Toshkentda keng qamrovli reydlar boshlandi
15 yanvardan boshlab poytaxtimizda «Xavfsiz va sog‘lom poytaxt» kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda barcha rivojlangan davlatlar va yirik megapolis shaharlarda kuchli ta’sir qiluvchi, psixotrop va giyohvandlik moddalarning yangicha turlari hamda ular savdosining yangi usullar kun sayin keng tarqalmoqda.
Masalan, maxsus elektron hamyonlar orqali to‘lovi amalga oshirilib, «sotuvchi» va «xaridor»ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotisiz, «zakladka» (yashirish) yo‘li orqali noqonuniy muomalasi paydo bo‘lgan.
Ushbu holatlarni inobatga olib, aholi orasida narkotiklarning tarqalishini oldini olish maqsadida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qo‘shma harakatlari asosida 15 yanvardan boshlab «Xavfsiz va sog‘lom poytaxt» kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Kompleks tadbirlar o‘z oldiga aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarda «giyohvandlikka qarshi immunitet»ni, o‘quvchi va talabalar orasida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar iste’moliga murosasiz munosabatni shakllantirish kabi maqsadni qo‘ygan.
Bunda poytaxt hududidagi barcha 468 ta maktablar va 90 ta oliy ta’lim muassasalarida, 585 ta mahallalarda, korxona-tashkilotlar hamda aholi gavjum joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, internet va ijtimoiy tarmoqlar vositasida narkotiklarni sotish holatlarini aniqlash, ularning uyushgan jinoiy sxemalarini fosh etish, yoshlar orasida ushbu moddalarning tarqalishiga chek qo‘yish bo‘yicha manzilli tezkor-profilaktik choralar ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Toshkent shahrida 240 kilogrammga yaqin giyohvandlik va psixotrop moddalar aholi orasida tarqalishining oldi olingan, narkotiklarni reklamasini targ‘ib qiluvchi 7 162 ta holatda «narkograffiti» yozuvlari aniqlanib, o‘chirilgan. Narkotiklar savdosi va ularni targ‘ib qilayotgan 13 mingdan ortiq ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va kanallar faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter