Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qamchibek Tashiyev: «Jinoyat olamining ham o‘z prezidenti bor...»

Qamchibek Tashiyev: «Jinoyat olamining ham o‘z prezidenti bor...»

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatdagi taniqli kriminal avtoritet Qamchibek Kolbayevni (Qamchibek Asanbek) yo‘q qilishga qaror bergani cababini ochiqladi.

«Davlat manfaati uchun Qamchibek Kolbayevni yo‘q qilish haqida qaror qabul qilishimga to‘g‘ri keldi»,  – degan Qirg‘iziston maxsus xizmati rahbari ta’lim sohasi mutasaddilari bilan uchrashuvda. 

Tashiyevga ko‘ra, Qirg‘izistondagi uyushgan jinoyat guruhlar butun mamlakat bo‘ylab ta’sirga bo‘lgan va parallel davlat tamoyili bo‘yicha faoliyat yuritgan.

«Qonundagi o‘g‘ri» va mamlakat bo‘ylab nazoratchilar hokimiyatni egallab olgan edi. Ular ham davlat kabi tizimga ega, ularning ham o‘z prezidenti – «qonundagi o‘g‘ri» bor edi. Viloyat, tuman, shaharlar bo‘yicha nazoratchilar va vakillar tadbirkorlar va boshqalar o‘lpon yiqqan. Ular ana shunday kuchli tuzilmaga ega bo‘lgan. Shu sabab biz majburiy choralar ko‘rishga majbur bo‘ldik»,  – degan MXDQ raisi.

Maxsus xizmat boshlig‘i iddaosicha, uyushgan jinoiy guruhlar butkul yo‘qotilib, mamlakat ozod qilindi va Qirg‘iziston Markaziy Osiyo va MDH makonida uyushgan jinoyatchilikdan xoli yagona davlatga aylandi.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlari Bishkekda o‘tkazgan amaliyot chog‘i jinoiy avtoritet Qamchibek Kolbayev o‘ldirilgandi. Huquq-tartibot idoralari «qonundagi o‘g‘ri» qarshilik ko‘rsatgani sababli otib tashlanganini bildirgan.

Buning ortidan Qirg‘iziston MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatdagi uyushgan jinoiy guruh vakillarini keskin ogohlantirgandi.

«Endilikda mamlakatimizda «qonundagi o‘g‘ri»lar, uyushgan jinoiy guruh va to‘da rahbarlariga o‘rin yo‘q!» – deb bayonot bergan u.

O‘tgan yil noyabr oyida Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari MXDQ raisiga qarshi suiqasd rejalashtirishda gumonlangan jinoyat olami vakilini qamoqqa olgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring