Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nodavlat OTMlarga «o‘lpon», o‘qituvchilarga «soliq» — Respublika Oliy ta’lim kengashining maxfiy bayonnomasi keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi

Nodavlat OTMlarga «o‘lpon», o‘qituvchilarga «soliq» — Respublika Oliy ta’lim kengashining maxfiy bayonnomasi keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika Oliy ta’lim kengashining 29 noyabr kuni tasdiqlangan, hech qayerda rasman e’lon qilinmagan maxfiy bayonnomasi orqali nodavlat OTMlarga 4 foizlik «o‘lpon» joriy qilingani keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bayonnomada yozilishicha, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan moliya yili yakunida to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘ning mazkur mablag‘lar bo‘yicha moliya yili oxiriga qoldig‘ining 4 foiz qismini Respublika oliy ta’lim kengashiga yo‘naltirish amaliyotini joriy qilish taklifi qo‘llab-quvvatlangan.

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning qayd etishicha, nodavlat oliy o‘quv yurtlari rahbarlaridan ushbu «ajoyib» hujjat bilan tanishish so‘ralgan, e’tiborlisi, hujjat ularning qo‘liga berilmagan.

— Hujjatga muvofiq, oliy o‘quv yurtlari 25 dekabrga qadar “ixtiyoriy-majburiy” tartibda shartnoma imzolashi va 25 yanvarga qadar ta’lim muassasasi tomonidan tuzilgan o‘quv shartnomalari qiymatining kamida 4 foizini o‘tkazishi shart.

Ya’ni, O‘zbekistonda yangi soliqlarni nafaqat Oliy Majlis, balki qayerdan kelgani va nima bilan shug‘ullanishi unchalik tushunarsiz bo‘lgan har qanday davlat idorasi ham ancha oson – yig‘ilish bayonnomasi bandlari bo‘yicha kiritishi mumkin ekan. Bu mamlakat — hech qanday cheklovlarni his qilmaydigan qudratli amaldorlar uchun go‘yoki “mo‘jizalar maydoni”, “sehrli chiroq”, bitmas-tuganmas “ochil dasturxon”, — deb yozadi Yuliy Yusupov.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevga ko‘ra, bu bayonnoma hech qaysi OTMga hech qanday majburiyat yuklamaydi.

Bu bayonnomani pesh qilib, pul o‘tkazishni talab qilish, agar o‘tkazmasa, turli oqibatlar keltirib chiqarishi (masalan, litsenziyasini olib qo‘yishga ishoralar va h.k.) mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bunday qilishga hech kimning haqqi yo‘q (qog‘ozlarda har holda).

«Bu taklifni qaysidir nodavlat oliygoh rahbarlari bergan emish. Ya’ni "bizning pulimiz ko‘payib ketdi, shunga 4 foizini sizlarga beraylik" deyishibdi. Bayonnomada aynan qaysi nodavlat OTM rektorlari bunaqa taklifni bergani haqida ma’lumot aytilmagan. Agar ular rostdan bor bo‘lsa, unda e’lon qilishsa, yaxshi bo‘lar ekan», deya munosabat bildirdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Qo‘shimcha qilinishicha, garchi bayonnoma matnida majburiylik haqida gap ketmagan bo‘lsa-da, ammo bunday mazmunda qaror chiqarilishining o‘zi g‘alati. Bunday qarorlar kamida Biznes Ombudsman hamda Adliya vazirligidan ekspertizadan o‘tishi kerak.

Respublika Oliy ta’lim kengashining bayonnomasida oliy ta’limdagi o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqini ushlab qolish haqida ham band bor.

Unda aytilishicha, 2025 yil yurtimizda «Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili» deb e’lon qilingani munosabati bilan ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga oliy ta’lim tizimidagi rahbar hamda professor-o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqini «Yashil makon» umummilliy loyihasiga yo‘naltirish tashabbusi ma’qullangan.

«Bu tashabbusni kim bergan deysizmi? Albatta, yana o‘sha oliygoh rektorlari bergan emish. Qaysi rektorlar bu tashabbusni bildirgani ma’lum emas. Lekin agar shunaqa rektorlar rostdan bor bo‘lsa, unda nomard ekan. Agar o‘sha rektorlarni ko‘rib qolsam "Xohlasangiz o‘zingizning ish haqingizni 100 foizini o‘tkazib beravering, bu sizning ishingiz, lekin o‘qituvchilarning oyligiga ko‘z olaytirmang va birovning puliga xo‘jayinchilik qilmang" degan bo‘lardim», deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Uning eslatishicha, agar xodim o‘zi rozi bo‘lmasa, ko‘chat ekish yoki obodonlashtirish uchun ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring