O‘zbekistonda mukofot jamg‘armasi 2 mln dollar bo‘lgan xalqaro moda haftaligi o‘tkaziladi
Joriy yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba may oyining uchinchi haftasida mukofot jamg‘armasi 2 million AQSh dollari bo‘lgan Xalqaro «O‘zbekiston ipak matolari» moda haftaligi («Silk Uzbekistan Fashion Week») o‘tkaziladi.
Bu haqda Prezidentning Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirishga doir PF-9-son farmonida belgilab qo‘yildi.
Farmon bilan 2024-yildan turizm namoyishi ob’yektlarini o‘zaro bog‘lovchi «turizm halqalari»ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi «O‘zbekistonda yana bir kun sayohat» dasturi amalga oshiriladi.
Respublikadagi turizm namoyishi ob’yektlarini o‘zaro bog‘lovchi Turistik yo‘nalishlar (marshrutlar)ning yagona reyestri yuritiladi.
Shuningdek, milliy zargarlik mahsulotlari do‘konlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi.
«To‘rt faslning har birida sayohat» turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari quyidagilar barpo qilinadi:
- turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat bo‘lgan turizm markazlari;
- «Zomin» turistik-rekreatsion zonasi, «Chimyon» xalqaro umummavsumiy kurorti va «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurort zonasi hududida boj olinmaydigan «duty free») va yirik xalqaro brendlarning savdo do‘konlaridan iborat bo‘lgan yirik savdo komplekslari («Luxury tourism village»).
2024 yildan xorijiy mamlakatlarda respublikaning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Turizm vakillari biriktiriladi.
2024 yil 1 oktyabrgacha turizm markazlarining master rejalari ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter