Tramp mehmonxonasi yaqinida Cybertruck’ni portlatgan shaxs maxsus kuchlar askari bo‘lib chiqdi. U Shamsuddin Jabbor bilan bir bazada xizmat qilgan
Las-Vegasdagi Tramp mehmonxonasi oldida Cybertruck’ni portlatib yuborgan shaxs AQSh armiyasining maxsus kuchlarida xizmat qilgan harbiy xizmatchi bo‘lgan.
37 yoshli Metyu Livelsberger maxsus kuchlar razvedkasi serjanti edi. Tergovchilar uning tarjimai holi va Yangi yil oqshomida Yangi Orleanda 15 kishini o‘ldirgan iste’fodagi harbiy Shamsuddin Jabborning tarjimai holida bir qancha o‘xshashliklarni aniqladilar, biroq ular bir-birini taniganligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Las-Vegas sherifi Kevin Makmaxill jurnalistlarga portlatilgan mashinada Livelsbergerning harbiy guvohnomasi va pasporti, shuningdek, uning nomidagi bir nechta kredit kartalari, ikkita qurol, ayfon va soat topilganini aytdi.
Sherifning ta’kidlashicha, yakuniy xulosa uchun DNK tekshiruvi zarur, chunki Livelsbergerning jasadi tanib bo‘lmaydigan darajada yonib ketgan.
Mahalliy sudya payshanba kuni Livelsberger o‘zini otib o‘ldirganini e’lon qildi. Tergovchilarning fikricha, u portlashdan bir necha soniya oldin o‘z joniga qasd qilgan.
Pentagon vakili Livelsberger maxsus kuchlar askari ekanligini tasdiqladi va u ta’tilda ekanini aytdi.
Yoqilg‘i qutilari va salyutlar ortilgan pikapning portlashi natijasida yetti kishi jarohat olgan.
FQB Yangi Orlean qirg‘ini va Las-Vegasdagi portlashdan so‘ng Jabbor va Livelsberger o‘rtasida umumiy jihatlar borligini aytdi: ikkalasi ham Turo nomli kompaniya orqali pikaplarni ijaraga olgan. Ularning ikkalasi ham Shimoliy Karolinadagi Fort Braggda (hozirgi Fort Liberti) xizmat qilishgan.
Fort Liberti — ulkan harbiy baza bo‘lib, u yerda 50 mingdan ortiq kishi xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Jabbor va Livelsberger 2009 yilda Afg‘onistonda bo‘lgan. Ammo, ular u yerda uchrashganliklari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
FQB hozircha ikki voqealar bir-biri bilan bog‘liq emasligini va Jabborning yolg‘iz o‘zi harakat qilganini taxmin qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter