Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«I operatsiyasi»... Bosh qahramonning achchiq qismati

«I operatsiyasi»... Bosh qahramonning achchiq qismati

Kinotomoshabinlarga Shurik nomi bilan tanilgan aktyor Aleksandr Demyanenkoning hayoti turli kechinmalarga boy edi. U zangori ekran orqali millionlab tomoshabinlarga kulgi ulashgan bo‘lsa-da, o‘zining hayoti havas qilgudek emasdi. To‘g‘ri, aktyor faoliyatining ma’lum bosqichida sezilarli muvaffaqiyatga erishdi, biroq bora-bora aynan shu muvaffaqiyatlari g‘ov bo‘la boshladi.

Birinchi, ikkinchi, uchinchi xotin

Aleksandr Demyanenko 1937-yilning 30-mayida Sverdlovskda dunyoga kelgan. Otasi Sergey Petrovich aktyor bo‘lib, doim ayollar qurshovida edi. To‘ng‘ich o‘g‘li tug‘ilgach, Sergey Petrovich oilasini tark etib, ikkinchi marta uylandi. Bu nikohdan bir o‘g‘il va bir qiz tug‘ildi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Sergey Petrovich birinchi oilasiga qaytdi va Sashaning ikki singlisi – Natalya va Tatyana dunyoga keldi.

Sergey Petrovichning ikkita oilasidagi besh nafar farzandi o‘zaro ahil-inoq edi. U esa... uchinchi marta uylandi va bu xotini – Zoya Pavlovna bilan umrining oxirigacha yashadi. Hamisha otasining yonida yurgan Sasha teatrga qiziqib qoldi. U madaniyat uyi to‘garagiga qatnab, rollar o‘ynay boshladi. Musiqiy maktabda tahsil olardi...

1954-yili maktabni tamomlagan Sasha Sverdlovsk universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Ammo faqat yarim yil o‘qidi. Uni sahna o‘ziga tortardi. Ikkinchi yili Moskvaga yo‘l oldi. So‘ng ota-onasiga telegramma yubordi: «Men Shchukin oliy o‘quv yurtiga qabul qilindim».

Aleksandr Demyanenkoning o‘qishi yaxshi, lekin ko‘p dars qoldirardi. Mashg‘ulot paytida u qo‘lini ko‘tarardi: «Tashqariga chiqsam maylimi?» O‘qituvchi ruxsat bergach, auditoriyadan chiqar va indamay Sverdlovskka ketib qolardi.

Ikkinchi kursda o‘qiyotganida GITIS rejissyorlari Aleksandr Alov va Vladimir Naumov Sashani «Shamol» filmiga taklif qilishdi. Bu rol tomoshabinlar qatori kinoustalarining ham e’tiborini qozondi. Kinoda yangi qahramon — mardonavor, kamtarin, ziyoli yosh yigit paydo bo‘lgan edi.

1959-yili GITISni tamomlagan Aleksandr Demyanenkoni Moska drama teatriga taklif qilishdi. U bu dargohda uch yil ishladi. Demyanenkoni kino o‘ziga ko‘proq tortardi. U Alov va Naumovning navbatdagi filmida suratga tushdi. Keyin yana ikkita kartinada o‘ynadi. «Dima Gorinning martabasi»da halol kassir rolini ijro etdi. Ikkinchi filmning nomi «Katta bolalar» bo‘lib, Demyanenko Didiya Aleshnikova bilan birga o‘ynadi.

1962-yilda Demyanenko teatrni tark etib, Moskvadan Leningradga ko‘chib o‘tdi. U «Lenfilm»da faol suratga tushar, Moskvada yashash uchun joyi yo‘q edi. Leningradda esa uy berishgandi.

«Lenfilm»da Aleksandr «Bo‘m-bo‘sh reys» (1962), «Davlat jinoyatchisi» (1964) filmlarida rollar ijro etdi. Asta-sekin tanildi. Uning rollari haqida matbuotda yozib, rasmlari sotiladigan bo‘ldi. Ammo Demyanenkoning qahramonlari bir qolipda edi: ishi yurishmaydigan, biroq hamisha vijdonli, qat’iyatli yigit... Gayday bilan ishlamaganida Demyanenkoning keyingi taqdiri qanday kechishi hali noma’lum edi.

Vladikmi yo Shurik?

60-yilning o‘rtalarida rejissyor Leonid Gayday komediya suratga olishga kirishdi. Ssenariy «Jiddiy bo‘lmagan sarguzashtlar» deb nomlandi. Bosh qahramon – Vladik Arkov ism-sharifli talaba. Rejissyor bu rolga 40 nafar da’vogarni sinovdan o‘tkazdi, ammo birortasi yoqmadi. Shunda kimdir gapirib qoldi: «Leningradda yaxshi aktyor bor». Leonid Iovich ishini tashlab, Leningradga yo‘l oldi...

Demyanenko qorasoch edi. Filmda uni sariq sochli qahramonga aylantirishdi.

«O‘shanda terisining qabariqlarigacha bo‘yab tashladilar, — deb eslagandi xotini Lyudmila Akimovna. — Bo‘yoqlar judayam sifatsiz edi».

Filmni suratga olish ishlari boshlandi. Ijodiy guruhdan kimdir Gaydayga maslahat berdi: «Qahramonning ismi Shurik bo‘la qolsin». Gayday ma’qulladi. Ko‘p o‘tmay, «I» operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari» ekranlarga chiqdi.

Shurik roli Demyanenkoga ulkan omad va shon-shuhrat olib keldi. Oradan ikki yil o‘tgach, rejissyor bu qahramonning navbatdagi hangomasi — «Kavkaz asirasi yoxud Shurikning yangi sarguzashtlari» filmini suratga oldi. Keyinroq esa «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi» ekran yuzini ko‘rdi.

Mashhurlik va... fojia

«Shurik» Demyanenkoga o‘chmas tamg‘adek yopishib qoldi. U ko‘chaga chiqolmas, odamlar yopirilib, yelkasiga qoqishar, sensirab, ko‘zoynagiga tegib, qulog‘idan cho‘zishga urinishardi. Demyanenko kamtarin va indamas bo‘lib, betakalluflikni yoqtirmas, jirkanardi. Ammo muxlislarning to‘lqinini to‘xtatib bo‘lmasdi.

Shurik roli tufayli uni tomoshabinlar bilan uchrashuvlarga taklif qilishardi (bu aktyorning ikkinchi daromad manbai edi). Biroq...

Ko‘p o‘tmay, omadli deb topilgan rol Demyanenkoning fojiasiga aylandi — ko‘pgina jiddiy rejissyorlar unga rollar berishni bas qilishdi. Ular Demyanenkoga ishonishdan qo‘rqishardi. Tomoshabin qo‘lini bigiz qilib, «ey, axir, bu Shurik-ku», deyishini o‘ylashardi.

Demyanenko o‘z xotiralarida shunday yozgan: «Men shunchalik mashhur edimki, rejissyorlar: «sen, hatto vrachni o‘ynasang ham Shurikligingcha qolaverasan», deb bosh chayqashardi. Ishsiz qolish yanada ko‘ngilsizlik edi».

Bo‘yindagi tosh

Demyanenkoni teatr va TV qutqarib qoldi. U dublyajga boshi bilan sho‘ng‘idi. Robert De Niro, Jan-Pol Belmondo, Umar Sharif, Ugo Tonyassi, Jon Voyt kabi aktyorlar ekranda Demyanenkoning ovozida gapirishgan. U multfilmlarga ham ovoz bera boshladi.

Kinoda Aleksandr Demyanenko boshqa tuzukroq qiyofa yarata olmadi. Shurik obrazi aktyorning bo‘ynida toshdek osilib turardi. Shu bois, unga ikkinchi darajali, kichik rollarni berishardi. Demyanenko suratga tushaverdi. Umrining oxirigacha 73 ta filmda suratga tushdi.

Demyanenko «Lenfilm»dan ketgach, Akimov nomidagi satirik teatrda faoliyat ko‘rsatdi. 1996 yildan esa Sankt-Peterburgdagi «Mug‘ombirlar makoni» teatrida ishlay boshladi. «Vladimir maydoni» va «Antigona» spektakllarida rollar ijro etdi. Ijrosi yaxshi bo‘lsa-da, bu teatr uncha katta emas, shu bois, keng omma bilavermasdi.

Muhabbat, shaxsiy hayot

Demyanenko birinchi xotini bilan yoshligida tanishgan. Birgalikda 16 yil yashashdi. Keyin esa u lash-lushlarini oldi-yu, uydan chiqib ketdi. Yangi mahbubasi «Lenfilm» rejissyorining yordamchisi Lyudmila edi. Aktyor u bilan dublyajda tanishdi.

Lyudmila Akimovna shunday deb eslaydi: «Biz hech qachon janjallashmaganmiz. Yigirma to‘rt yillik birga yashab, bir martayam tortishmadik. Negadir bir-birimizdan xijolat tortardik».

Bu Lyudmila Akimovnaning ham ikkinchi nikohi edi. U birinchi turmushidan qizi Anjelikani tarbiyalardi (Lika aktrisa bo‘lib yetishdi, «Ityurak», «Sayyoralar tantanasi», «Baxtli kunlar» filmlarida suratga tushdi).

Aleksandr Sergeyevich o‘gay qizi Anjelikaga mehr bilan qarardi. Ular bir-birlariga muloyim gaplashishgan. Demyanenko o‘zi xushmuomala inson edi. Boshqa ruslardan farqli o‘laroq, u o‘zining ota-onasini «siz»lab gapirgan. Demyanenkoning... o‘zining farzandlari yo‘q edi. Uchrashuvlarda so‘rab qolishsa, «o‘gay qizim bor», derdi. «O‘gay» so‘zini hurmat bilan tilga olardi.

U har doim mas’uliyatni his qilib ishlardi. Dala-hovlini yaxshi ko‘rardi. Ko‘p kitob o‘qirdi. Haddan ziyod kamtar edi. Masalan, yirik avtomobil kompaniyasi mashina sovg‘a bermoqchi bo‘lganida rad qilgan.

Demyanenko tasodifiy tanishlar, ortiqcha uchrashuvlardan qochardi. Yuriy Nikulinni hurmat qilsa-da, uning «Oq to‘ti» ko‘rsatuvida ishtirok etishdan bosh tortdi. Agar «Zakovat» kabi intellektual ko‘rsatuvlarda qatnashganida millionlab pullarni yutib olishi mumkin edi. Chunki Demyanenko tafakkuri keng, aql-zakovatli bo‘lib, bilimi chuqur edi. Ayrim aktyorlar ekranda aqlli insonlarni o‘ynashadi, hayotda esa go‘l, kaltafahm bo‘ladilar. Demyanenkoda mutlaqo aksi edi.

1-sentyabrda, ta’tildan so‘ng!

Aleksandr Demyanenkoning yuragi kasalligi, uni operatsiya qilish kerakligini hech kim bilmagan. Bu xastalik Kazakov teatri bosh rejissyori barcha xalq artistlarini chaqirib, gaplashganidan so‘ng boshlangan. Ayol Demyanenkoga shunday degan: «Men sizni teatr artisti sifatida bilmayman, kinoda ko‘rganman, xolos». Bu gap Demyanenkoning izzat-nafsiga tegdi: «Tushunarli, rahmat. Demak, men ishdan bo‘shatildim». Uning yuzi oqarib chiqdi: «Men hech kimga kerak emasman. Meni tanishmaydi ham...»

Uni kinoga juda kam taklif qilishardi. Demyanenko «Qulupnayjon» serialida o‘ynashga majbur bo‘lib, bu tijoriy loyihani jonlantirib yubordi. Har kuni serialning yangi qismi suratga olinardi. Demyanenko avval Moskvadagi mehmonxonada, so‘ng ijara uyda yashashga majbur bo‘ldi. Uyiga faqat yakshanba kunlari kelardi. Bir kun ham ijodiy guruh ishini barbod qilmasdi.

«Qulupnayjon»ni suratga olayotganlarida Demyanenkoning o‘ng ko‘zi ko‘rmay qoldi. Moskvada operatsiya qilindi. Bu aktyorning birinchi narkozi bo‘lib, uni juda og‘ir o‘tkazdi. Natijada tanasida yashirinib yotgan jarohatlar bosh ko‘tardi. Vrachlar, yazva — yarali kasallik, deyishdi. Aktyorning ahvoli og‘irlashgach, bu yazva emasligi, balki ikkinchi infarkt ro‘y bergani ayon bo‘ldi. Vaholanki, Demyanenko infarktning birinchisini ham xayoliga keltirmagandi. Zudlikda operatsiya qilish kerak edi.

1999-yil yozida dahshatli jazirama boshlandi. Shifokorlar ko‘rsatmasiga ko‘ra, Aleksandr Sergeyevich koronarografiyaga tayyorlandi. Uni operatsiya qilish shifokorlar ta’tildan qaytadigan va salqin boshlanadigan 1-sentyabr kuniga belgilandi. Biroq...

Aleksandr Demyanenko 22-avgust kuni hayotdan ko‘z yumdi... «Operatsiya «I» qahramoni ijrochisini operatsiya qilishga kechikkan edilar...

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring