Isroil yana BMT ogohlantirishiga qarshi bordi
Isroil parlamenti (Knesset) mamlakat hududida BMTning falastinlik qochqinlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) faoliyatini taqiqladi.
Qonun loyihasi agentlikning G‘azo sektori, Iordan daryosining G‘arbiy Sohili va Sharqiy Quddusdagi faoliyatini to‘xtatishni ham nazarda tutadi.
Parlament qabul qilgan ikkinchi qonun esa agentlik xodimlariga berilgan diplomatik maqom va daxlsizlik huquqini bekor qiladi, Tel-Aviv hukumatining agentlik bilan hamkorlik olib borishini man etadi.
Haaretz nashri xabariga ko‘ra, qonunni 92 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 10 nafari qarshi ovoz bergan.
Isroil rasmiylari BMTning falastinliklarga ko‘mak agentligi xodimlari HAMAS harakati bilan hamkorlik qiladi deya iddao qilib keladi. Xalqaro tashkilot bu da’voni rad etgan.
Agentlik Knesset qabul qilgan so‘nggi qonunlar BMT Nizomlari hamda Isroil o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga zid ekani haqida bayonot bergan.
«Bu qonunlar falastinliklar, xususan, bir yildan ziyod vaqt mobaynida do‘zaxiy sharoitda jon saqlayotgan G‘azo sektori aholisining g‘am-kulfatini yanada oshiradi. Bolalarning butun bir avlodi kelajagini xavf ostiga qo‘yib, 650 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarni ta’lim olish imkoniyatidan mahrum etadi», – deyiladi bayonotda.
Isroil parlamenti qabul qilgan qonunlar, shuningdek, falastinliklarni ommaviy jazolash usuli deb baholangan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish avvalroq Isroilni ogohlantirgan, agentlik faoliyatining to‘xtalishi halokatga oqibatlarga olib kelishini ta’kidlagan edi.
1949 yilda BMT Bosh assambleyasi qarori bilan ta’sis etilgan falastinliklarga ko‘mak bo‘yicha agentlik G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, shunindek, Iordaniya, Livan va Suriyadagi qochqinlarga yordam ko‘rsatish, ta’lim va tibbiyot xizmatlari bilan shug‘ullanib keladi.
Agentlik faoliyatining to‘xtalishi ayni paytda ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklardan aziyat chekayotgan 2,4 million g‘azoliklar hayotini yanada og‘irlashtiradi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 43020 falastinlik halok bo‘ldi, 101110 nafari yaralandi. O‘tgan bir yil ichida Isroil armiyasi hujumlarida BMTning falastinliklarga ko‘mak agentligining 231 nafar xodimi ham halok bo‘ldi.
Avval xabar berganimizdek, Isroil parlamenti joriy yil 18 iyul kuni Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qonun qabul qilingan, bunga xalqaro hamjamiyat keskin e’tiroz bildirgan edi.
Darvoqe, Isroil hukumati bir necha hafta avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni «persona non grata» deb e’lon qilgan va uning mamlakatga kirishini man etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter