Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi – Prezident

60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.

Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Ilg‘or xorijiy tajriba asosida 32 ta yo‘nalishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, 300 ta og‘ir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga kambag‘al oilalar a’zolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.

123 ta tumanda kambag‘al aholi 20 ming gektar o‘rmon va ko‘chatzor barpo etish hamda dorivor o‘simliklar yetishtirishga jalb etiladi. Ular ekkan har 100 ta daraxt uchun 375 ming so‘m subsidiya to‘lanadi.

Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta bo‘limlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambag‘al oila vakillari ishga olinadi.

Umuman, joriy yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi.

Chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambag‘al oilalar mehnatini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi.

Davlat rahbari 2025 yil ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda hal qiluvchi yil bo‘lishini yana bir bor ta’kidlab, bu boradagi chora-tadbirlarni tartibli va manzilli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qat’iy nazoratga olish topshirildi. Har bir loyiha, har bir chora-tadbir elektron platformaga kiritilib, yaratilgan ish o‘rinlari soliq bazasida tekshirilishi belgilandi.

Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targ‘ib qilish muhimligi aytildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring