1-apreldan ijtimoiy kartadan jamoat transportlarida to‘lov qilish mumkin bo‘ladi
2024-yilning dekabr oyidan boshlab tajriba-sinov bosqichida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida 9 turdagi ijtimoiy to‘lovlar oluvchi shaxslarga taqdim etib kelinmoqda. Ushbu shaxslarga ijtimoiy kartalar bepul beriladi va dastlab to‘lov vositasi (bank kartasi) funksiyasini bajaradi.
2024-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘lab berilmoqda.
- Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi
- Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam
- Yoshga doir nafaqa
- Nogironlik nafaqasi
- Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam
- Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari
- Nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa
- Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher
- Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi
2025-yil 1-apreldan boshlab ushbu hududlar (Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida) bo‘yicha yana qo‘shimcha 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘lab beriladi.
- Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
- «Saxovat va ko‘mak», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar.
Shuningdek, 1-apreldan boshlab ijtimoiy karta transport kartasi va imtiyozli transport kartasi funksiyalarini ham bajaradi. Ya’ni jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, belgilangan imtiyozli yoki bepul tarifdan foydalangan holda, imtiyozga ega bo‘lmagan shaxslar umumbelgilangan transport tariflarida transportdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, ushbu funksiyani joriy etish maqsadida hozirda tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Tajriba sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinmoqda.
Keyinchalik fuqarolar Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali, «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali hamda ijtimoiy karta bo‘yicha belgilangan Moliyaviy agentlarning bo‘linmalari (AT «Xalq banki», AT «Aloqabank» ) orqali murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy karta ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida taqdim etiladi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga yetkazib beriladi.
Ijtimoiy karta 2025-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlariga joriy etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter