Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriyada saylov qachon o‘tkazilishi aytildi

Suriyada saylov qachon o‘tkazilishi aytildi

Suriyada saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish to‘rt yilga qadar muddatni olishi mumkin. Bu haqda Suriya rahbari Ahmad ash-Shar’a Saudiya Arabistonining Al-Arabiya telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

“Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi 2024 yil 8 dekabr kuni Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi yetakchisiga aylandi.

Ash-Shar’a fikricha, mamlakatning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqishga uch yilga qadar muddat ketadi. Suriyaliklar hayotida esa ilk o‘zgarishlar bir yildan keyin yuz ko‘rsatadi.

Ahmad ash-Shar’a o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhining taqdiriga ham oydinlik kiritgan. Unga ko‘ra, mamlakatdagi boshqa harbiylashgan tuzilmalar qatori “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi ham milliy muloqot jarayonida tarqatib yuboriladi.

Intervyu mobaynida ta’kidlanishicha, kurdlar Suriyaning ajralmas qismi sanaladi.

Isyonchilar yetakchisi Suriya Eron bilan hamkorlik qilish niyatida ekani, ammo robitalar suverenitetga hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslanishi kerakligini aytgan.

Moskva bilan aloqalarga to‘xtalgan ash-Shar’a Suriya va Rossiyani chuqur strategik manfaatlar bog‘lab turishi, mamlakatdagi barcha qurol-aslaha Rossiyada ishlab chiqarilgani, elektr stansiyalar rus mutaxassislari tomonidan boshqarilishiga e’tibor qaratgan.

“Biz, ayrimlar xohlaganidek, Rossiya Suriyadan ketishini istamaymiz”, – degan u.

Ash-Shar’a AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Damashqqa nisbatan avval joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishiga ham umid bildirgan.

Joriy yil 1 martga qadar Suriyadagi barcha guruh va tuzilmalar mamlakatning siyosiy istiqboli va o‘tish davri hukumatini tuzish uchun yig‘ilishi kutilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, yaqinda Damashqda yangi hukumat bilan muzokara o‘tkazgan AQSh tomoni “Hay’at tahrir ash-Shom” guruhi rahbari Ahmad ash-Shar’ani qo‘lga olishga doir axborot uchun 10 million dollar mukofot berish rejasidan voz kechgandi.

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring