Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorlar ishini to‘xtatib qo‘ygan qaror haqiqiy emas deb topildi

Tadbirkorlar ishini to‘xtatib qo‘ygan qaror haqiqiy emas deb topildi

10 nafardan ortiq tadbirkorning faoliyati to‘xtab qolishiga olib kelgan Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashining noqonuniy qarori ma’muriy sud tomonidan haqiqiy emas deb topildi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni tomonidan Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi 4 ta tadbirkorlik sub’yektining mahalliy kengash qaroridan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganildi.

Aniqlanishicha, xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi tomonidan 12.07.2024 yilda qabul qilingan VI-63-105-4-69-K/24-son qarorga ko‘ra, 10 ta tadbirkorlik sub’yekti xizmat ko‘rsatayotgan barcha ko‘p qavatli uylarning billing tizimi to‘xtatilishi hamda Qarshi shahar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limiga o‘tkazilishi belgilangan.

Buning natijasida mazkur tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati to‘xtab, xonadonlarga xizmat ko‘rsatish imkoni cheklangan.

Ma’lumki, «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi Qonunning 8, 49-moddalariga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va ular mansabdor shaxslarining ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida belgilanadi. Ko‘p kvartirali uyni boshqarish bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan; yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi tomonidan shartnoma asosida; bitta yoki zich joylashgan bir nechta ko‘p kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 24-moddasida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining asosiy vakolatlari belgilab berilgan bo‘lib, unda tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish nazarda tutilmagan.

Bundan tashqari, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 42-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan faoliyatni tugatish, cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlashga oid huquqiy ta’sir choralari faqat sud tartibida qo‘llaniladi.

Mazkur holatda ko‘p kvartirali uyni boshqarish bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lsada, kengash tomonidan professional boshqaruv kompaniyalarining faoliyati to‘xtatilib, ularning faoliyatiga aralashilgan hamda aslida sud vakolatiga tegishli ta’sir chora kengash tomonidan noqonuniy qo‘llangan.

Shu sababli, ta’kidlangan kengash qarorini haqiqiy emas deb topish haqida Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritildi.

Sudning 2 oyga yaqin davom etgan majlislarida kengash qarori noqonuniy ekanligi isbotlab berilishi natijasida 22.11.2024 yildagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring