish firmalarimiz, shu sohaga tegishli davlat xodimlari judayam «och», noinsof. Mana shu qurilish firmalarida ishlayotgan xalq ovqati, qilinishi kerak bo‘lgan sharoitlar hisobidan yashayotgandan go‘yo shular... Quruvchi tinimsiz bir oy ishlasada uch yarim-to‘rt millonlar pul  topadi.

Qo‘liga amal tekkan inson borki (hammasimasdir lekin ko‘pi) xalqni yulsam, shilsam deydi. Odamlar uchun bog‘chalar, binolar qurilib sharoitlar qilinyapti, lekin qurayotganlarga sharoit yo‘q.

Bir qaynog‘am Rossiyada ishlaydi. Ularning yeyish-ichishi, uyga jo‘natayotgan puli bilan biznikining o‘rtasida yer bilan osmoncha farqi bor. Yana Rossiyada ishlayotgani uchun soliq ham to‘laydi. Bekorga odamlar chetga ketmayapti ekan. Nimaga bizning xalq Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiyaga borib qurilishlarda ishlaydi-yu ular bizga kelib ishlamasligini tushunganday bo‘ldim. «Ish o‘rinlari yarat», deyapti Prezidentimiz, lekin yaratgan ish o‘rnidagi maosh inson ehtiyojini qondirmaydi. Qarangda o‘sha ishlab chiqarilgan mahsulot bozorda chet elning shu turdagi mahsuloti narxi qatorida sotiladi. O‘sha korxonalar rahbarlari o‘ylash kerak shu maoshga men o‘zim ishlaymanmi, yashay olamanmi, deb. Insof sari baraka bo‘lsin.

Qurilishni bir chetga qo‘yib tahlil qilaylik, masalan kino sohasi – keyingi yigirma yilda bir yaxshi kino chiqmadi. O‘sha «Mahallada duv-duv gap», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Shum bola» kabi kinolar oltin meros bo‘lib qoldi.

– Yana nimalar haqida gapirgan bo‘lardingiz?

– Yurtimizda tinchlik, osoyishtalik bo‘lsin. Qushlar chug‘uri, yomg‘irdan keyingi toza havo, kechikib bo‘lsa ham yoqqan yomg‘irli kunlardan so‘ng tabiat yana go‘zallashdi. Bu yilgi bahor barchamizga xayrli va barakotli bo‘lsin.

                                                                                 Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring