Isroil G‘azoga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

Isroil G‘azo sektoriga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi.
Isroil Energetika va infratuzilma vaziri Eli Koen Isroil elektr korporatsiyasiga G‘azodagi elektr stansiyalariga elektr energiyasini sotishni to‘xtatish talabini yuborgan. Uning aytishicha, bu harakatdan maqsad garovdagi qolgan 59 kishini ozod qilish uchun XAMASga bosimni kuchaytirishdir.
«Biz barcha garovdagilarning qaytarilishini ta’minlash uchun qo‘limizdagi barcha vositalardan foydalanamiz va G‘azoda HAMAS bo‘lmasligini ta’minlaymiz», – deydi u videomurojaatida.
Isroil G‘azo sektoriga energiyaning katta qismini yetkazib beradi. 2023 yil oktyabr oyida urush boshlanishida, Isroil Falastin anklavini to‘liq qamal qilish doirasida elektr ta’minotini to‘xtatgan, biroq o‘sha yilning noyabr oyi o‘rtalariga kelib, AQSh bosimi ostida Isroil o‘z pozitsiyasini yumshatib, elektr ta’minotiga ruxsat bergan edi.
Ayni kunlarda Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishini ham to‘sib qo‘ydi. The Wall Street Journal gazetasining 8 mart kuni yozishicha, Isroil tomoni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani sababli, HAMASga bosim o‘tkazish rejasini ishlab chiqqan. Rejada Isroilning eksklavga yangi bostirib kirishigacha bo‘lgan harakatlar ko‘zda tutiladi. Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrix gumanitar yuk blokadasidan keyingi qadamlar G‘azo sektorida elektr va suv ta’minotini to‘xtatish bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter