Kishinyov Kremlni gumanitar inqiroz keltirib chiqarayotganlikda ayblayapti
1-yanvardan boshlab Moldovaning rossiyaparast hududi bo‘lmish Pridnestrove Rossiyadan Ukraina orqali tranzit o‘tkazgan gazni qabul qila olmaydi.
Kishinyov hukumati yordam taklif qilgan, lekin pridnestrovelik amaldorlar bu ko‘makni rad etishmoqda va bu vaziyat mahalliy aholini xavotirga solyapti.
«Bugun biz Pridnestrove aholisining bir kunda to‘rt soatgacha elektr energiyasiz qolib ketayotganini, isitish va eng muhimi, gaz ta’minoti yo‘qligini ko‘rmoqdamiz. Bugundan boshlab hatto suv ta’minotida uzilishlar boshlandi», – deydi Moldova bosh vaziri Dorin Rechan.
Moldova hukumati gaz bilan bog‘liq vaziyatni Rossiyaning manipulyasiya va targ‘ibot rejasining bir qismi deb atamoqda.
Bosh vazir Dorin Rechan Rossiyani mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida mintaqada gumanitar inqirozni keltirib chiqarayotganlikda ayblaydi.
Kishinyovga ko‘ra, Rossiya Pridnestroveda o‘z harbiy ishtirokini kuchaytirishdan manfaatdor. Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan ushbu mintaqada esa ayni paytda 1500 ga yaqin rus askari bor.
«Biz Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqib, Kishinyov va Moldovaga mintaqani to‘g‘ri boshqarish va xalq talab qiladigan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga imkon berishini xohlaymiz», – deydi Rechan.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi gaz yetkazib berishni to‘xtatish qarorini Moldovaning to‘lovlar bo‘yicha qarzi borligi bilan izohlamoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter