Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yoshlarni kasb va tilga o‘qitish, ishga joylashtirish uchun 126 trln so‘m yo‘naltiriladi

Yoshlarni kasb va tilga o‘qitish, ishga joylashtirish uchun 126 trln so‘m yo‘naltiriladi

Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida 2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlandi.

Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, o‘z vaqtida band bo‘lmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qo‘l urishi, diniy radikalizm ta’siriga tushib qolishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.

Yunusobod, Asaka, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Pastdarg‘om tumanlari, Olmaliq va Buxoro shaharlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.

Unga ko‘ra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.

Texnologik jarayonlarni boshqarishda strategik qarorlar qabul qiladigan yoshlarni tayyorlash uchun texnika oliygohlari qoshida 8 ta ilg‘or muhandislik maktabi faoliyat boshladi. Bu yil yana 17 ta shunday maktab ochiladi.

O‘tgan yili 56 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Bu o‘z samarasini berib, hozirda 153 ming nafar yoshlar dehqonchilik bilan shug‘ullanyapti.

Bu yil Qoraqalpog‘istonda, Andijon, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer yangicha tartibda ijaraga beriladi. Endi ilgari ajratilgan yerga mahsulot ekib, kamida 100 million so‘m daromad olgan yoshlarga ham ushbu tartib asosida bu yerlardan beriladi.

Yoshlar kooperatsiyalari tashkil qilinib, yoshlar qishloq xo‘jaligida bilim va ko‘nikma oshirishiga yordam beriladi.

Yoshlar sanoat zonalarida sanoat ipotekasi orqali bino olayotgan tadbirkorlarga uskuna xaridi uchun 500 ming dollargacha kredit ajratiladi. Sodda qilib aytganda, tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi.

Servis sohasida ham yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.

Tadbirkorlar yosh xodimlarni ishga olib, kamida 3 million so‘m oylik to‘lasa, ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.

Bu imtiyoz 3 yil amal qiladi. Bu orqali tadbirkor ham manfaat ko‘radi, yoshlar rasmiy ishlab, daromadi oshadi.

Umuman, «Yoshlar daftari» tizimini ham yangilash, transformatsiya qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Mutasaddilarga yoshlarga ko‘rsatilayotgan barcha turdagi ijtimoiy paketlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni maqbullashtirish va natijadorligini oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring