Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Korrupsiya!.. Katta baliqlar qachon ilinadi?

Korrupsiya!.. Katta baliqlar qachon ilinadi?

Har qanday mamlakatni taraqqiyotdan to‘suvchi, tanazzulga yetaklovchi jinoyat bu, shubhasiz, korrupsiyadir! U – jirkanch, botqoqqa botiruvchi illat! Korrupsiya yo‘qolmas ekan, xalqning farovon yashashi, «islohotlarning jadal rivojlanishi» juda qiyin. Bu baloga loqayd qaralsa, shunchalik tomir otadiki, qirqib tashlash og‘ir bo‘ladi. Chunki, bir iborada aytilganidek, korrupsiya o‘z ildizini yuqoriga qarata chuqur otadi.

O‘zbekistonda 2017-yil 4-yanvardan kuchga kirgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish»dir.

Mamlakatimizda «korrupsiya» so‘zi ishlatilgan 207 ta normativ-huquqiy hujjat mavjud. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ishlab turibdi. Keyingi oydan Korrupsiyaga qarshi kurashish va axloq qo‘mitasi ham ish boshlashi kutilmoqda.

«Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda, g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida, o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining saytida.

Xo‘sh, bugun mazkur «ijtimoiy hodisa» O‘zbekistonda qay darajada bo‘y ko‘rsatyapti? Gap faqat qonun, qaror, normativ-huquqiy hujjatlarda, agentlik va qo‘mitalarda bo‘lganida qani edi! Qog‘ozda taxlanib yotadigan hujjatlarning nima keragi bor? Hamma gap ularning mexanizmida, hayotga joriy etilishida. 207 ta normativ hujjatni shunchaki sanab o‘tib, korrupsiyani tag-tomiri bilan sug‘urib bo‘lmaydi. Xalq, oddiy odamlar nima demoqda? Bu mavzuda ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilyaptimi?

Tan olish kerak, bugun ma’lum ma’noda korrupsiyaning yo‘li to‘silmoqda. Xo‘sh, qaysi jabhalarni undan xoli deyish mumkin?

  1. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish. Jamiyatdagi eng og‘riqli nuqta edi. «Eks-variant», «Parovoz», «Bunker» orqali bilimli yoshlarning hayotini poymol qilgan, korrupsiyani gullatgan yillarni esdan chiqarib bo‘lmaydi. Shukrki, hozir bu holatlar uchramayapti.
  2. Propiska. Busiz o‘z yurtingda begona eding. Ko‘cha-ko‘yda militsiya xodimi pasportingni so‘rashi va propiskang bo‘lmasa bo‘limga olib ketishi, keyin otning kallasidek jarima solib, kamiga poytaxtdan «badarg‘a» qilish muddatini ham qo‘yardi. Bugun esa propiska degan muammo yo‘q.
  3. Tegishli litsenziya, spravkalar olish. Odamlarning bir parcha qog‘ozga ega bo‘lish uchun asabiylashishi, uzoq kutishi oddiy holat edi. Barham topdi.
  4. Salomatlik, notarius xizmati, bog‘chaga bolalarni joylashtirish. Pul, pul, pul edi. Bugun esa uydan chiqmasdan ham hal qilish mumkin.
  5. Kadastr masalalari. Amaldorning dimog‘i osmonda edi. Bundan tashqari, ularning «uchar»lari yaxshigina soqqa ishlardi.

Va yana ayrim sohalar (soliq tizimi, YPX va hokazo)...

Ha, korrupsiyaning payi qirqilmoqda. Ammo bu jarayon juda sekin kechmoqda. Korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilmayapti, dadil kurashlar ko‘zga tashlanmayapti.

«Hamma joyda korrupsiya. Hamma joyda o‘g‘rilik. Qo‘limizda aniq hujjatlar bor. Yo‘l qurilishida korrupsiya, suvda, svetda korrupsiya. Maktab, kollejlar qurilishida ham.

Ijtimoiy tarmoqlarda, saytlardayam yozishyapti bu haqda har kuni».

Bu so‘zlar prezidentning 2021 yilda aytganlari va mazkur masala hamon dolzarbligicha qolmoqda.

Aholining oddiy qatlami korrupsiyasiz ish bitishiga hali hanuz ishonmaydi. Chunki bu illat uchrab turibdigina emas, urchib ham ketmoqda. Har haftada – kriminal statistika! E’tibor bering, 2022 yil aprel oyining o‘zida:

  • Termiz shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari G‘.N. subsidiya to‘lanadigan talabgorlarni tanlab olish bo‘yicha komissiyaning mas’ul kotibligidan foydalangan. Bir fuqaroga uy-joy olish maqsadida subsidiya ajratilishi uchun yakuniy xabarnoma berishi evaziga 3 million so‘m pora talab qilgan. 1 million so‘m pulni olgan vaqtda ushlangan;
  • Toshkentda hakamlik sudi sudyasi M.K. ishni javobgarning foydasiga hal qilib berishini aytib, 4000 AQSh dollari so‘ragan. Bu pulning 2500 dollarini olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

O‘tgan yillarda «snos» mashmasi avj olgan bo‘lsa, bugun yerni noqonuniy sotish «trendga chiqdi». O‘z xizmat vakolatidan foydalangan vallomatlar yeng shimarib ishga kirishgan. Joriy aprel oyida:

  • Zangiota tumani hokimi yordamchisi A.Yu. tadbirkor R.ga 8 sotix yer maydonida turar joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olib berish va kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 15.500 AQSh dollarini talab qilib, qo‘lga kiritgan, yana 1000 dollarni olayotganida ushlangan;
  • Aprel oyida, shuningdek, Bo‘stonliqda 5 gektar bo‘sh yer maydonini 1 mln AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan uch nafar fuqaro 50 ming dollarni avans tariqasida qo‘lga kiritayotganida hibsga olingan;
  • Bir shovvoz Samarqand shahar Qorasuv maskanida o‘zgaga tegishli bo‘lgan yer maydonidan bir gektarini 500.000 AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan. 250 AQSh dollarini qo‘lga kiritayotganida ushlangan;
  • Andijon viloyati Izboskan tumani Poytug‘ temir yo‘l stansiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi E.A. stansiya tasarrufidagi yer maydonini fermer xo‘jaligi rahbari va uning akasiga sotmoqchi bo‘lib, 8 ming AQSh dollarini olayotganida ushlangan.

Korrupsiya va uning ko‘rinishlari bo‘lgan poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik holatlariga ham deyarli har kuni duch kelyapmiz.

  • Surxondaryo viloyati Uzun tumani bank kassiri pensiya va nafaqa pullarini qimorga tikib yuborgan;
  • «Farhod dehqon bozori» rahbariyati katta miqdordagi pul bilan ushlangan;
  • Norin tumanida yashovchi ayol aviakassa ochib, 82 nafar fuqaroning har biridan aviachipta va «Kovid-19» ma’lumotnomasi uchun pul olgan va ushbu mablag‘ning hammasini shaxsiy manfaati yo‘lida ishlatgan.

Bular – korrupsiyaga yo‘l qo‘yib qo‘lga tushganlar! Tutqich bermayotgan, harom jig‘ildoni uchun pul olib, tagiga bostirib qo‘yayotgani qancha ekan? Ular haqida tegishli idoralarga xabar berilmaydi, tezkor tadbirlar o‘tkazilmaydi. Chunki pora beruvchi buni xohlamaydi, uning uchun tezroq ishini bitirgani foyda!

Ming afsuski, bugun amaldorlar qo‘lga tushib qolishdan ham, jazodan ham, gunohdan ham qo‘rqmay qo‘yishdi. Ularning oylik maoshi kam emas: 10, 20 million so‘m va undan ham ko‘p oladi. Balki korrupsiya shu qadar urchib, nazorat qilib bo‘lmayotgandir? Shu sababli ham keng quloq yozayotgandir?

«Katta-katta hokimlarni javobgarlikka tortsangiz, sizni hurmat qilishni boshlayman» - Prezident yer ajratishdagi korrupsiya holatlari yuzasidan bosh prokurorga shunday degan edi.

Yaqinda bir tanishim bilan suhbatlashib qoldim. Qilmishlari oshkor bo‘lgan, sohani rasvo qilsa-da, silliqqina qutulib qolgan amaldor haqida hayrat bilan gapirdi u.

«Hayronman, buncha pulni nima qilarkin-a? Millionlar emas, milliardlar! Davlat mablag‘ini o‘zining jig‘ildoniga urgan. Yorilib ketmasmikan, deb ajablanaman. Qiziq, baloyam urmaydi».

Hind olimi va davlat arbobi Abdul Kalam shunday degan edi: «Korrupsiya kabi illatlar qayerdan paydo bo‘ladi? Ular poyoni yo‘q ochko‘zlik tufayli kelib chiqadi».

Eng yomon tomoni shundaki, davlat mablag‘ini puxtalik bilan o‘zlashtirgan amaldorning malakasi oshib boraveradi. Dastlab millionlarga, so‘ng milliardlarga o‘tadi. Bag‘oyat mohirona o‘maradi. Qonunni buzmaydi, balki uni aylanib o‘tadi (Ostap Bender iborasi). Bunga sari nafsi hakalak otaveradi. Katta-katta yeya boshlaydi. Shunday maxinatsiyalar qiladiki, ming taftish o‘tkazilsa-da, aybini topish qiyin bo‘ladi. Har ehtimolga qarshi o‘zi uchun yuqoridan yaxshi «tayach-tanka» topib qo‘yadi. Uni ham oziqlantirib turadi. Xullas, bilganini qiladi, kerak bo‘lsa, xalqning ustidan kuladi. Bugun shunday «katta baliqlar»ning tutqich bermayotgani sababi tizimning zaifligidamikan? Ular qachon tumshug‘idan ilinadi?

Burayda ibn al-Husayb roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Biz biror ishga boshliq qilib tayinlagan odam unga belgilangan maoshdan ortiq mol topsa, u uchun haromdir» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Abdulloh ibn Umar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: «Alloh pora berganni ham, pora olganni ham la’natlagandir» (Imom ibn Moja rivoyati).

Darvoqe, korrupsioner amaldor hadislarni o‘qirmidi? O‘qiganida korrupsioner bo‘larmidi?

Xo‘sh, korrupsiyani batamom yo‘q qilishning qanday yechimlari mavjud? Keng jamoatchilikning fikricha, buning uchun jazoni yanada kuchaytirish kerak. Qilmishi uchun og‘ir jazo kutishini bilgan amaldor korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo aslida tafakkurimizni ham o‘zgartirish fursati yetmadimikan? Biz qonunlarni jazolash mexanizmi deb o‘ylaymiz. Vaholanki, xalq muhokamasidan o‘tgan, deputatlar ovoz bergan, prezident imzo chekkan qonundan qo‘rqish emas, uni hurmat qilish kerak emasmi?

Qur’oni karimda shunday yozilgan: «Bir qavm o‘zidagi holatni o‘zgartirmaguncha Alloh ulardagi holatni o‘zgartirmas» (Ra’d, 11-oyat). Bugun bot-bot aytilayotganidek, ilmdan boshqa najot yo‘q. Biz toki o‘zimizni, farzandlarni yaxshi tarbiya qilmas ekanmiz, olg‘a siljimishimiz mushkul. Afsuski, hali bu darajaga bormadik, miyamiz boshqa xayollar bilan band. U ochofat nafsimizni o‘ylaydi. Shu bois xalq manfaati va farovonligidan ko‘ra, o‘zimizning cho‘ntagimizni qappaytirish borasida bosh qotiramiz.

Korrupsiya tugatiladi. Erta, indin... biror kun! Agar bunga ishonmasangiz, hech bo‘lmasa umid qiling!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring