Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqanddagi suv ombori bilan bog‘liq yolg‘on xabar tarqatganlar jazolandi

Samarqanddagi suv ombori bilan bog‘liq yolg‘on xabar tarqatganlar jazolandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi Oqdaryo suv ombori devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgani haqida xabar tarqalgan edi.

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyevning bildirishicha, mazkur suv ombori 130 mln kub metrgacha suv yig‘ish imkoniga ega bo‘lib, bugungi kunda 105 mln kub metr suv to‘plangan. Oqdaryo suv omboriga yana 15-20 mln kub metr suv yig‘ish mumkin. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida esa hozirda suv omboriga suv kirish va chiqish miqdori bir xil (tranzit) holatga keltirilgan.

«Ishonch bilan aytamizki, hozirgi paytda barcha suv omborlarida xavfsizlik choralari ko‘rilgan, navbatchilik kuchaytirilgan, zarur moddiy-texnik materiallar zaxiralari yaratilgan. Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q», – deydi vazirlik rasmiysi.

O‘z navbatida, jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudida joriy yil 13-yanvar kuni mazkur holatga huquqiy baho berilgan.

Suv omborida olib borilgan joriy ta’mirlash ishlari davomida ombor janubiy-g‘arbiy qismida yoriqlar paydo bo‘lgani haqida noto‘g‘ri ma’lumotni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan J.H. va M.P.ning harakatlari ko‘rib chiqilgan. Ular mazkur noto‘g‘ri ma’lumotni 10-yanvar kuni tarqatib, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatganlikda aybdor deb topilgan.

Sudda aybdorlarning harakatlari dalillar, tushuntirish xatlari va sud materiallari orqali tasdiqlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, J.H. va M.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, ya’ni 7 million 500 ming so‘m jarima jazosi belgilangan.

Ma’lumot uchun, respublika bo‘yicha 74 ta suv omborlari bo‘lib, ularning suv yig‘ish loyihaviy hajmi 18 mlrd kub metrni tashkil etadi. O‘zbekistonning yillik suv iste’moli 50-52 mlrd kub metr atrofida ekanligini hisobga olinganida, shuning 20-25 foizini suv omborlarida yig‘ish imkoni mavjud.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring