«Yana bir davlat mudhish gumanitar halokat ostonasida» – BMT
Fuqarolar urushi davom etayotgan Sudan davlatida 730 ming bola ochlikdan aziyat chekmoqda. BMTning ogohlantirishiga ko‘ra, agar zudlik bilan insonparvarlik ko‘magi yetkazilmasa, 5 million aholi halokatli ochlik domiga tushadi.
«Save the Children» xayriya tashkiloti esa bundan-da noxush statistikani keltirgan: ayni paytda 2,9 million nafar sudanlik bolalar birlamchi oziq-ovqatdan mahrum qolmoqda.
Sudanda 2023 yil aprel oyida fuqarolik urushi boshlangan edi. De-fakto davlat rahbari sanalgan general Abdulfattoh Burhon qo‘mondonligida muntazam armiya va general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarda kamida 14 ming kishi halok bo‘ldi. 8,3 million aholi boshpanasini tark etishga majbur bo‘ldi.
Qurolli to‘qnashuvlar nomusga tegish, talonchilik, qotillik kabi jinoyatlarga ulanib ketmoqda.
Sudanni uzoq yillar idora etgan Umar Bashir 2019 yilda hokimiyatdan chetlatilgan edi. Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud uni qatliom va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan.
Umar Bashir prezidentlikdan ketgach, harbiy va fuqaroviy guruhlar o‘tish davri hukumatini tuzishga kelishgan. Ammo mamlakatdagi turli siyosiy, harbiy guruhlar o‘zaro til topisha olmadi. Pirovardida generallar Abdulfattoh Burhon va Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat rosmona urushga aylanib ketdi. Tomonlar vaqti-vaqti bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida bitim tuzayotgan bo‘lsa-da, qonli ixtilofni butkul hal etib bo‘lmayotir.
Bir yildan buyon davom etayotgan urush tufayli dehqonchilik, tijorat izdan chiqqan, qimmatchilik avj olgan. Xalqaro insonparvarlik yordami yetkazish ham muammo bo‘lmoqda. BMTning 2024 yilda Sudanga 2,7 milliard dollar ko‘mak ko‘rsatish rejasi 4 foizga moliyalashtirilgan, xolos.
BMT Xavfsizlik kengashi muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tomonlarni o‘ch ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Ammo bu taklif rad etilgan.
Ekspertlar Sudanda zamonaviy tarixdagi eng mudhish gumanitar halokat yetilib kelayotgani haqida bong urmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, BMT G‘azo sektorining 2,3 million aholisi ham ko‘rinmas ajal – halokatli ochlikka duchor bo‘lganidan ogohlantirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter