Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston COP29 tadbirida ishtirok etadi: samarali hamkorlik va yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston COP29 tadbirida ishtirok etadi: samarali hamkorlik va yangi imkoniyatlar

O‘zbekistonda 2024 yilning 11–22 noyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (BMT UNFCCC) ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasiga (COP29) qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun, BMT UNFCCCga a’zo davlatlar har yili taraqqiyotni baholash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha ko‘p tomonlama chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun yig‘iladi. Bugungi kunga qadar Konvensiyaga 198 davlat qo‘shilgan.

COP29 doirasida O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zbek madaniyati, tarixi va noyob muhiti asosidagi an’anaviy tamoyillar va texnologiyalarni aks ettiruvchi Milliy pavilon ochiladi. An’anaviy o‘zbek xonadoni – «hovli» namunasi bo‘lgan pavilon yillar davomida har bir o‘zbek xonadoni maskani bo‘lib kelgan hovli muhitini o‘z ichiga oladi. Bu yerda tabiat uyning bir qismiga aylanadi: uzum bilan qoplangan yashil maydonlar soya va qulaylik yaratadi, an’anaviy materiallar va qadimiy qurilish usullari esa ekologik toza va barqarorlikni o‘zida mujassam etadi.

Ikki haftalik konferensiya dasturi yuqori darajadagi yalpi majlislar, dunyo yetakchilarining iqlim bo‘yicha sammiti, Ijroiya kengashi yig‘ilishlari, muvofiqlashtiruvchi uchrashuvlar, yoshlar iqlim forumi, iqlim bo‘yicha jahon sammiti, 17-Nayrobi ish dasturi koordinatorlari forumi, moliya, sarmoya, savdo, yashil energiya, texnologiya va innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash, inson taraqqiyoti va yoshlar, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, tabiat va bioxilma-xillik, transport va turizm, gender tengligi va boshqa mavzularda davra suhbatlari va seminarlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, COP29 ko‘rgazmasida qator tashabbuslar taqdim etiladi, jumladan, Milliy pavilon doirasida Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida 20 dan ortiq tadbirlar tashkil qilish, shuningdek, qator ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib, mintaqaviy va xalqaro hamkorlar bilan shartnomalar imzolash ko‘zda tutilgan.

Milliy pavilon doirasida quyidagi asosiy tadbirlar rejalashtirilgan:

— «Zamin» xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda barcha qatnashuvchi davlatlar vakillari ishtirokida Xalqaro yoshlar strategiyasini imzolash rasmiy marosimi, shuningdek, ekologik ta’lim loyihalari va tashabbuslari taqdimoti;

— Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) mamlakatlari Turkiy ekologik forumi vazirlari yig‘ilishi;

— Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining qo‘shma tashabbusi sifatida rejalashtirilgan BMT Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga (XMT) a’zo davlatlar bilan iqlim migratsiyasi deklaratsiyasi (Silk Road Declaration) bo‘yicha tadbir;

— Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha ko‘p sheriklik maqsadli jamg‘armasi tadbiri. Tadbir BMTTDning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchi ofisi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston delegatsiyasi konferensiya sessiyalari va boshqa asosiy hamda yordamchi tadbirlarda faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring