Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘tgan yili onlayn kreditga doir firibgarliklar ortidan qariyb 15 mlrd so‘m zarar ko‘rilgan

O‘tgan yili onlayn kreditga doir firibgarliklar ortidan qariyb 15 mlrd so‘m zarar ko‘rilgan

2024-yilda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. 

Ombudsman axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2024-yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga fuqarolardan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ushbu murojaatlarning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bog‘liq.

«Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. 2023 yilda shunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 42 foizga oshgan», – deyiladi Ombudsman xabarida.

Qayd etilishicha, murojaatlarning 60 foizida o‘zini rasmiy idoralar xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.

Ushbu yo‘nalishda Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaati himoya qilinib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta da’vo arizalari kiritilgan va banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topilgan. 1 nafar fuqaro nomiga olingan kredit mablag‘lari uning foydasiga qaytarilib, ma’naviy zarar undirilishiga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur sohadagi muammolar bilan bog‘liq murojaatlarning o‘sishini asosan aholining ehtiyotsizligi, axborot xavfsizligi va iqtisodiy bilimlarining yetarli emasligi sabab bo‘lmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilgan edi.

Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.

Ushbu talabning o‘rnatilishi kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.

Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring