Yuridik shaxs tashkil etmasdan xususiy notarius bo‘lish mumkin
«Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida» Hukumat qarori (156-son, 16.03.2020 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanalida ma’lumot berilgan.
Unga ko‘ra, xususiy notarius faoliyatini litsenziyalash, ularni hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiy notarius yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritadi, bankda hisobvaraq ochadi, xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzadi, ish faoliyatini tashkil etish uchun mutaxassislar va yuridik shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzish huquqiga ega.
Xususiy notarius o‘z faoliyatini boshlashdan oldin fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qildirishi shart.
Notariusning nomida «xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius» so‘zlari bo‘lishi, tegishli tuman, shahar ko‘rsatilishi lozim.
Xususiy notariusning muhri Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona namunaga muvofiq tayyorlanadi.
Xususiy notarius stajyor, yordamchi, kotib, notarial faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq boshqa xodimlarga (tarjimon, kurer va b.) ega bo‘lishi mumkin.
Xususiy notarius o‘zining ish va dam olish vaqtini mustaqil belgilaydi.
Notarial harakatlar «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Xususiy notarius tomonidan undiriladigan tushumlar davlat budjetiga soliqlar va boshqa to‘lovlar to‘langandan so‘ng notariusning tasarrufiga o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter