Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tohir Malik ellik yildan so‘ng qaytargan kitob

Tohir Malik ellik yildan so‘ng qaytargan kitob

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik bilan bir paytda o‘qiganmiz universitetda. Qachon, qayerda tanishganmiz, esimda yo‘q. Talabalik yillarimizdan qadrdon edik. Tez-tez uchrashib, suhbatlashib, yozgan narsalarimizni bir-birimizga ko‘rsatib yurardik. Tohirning «Falak», «Hikmat afandining o‘limi» kabi asarlarini qo‘lyozmada o‘qiganim yodimda. U mening qator hikoyalarimni o‘qib, fikrini aytgan.

Tohir hazil-huzulga, so‘z o‘yiniga usta edi. U juda ko‘ngli ochiq, saxiy edi. Tohir qatnashgan davralar juda zavqli, ma’noli bo‘lardi. U oqibatli inson edi. Ota-onasiga, oilasi, farzandlari, do‘stlariga sadoqatli edi. Tog‘asi – taniqli yozuvchi, tarjimon Mirzakalon Ismoiliy haqida «Ozod inson haqida qo‘shiq» degan kitob yozgan. Kitoblarida deyarli barcha qarindoshlari, do‘stlarini hurmat bilan tilga olgan.

Tohir Malik nihoyatda hafsalali, bir parcha xatni ham ehtiyot qilib saqlar edi. Uning «Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i» kitobini o‘qisangiz bunga amin bo‘lasiz.

2017-yilning kuz oylari edi. Mening O‘zbekiston Milliy axborot agentligidan boshqa idoraga ishga o‘tgan kezlarim. Xonadagi telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘tarsam, Tohir Malik. To‘g‘risi, hayron bo‘ldim. Sababi, yangi ishxonamdagi telefon raqamini hali ko‘pchilik bilmas edi.

– Telefon raqamimni kimdan oldingiz? – deb so‘radim salom-alikdan keyin.

Tohir kuldi. O‘ziga xos ovozi bor edi. Bu ovoz baland ham, o‘tkir ham emasdi, bosiq, vazmin, ammo esda qoladigan, ta’sirli edi. Telefonim raqamini kimdan olganini aytmadi, men ham boshqa so‘ramadim.

– Hozir bir narsani aytaman, – dedi Tohir Malik, – undan battar hayron qolasiz.

Bu gap meni rostdan hayron qildi: nima ekan?

– Xo‘sh, ayting-chi...

– Qo‘limda Abdulla Oripovning 1966-yilda chiqqan «Ko‘zlarim yo‘lingda» kitobi turibdi. Uni sizga dastxat yozib bergan. Qalay, qoyilmisiz? Hayron qolarli gapmi?

–Yo‘g‘-e, – dedim. – Chindanam hayron qolarli gap... Sizda nima qilib yuribdi u kitob?

Tohir mayin kuldi yana.

– U yog‘ini so‘ramang. Eng muhimi, bu tabarruk kitob yo‘qolmaganida. Uni egasiga, ya’ni sizga bus-butun topshirish imkonim paydo bo‘lganida... Kelsangiz beraman kitobni, – kulib qo‘shib qo‘ydi. – Suyunchisini olib kelish esingizdan chiqmasin.

Men go‘shakni qo‘ygach, o‘yga toldim. Xayolim yoshlik yillarimizga ketdi. O‘sha paytlarda naqadar kitobga qiziqar edik. O‘zaro kitob almashar, o‘qiganlarimizni bir-birimizga aytar edik. Toshkentdagi qaysi kitob do‘konida qanaqa yangi kitob borligi, Navoiy ko‘chasidagi eski do‘konda qanaqa kitoblar almashtirilayotgani haqida xabar berardik.

Abdulla Oripovning menga dastxat yozib bergan kitobini o‘sha kezlari Tohir mendan olgan bo‘lishi kerak. Demak, bunga ellik yil bo‘libdi. Shuncha yil asrab-avaylab saqlabdi kichkina, yupqa kitobchani. Mening esimdan ham chiqib ketgan kim olgani. Qoyil qoldim Tohirning hafsalasiga, kitobni, do‘stni qadrlashiga.

Tohir Malikning uyiga borib kitobni oldim. Abdulla Oripovning «Ko‘zlarim yo‘lingda» degan yupqagina kitobi. Unga muallif shunday so‘zlar bitgan ekan: «Mamatqul do‘stim! Ijodingizga ravnaq tilayman, ajoyib hikoyalar yozing, biz o‘qib turaylik. Hurmat bilan Abdulla Oripov. 16.XII.66 y.»

Kitobni varaqladim. Biron joyiga na chizilgan, na yozilgan, na yirtilgan. Xuddi kecha do‘kondan olinganday top-toza. O‘sha yillar yana ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Tohirga qaradim. Jilmayib turardi. Nazarimda ikkalamiz ham ellik yil ortga qaytganday, yigirma yoshli yigitlar bo‘lib qolganday edik. Bir-birimizga uzoq termildik. U ham, men ham hech nima demadik. So‘zsiz hamma narsa tushunarli edi...

Mamatqul Hazratqulov

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring