Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

«Senimi, shoshmay tur!»

«Senimi, shoshmay tur!»

Foto: «Xabar.uz»

«Muvad-video»ning xonavayron bo‘lishi, Ozodbek Nazarbekov konsertidan berilgan «cho‘tal», Gulnora Karimovaning «komandasi» va boshqalar xususida yana bir-ikki shingil...

1

...«Muvad-video»ning ishlari chappasiga ketdi! Uning rahbari Abdushukur Islomov ikki akasi bilan birga naq o‘n ikki yilga «kesildi», bor-budi musodaraga tushdi...

Musibatni na kutilgan, na kutilmagan, deb bo‘lardi. Kutilganiki, Abdushukur Islomov kimlar bilan «yo‘li kesishganini» bilar, o‘zaro munosabatlardagi kichkina anglashilmovchilikning ehtimoliy oqibatlarini tasavvur qilardi, hatto... Kutilmaganiki, o‘shalarning har bir «amri»ni bajo qilib yuribdi: insof qilar, oyoqdan olishgacha borishmas?!

Uzr, gaplarimiz boshqotirmaga o‘xshab qolmoqda.

Yaxshisi, bir boshdan...

2

«Muvad-video» besh-o‘n yillar narida o‘zbek shou-biznesidagi ikkita «gegemon»ning bittasi edi. Ushbu studiya bilan hamkorlik qilgan ahli san’at kam bo‘lishmagani rostidirki, «birga ishlaylik», deguvchilar ostonadan arimasdi. Zamon shu-da: ming iqtidorli bo‘lma, yo‘qni yo‘ndiruvchi tashkilotchisiz san’atda, xossatan, qo‘shiqchilikda boringni namoyon etmoq dushvor! O‘z navbatida, xonandaning yulduzi porlab turar ekan, hamkorining ham qozoni suvga tushmaydi. «Muvad-video» sabab ozmuncha qo‘shiqchilarning omadi chopmadimi?! Birgina Ozodbek Nazarbekovni oling. Dastlabki yakkaxon dasturlarida, cho‘tu chama yaxshi olinmagan chog‘i, kasodga uchrayozdi. «Muvad-video» bilan manfaatli kelishuvdan so‘ng ishlari yurishgandan yurishdi: ilgari ikki kunlik dasturiga chiptasi sotilmagan hofiz, bora-bora o‘n, o‘n besh, hatto yigirma besh kunlab «Xalqlar do‘stligi»ni band qiladigan bo‘ldi...

3

«Terra-Group» kompaniyasi, uning qabatida «PanTerra-studio» paydo bo‘lishi shou-biznes korchalonlariga ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi, aslida. Kim-kim Gulnora Karimovaga tegishli ekani sir bo‘lmagan bu kompaniyaning «yo‘llari oydin bo‘lmog‘i» kimda shubha tug‘diribdi?! «Muvad-video» rahbari ortiqcha «sarkashlik» qilgani yo‘q: haddini bildi, «takliflari»ga «xo‘p», dedi. Hatto o‘zi bilan hamkorlik qilayotgan qator iqtidorlarning «biz bilan ishlashsin» deyilishiga-da quloq tutdi. Hatto mashhur Ozodbek Nazarbekovning har konsertidan «cho‘tal» talab qilindiki, bu «amr»ni ham «miq» etmay ado etdi...

4

Ko‘nglingiz burchagida ishtiboh paydo bo‘ldi-a: «Mamlakatning daromadli sohalarini birma-bir ishg‘ol qilgan «Karimova va uning komandasi» artistlarning noniga sherik bo‘lish darajasiga bormagandir? Mahobatdir-ye?».

Bugun — yovlar qochib, botirlar urchigan paytda yiqilganni tepmoq oson. Kecha «Opa»ning poyiga patak bo‘lib, endilikda orqasidan tosh otayotganlarning yo‘rig‘i boshqa. Bizning vazifa — roviylik, xolos. «Muvad-video»ga kelgan balolar bayoni esa vazifamizning ajralmas qismi ekaniga ta’kid shartmi?!

Ishtibohga kelsak: siyosat, ilm, diplomatiya, biznes, zargarlik, dizaynerlik... va boshqa sohalarda birday «muvaffaqiyat»ga erishgan «Opa» san’atning qo‘shiqchilik yo‘nalishida ham omadini sinab ko‘rganini kim bilmaydi? Boz norasmiy «pochcha» ham shou-biznesga begona emas, «san’atdagi ilk qadamlari»ni «Dado» guruhida boshlagan xonanda (shunaqa deymizda endi!) ekaniyam ma’lum. «Terra Group»-u «PanTerra-studio»lar ham ana shu shaydolik-oshnolikning hosilasi bo‘lsa, ne ajab?! Qolaversa, shou-biznes, hadisini olganga, serdaromad soha ekani kimga sir bo‘pti? O‘zbekning to‘yxo‘rligi-yu artistparastligi bor ekan, oddiy otarchi ham fan doktoridan yaxshi yashayveradi. Baski, xonanda-yu xonandalikka havasmandlarning «boshini biriktirib», jilov qo‘lga olinsa, osmondan chalpak yog‘vormaydimi? Ustiga-ustak, «PanTerra-studio»dagi ustunlik boshqalarda yo‘q. Eng muhimi, sadoqatini namoyon etgan «yulduz» unvon kutib, sochi oqarmaydi! O‘sha kezlar shou-biznesda «yulduzchalar»ning soniga chakana baraka kirdimi?! Ular orasida unvondor bo‘lgani qancha?! Bu haqda yuksak minbardan gapirildi hatto: «Lik-lik  — xizmat ko‘rsatgan artist; ikkita lik, to‘rtta «shik» —  xalq artisti»!..

...Endiyam  ishtiboh bormi? O‘zingiz bilasiz...

5

...«Murosai madora» qo‘r yemadi baribir. Sabablar borday: ayrim xonandalar ikki o‘t orasida qovrilmoqda. «PanTerra-studio» «taklifiga» yo‘q demoq — shakkoklik bilan barobar, biroq «Muvad-video»ga ham etak silkib bo‘lmaydi — o‘rtada shartnoma bor. Abdushukur Islomov hamkor xonandalarning ketishiga qarshiligi yo‘q, biroq shartnoma shartlarini eslatib qo‘ygani, ularga ham, ularni intizor kutayotganlarga ham yoqmadi-da.

Buyam kamlik qilganidek, nima-nima, Islomov deganlari «O‘zbekiston  huquq egalari palatasi» degan nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) tuzib, ko‘pgina san’atkorlarni unga a’zo qilibdi?! Bu qanaqa tashkilot, deng? Oddiy. Bitta viloyatda nechta telekanal, radiokanal bor? Kamida ikkita. Mamlakat bo‘yicha-chi? Hisobini olavering! Hammasi milliy kinolardan tortib, xonandalarning qo‘shiq-kliplarini qo‘yib yotishibdi. Yana kafe-barlarga qarang: o‘rnatilgan katta-kichik monitorlarda kuy-qo‘shiqlar arimaydi, tayyor qo‘shiq musiqasini (fonogrammasini) qo‘yib, mijozlarga xizmat ko‘rsatayotgan xashaki «san’atkorlar»ni ayting. Bu kuylar, bu qo‘shiq-kliplar, kinoasarlar ozmuncha harakat va xarajat mahsulimi?! «O‘zbekiston huquq egalari palatasi» o‘sha radiokanallaru telekanallar, kafe-barlar bilan erinmay shartnoma tuzdiki, birovning shapalog‘iga yuz qizartirishning fursati o‘tdi, azizlar, efir-ekranlaringizni to‘ldirayotgan kinolaru kuy-qo‘shiqlar, kliplarning egalari bor, ulardan foydalanmoqchimisiz — bosh ustiga, pulini to‘lab qo‘ysangiz, bas...

6

...Shu tariqa asta-sekin «O‘zbekiston huquq egalari palatasi» NNT hisobiga pul tusha boshladi. Tushgan mablag‘ning yigirma foizi tashkilot chiqimlariga, qolganini ega-egalarining plastik kartasiga o‘tkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Hamma xursand. Nega xursand bo‘lishmasin?! Axir, ta’bir joiz bo‘lsa, havodan pul kelmoqda. Ketmoni uchayotgan san’atkorlarga bu mablag‘ arzimasday ko‘rinishi mumkin, ammo, deylik, Shuhrat Abbosovday yoshi bir joyga borib, pensiyadan boshqa daromadi bo‘lmagan afsonalarga tashna paytda topilgan chashma ediki, chakana duo qilmadimi rahmatlik...

Narigi «komanda» ham xuddi shunday jamoat birlashmasi — «O‘zbekiston mualliflar va ijrochilar Gildiyasi»ga asos solishgandi.

Bu raqobatdayam uloq «O‘zbekiston huquq egalari palatasi»da ketdi... Ayting, bunaqasi kimga yoqadi? «Muvad-video» rahbari kimning «panjasiga panja» urmoqda? Xa-ap, senimi, shoshmay tur?!

...Ko‘p o‘tmay «Muvad-video» MChJ, unga qo‘shib, «Muvad-media-plyus» MChJlarni tekshiruvchilar bosib, aka-uka Islomovlar hibsga olindi.

7

...Islomovlarga oid jinoyat ishi tafsilotini muxtasar maqolada bayon etmoqqa imkon qayda?! Quruq bayonning o‘zi «Urush va tinchlik» hajmiga barobar kelar?.. Shu sabab, ma’zur tutasiz, ayblov ko‘lami-yu «ish»ning asosiy nuqtalariga to‘xtalishdan boshqa iloj yo‘q.

Bir necha o‘nlab jildlarga «jo bo‘lgan ish»da Islomovlar  nimalarda ayblanmadi?! «O‘zlashtirish» (167-modda) deysizmi, «savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish»mi (184-modda), «mansab soxtakorligi»-yu (209-modda) «hujjatlarni soxtalashtirish»mi (228-modda), «jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish» (243-modda), «soxta tadbikorlik» (179-modda), «pora olish» (210-modda)... xullas, hamma-hammasidan bor. Albatta, ish bor joyda kamchiliklar bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda Islomovlarga qarashli «Muvad-video» va «Muvad-media plyus» MChJlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatida muayyan qonunbuzarliklar aniqlanishi ehtimolini tamoman inkor qilish insofdan emas. Bu kamchiliklarda jinoyat alomatlari bo‘lganda ham jazosi jarimadan nariga o‘tmasligining ehtimoli-da yuqori. Biroq tekshiruvchilar «maxsus topshiriq» bilan kelsa, ho‘lu quruq barobar yonar ekan: «ayblovlar shodasi»ni ko‘rib turibsiz. Hamma balo shundaki, ayblovlar qonun asosida emas, buyruq asosida tirkalsa, tergovchi oddiy soldatga, sud so‘qir muhrdorga aylanib qolishidan  ajablanmang va ularni ayblamang ham. Sho‘rpeshona Cho‘lpon bejiz nola qilmagan, axir: «Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni...»

8

«Muhit kuchli» bo‘lmasa, sudlanuvchilar o‘zlarining xususiy binosini ijaraga berib, olgan puli pora (?!) sifatida yopishtirilarmidi? Yoki shaxsiy korxonada «aniqlangan» kamomad «o‘zlashtirish» bo‘libdimi? Rost-da, o‘zining shaxsiy mablag‘ini o‘zi ishlatgan tadbirkor «o‘zganing ishonib topshirgan mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish»da ayblanishi qayda bor?! Yoxud Jinoyat kodeksining 189-(savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 184-(budjet va smeta-shtat intizomini buzish) va boshqa moddalari bilan javobgarlikka tortilib, oladiganini olganiga qaramay 243-moddaniyam («jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») «bosvorilishi»-chi?! Boshqasi haqida gapirmadik...

9

...Turgan gap: barcha ayblovlar suddan silliqqina o‘tdi, hukm apellyasiyada o‘z kuchida qoldi ham. Shu tariqa Islomovlar o‘n ikki yildan «olib ketishdi» (2013-yil, 14-may)! Shu tariqa uch oila bor-budi musodara (!) etildi. Na uy-joyi, na mashinalar, na shahar markazidagi ikki qavatli ofis binosi, na mebel sexi qoldi bu «qonuniy» g‘oratdan! Hali hukm chiqib ulgurmay Abdushukur Islomovning hovlisiga xaridorlar paydo bo‘lgani, qonuniy kuchga kirgani hamono yangi ta’mirdan chiqqan ofis binosidagi yigirmaga yaqin sovutgichlar yechib ketilib, bino ichidagi jihozlarga ham chang solinganiga ishonasizmi?! Qaroqchilikning o‘zginasi!..

Vaziyat shu darajaga yetdiki, kenja Islomovning Yusuf Hamadoniy ko‘chasidagi (Yakkasaroy tumani) hovlisi sud ijrochilari tomonidan 30 (o‘ttiz) ming pora evaziga  narxi arzonlantirilib, tanishlariga «sotildi»...

10

Aqlga sig‘maydi: «Muvad-video» egalari bu mol-mulklarni go‘yoki 2010—2012-yillarda jinoiy yo‘l bilan topgan daromadlari evaziga sotib olgan deyiladi, biroq o‘ttiz ming «shapka» evaziga sotilgan hovli 2008-yilda, ofis binosi 2006-yilda, dastlabki tergovdayoq band solingan  avtomashinalar 2009-yilda sotib olinganiga birov e’tibor bersa, qani?!

«Xo‘sh, unda bu mulklar qaysi pulga olingan», dersiz? Ana, hujjatlar tasdiqlab turibdi: A.Islomov 2006-yildan to tekshiruv  boshlangan vaqt — 2012-yilgacha «Muvad-video» ta’sischisi sifatida uch yarim milliard (!) so‘mdan ortiqroq dividend olgan ekan. Buncha mablag‘ shahar markazidan ikki qavatli ofis binosi, mebel sexi, qator-qator mashinalar sotib olishga yetmoq ne, hatto ortib ham qoladi. Yo shubhangiz bormi?

11

Bunaqa hukm shundog‘icha qolib ketishi mumkinmas, albatta.  Gap mahkumlarga shafqat qilishda emas, sudning mavqe nuqta nazaridan hukmning «lab-lunji» to‘g‘rilab qo‘yilmasa,  juda yumshoq aytganda, uyat-da. Qolaversa, bu ishlar erta-bir kun ko‘tarilmog‘i bor. Chunki, «bir!» deganda  ozmuncha o‘zgarishlar sodir bo‘lmayaptimi?! Ana, Islomovlarga nisbatan «ish ochilgan» paytda (2012-yil) «Opaning odamlari» yettinchi osmonda uchib yurishgandi. «Delo» hali suddan o‘tib-o‘tmay (2014-yil) «Malikamiz»ning qanoti qayrildi, uning panohidagilarni esa birin-ketin «tiqib» qo‘yish boshlandi. Bunaqasi yetti uxlab, tushingizga kirganmi o‘zi? Jazo muddatini o‘tayotgan A.Islomovni «Terra-Group» rahbarlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat yuzasidan so‘roqqa keltirilishi-chi?

— Ozodbek Nazarbekovning konsertidan bularga «dolya» berganmisan?..

— Berganman!..

— Qancha?

— A-ancha...

12

...Qisqasi, 2016-yilning o‘rtalariga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari hukmning aka-uka Islomovlarga tegishli qismiga protest kiritdi. Protest mazmuniki, oshib ketibdi, og‘ajonlar, ko‘pgina ayblovlar kurak tugul, tuvakda turmayapti, sudlanuvchilarga «bosib» jazo berishdan tashqari boridan musodara qilinishi xususida ham savollar bisyor,  alqissa, «ish» yana bir marta ezg‘ilabroq ko‘rilishi kerak, bunaqa hukm odil sudning oydek  go‘zal jamoliga soya tashlaydi, ohay?!

Protest sabab «ish» jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasida qayta ko‘rildi. Biroq shakl o‘zgardi-yu mohiyat o‘sha-o‘sha qoldi: mahkumlar zimmasidagi ayrim ayblovlar chiqarib tashlandi, ba’zilari qayta malakalandi, natijada o‘n ikki yillik jazo sakkiz yilga tushirildi, tamom.

«Neg-a?» deysizmi? Javob aniq: bu paytga kelib, «ish»ga «fatvo» berganlar katta sahnadan surib tashlangan bo‘lsa-da, uning ijrochilari mansabida o‘tirishgandi hali...

Yo‘qsa, Islomovlar zimmasidagi «pora olish» ayblovi (210-modda) «tijoratchini pora evaziga og‘dirib olish»ga (1929-modda) kvalifikatsiya qilinarmidi? Ya’niki, avval mahkumlar o‘zlarining xususiy binosini ijaraga berib, olgan puli «pora» (?!) deyilgan edi. Endi o‘sha binoni ijarachilarga berish (!) uchun ularga (kimligi noma’lum?!) «pora» (?) bergan «ahmoqlar»ga aylantirildi?! Birovning xayoliga kelmaydiki, yo‘qni yo‘ndirib yurgan bu tadbirkorlar xususiy  binosini kimgadir pora berib(?), ijaraga qo‘yguncha narxini tushirib qo‘yishga aqli yetmaydimi?! 2010—1012-yillar mobaynida  «jinoiy faoliyatdan olgan daromadlari» (243-modda) evaziga...  2008-yilda hovli, 2006-yilda ofis binosi (yana deng,birja savdosida!), 2009-yilda bir nechta avtomashina olganligi ayblovi-ku o‘zgarmay qolgan... U yog‘ini so‘rasangiz: mahkumlarni «ichkarida» ushlab turgan asosiy ayblovlar ham shu: 1929-modda bilan to‘rt, 243-moddaga asosan yetti yil  jazo tayinlangan... Asosiy ayblovlarning ahvoli shu, qolganini tasavvur qilavering! 

Kulyapsizmi yo kuyyapsizmi? Bunisi o‘zingizga tan!

13

Gapirsang — mutaassiblikda gumon qilinishing mumkin, gapirmasang — har qadamda o‘zini eslatib turaveradi: dunyoning ilohiy qonuniyatlari ham bor! «Qaytar dunyo» degan gap, ko‘p aytilavergani bois siyqasi chiqishi mumkindir, illo quvvatini yo‘qotmaydi! Aka-uka Islomovlar 2016-yilning kuzagiga borib, birin-ketin ozodlikka chiqishi, ko‘p o‘tmay ularning boshiga shafqatsiz balolar yog‘dirgan «fatvo»chilar orqasidan ijrochilar ham birma-bir hibs etilishi zamirida o‘sha o‘lmas qonuniyatlar yotmaydimi? Ne-ne generallar ishdan olindi, biri umrbod qamoq jazosiga mustahiq etildi hatto, o‘zi «zam» bo‘lishiga qaramay uncha-muncha «birinchilar»dan dasti uzu-un prokuratura amaldorining oilasi bilan «olib kirib» qo‘yilishi kuni kecha ertakning o‘zginasi emasmidi?

 14

...Islomovlar qamoqdan chiqqaniga ikki yildan oshdi. Kenjasi — Abdushukur ellikka kirgan bo‘lsa, to‘ng‘ichi olmishni qoralab qoldi. Bu yoshda  boridan ayrilib, ijarama-ijara yashab, kamiga barchasini boshqatdan boshlash har kimgayam emas. Kenja Islomov ilgari uddaburo tadbirkor bo‘lsa, bugun malakali huquqshunos, qalami ancha qayralgan «yozuvchi»ga aylanib ulguribdi: qonunlarni titib, yozaversa-yozaversa, odamzodning yangi va yangi qirralari ochilib boraverar ekan-da.

Biroq natija bo‘lsa, qani?!

Ne-ne  vakolatli idora rahbarlarining qabulidan umidvor bo‘lib chiqmadi. Oy o‘tmay kelgan javob xatlarida qabuldagi gaplarning teskarisi yozilgan bo‘ladi, deng?! Vaholanki, shikoyatlarda muruvvat emas, jilla qursa, bor-yo‘g‘i ikki yil avval, Oliy sud o‘z ajrimi orqali hukmda ko‘rsatilgan kamchiliklar quyi sudlarda sifatli ado etilishi so‘ralmoqda, xolos: «Bir necha yil «o‘tirdim», ko‘rmagan azob-qiynoqlar qolmadi, umrim yelga uchdi... jilla qursa, mulkimni qaytaringlar, ularni jinoyat emas, mehnat qilib topganman, axir?!». Eng yuqori sud o‘zi ko‘rsatib bergan kamchiliklar quyi sudda qo‘l uchida bajarilganini ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olayotgani ajablanarlimi?. Qaydam. Bu borada gap-so‘zlar yetarli. Biroq ularni na aytmoqqa til boradi, na yozmoqqa qo‘l... 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring