Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston elchixonasi Rossiyadagi muhojirlarni ogohlikka chaqirmoqda

O‘zbekiston elchixonasi Rossiyadagi muhojirlarni ogohlikka chaqirmoqda

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi joriy yilning 5-fevralidan boshlab Rossiya hududida mamlakat IIV tomonidan yuritiladigan «nazorat qilinadigan shaxslar reyestri» yuritila boshlaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu reyestrga migratsiya qonunchiligi sohasida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan chet el fuqarolari kiritilgan. Mazkur me’yoriy hujjatga muvofiq, reyestrga kiritilgan chet el fuqarolari Rossiyadan chiqib ketishlari yoki 2025-yil 1-yanvardan 30-aprelgacha bo‘lgan davrda o‘zlarining huquqiy maqomlarini hal qilish uchun o‘zlari istiqomat qilib turgan joydagi Rossiya ichki ishlar vazirligining hududiy organiga yoki «PVS» (pasportno-vizoviy servis) federal davlat unitar korxonasining filialiga murojaat qilishlari shart.

«Shuningdek, Moskva shahrida joylashgan chet elliklar uchun «Saxarovo» ko‘p funksiyali migratsiya markaziga murojaat qilishlari talab etiladi.

Rossiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, «Amnistiya» davrida ushbu Farmonga binoan, chet el fuqarolariga nisbatan Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish, maxsus saqlash muassasalarga joylashtirish va keyinchalik Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishni cheklash bilan bog‘liq choralar qo‘llanilmasligi ta’kidlanmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.

Elchixonaning qo‘shimcha qilishicha, nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • Ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • Nikoh tuzish;
  • Yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
  • Bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini bajarish;
  • Transport vositalarini boshqarish.

Shuningdek, Rossiya hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni ta’lim muassasalari (maktablar va bolalar bog‘chalari) ga qabul qilish ham mumkin bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan elchixona Rossiya hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida, ularni huquqiy holatini zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.

Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar o‘zlarining huquqiy maqomini Rossiya IIVning rasmiy veb-saytida tekshirishlari mumkin. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring